Millatni yuksak maqsadlarga undagan maʼrifatparvar

17:09 14 Yanvar 2025 Jamiyat
170 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. XX asr boshlarida oʻzbek dramaturgiyasini boshlab bergan birinchi dramaturg, noshir, jurnalist Mahmudxoʻja Behbudiy qoldirgan boy maʼnaviy meros bugungi kun yoshlari uchun milliy maʼnaviyatni chuqur anglashda, tarixni sevishda, vatan ozodligini asrab-avaylashda muhim ahamiyat kasb etadi.

— Davlatimiz rahbari “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori orqali bugungi davr uchun Behbudiy gʻoyalari, bu allomaga oʻxshash fidoyi ziyolilar nechogʻlik zarurligiga ishora qilmoqda, — deydi “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati bosh muharriri, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Farmon Toshev. — Negaki, millat maʼrifatiga sarmoya kiritish, uni qoʻllab-quvvatlash zamonamizning eng savobli ishlaridan biridir. Prezidentimiz qarori bilan Samarqand shahridagi Mahmudxoʻja Behbudiy uy-muzeyi hududi obodonlashtirilmoqda.

Mutafakkir adibning “Tanlangan asarlar” toʻplami, uning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan ilmiy-ommabop kitoblar nashrga tayyorlanib, chop etiladi. Mahmudxoʻja Behbudiy haqida spektakllar sahnalashtirish hamda bugungi kunga qadar yaratilgan “Mahmudxoʻja Behbudiy” kinoseriali va “Xalq yuragi” badiiy-publitsistik filmlarining ommaviy namoyishlari oʻtkaziladi. Eng muhimi, barcha taʼlim muassasalari, kutubxonalar, mehnat jamoalari, mahallalar va harbiy qismlarda taniqli olimlar va adiblar ishtirokida Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan ijodiy uchrashuvlar, adabiyot va kitobxonlik kechalari tashkil qilinadi.

Biroq, maʼlum bir tarixiy bosqichda maʼrifatparvarning nomi unutildi. Faqat mustaqillik yillarida M. Behbudiy xotirasini abadiylashtirish, uning ilmiy va badiiy asarlarini har tomonlama oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ana shunday qadamlardan biri 2021-yilda Samarqanddagi eski qasrda M. Behbudiy uy muzeyining ochilishi boʻldi. Bugungi kunda u fuqarolar va sayyohlar tashrif buyuradigan joylardan biri boʻlib, muzeyda XX asr boshidagi haqiqiy muhit qayta tiklangan. Mahmudxoʻja Behbudiy bu yerda toʻqqiz yil yashab ijod qilgan.

Mahmudxoʻja Behbudiy uy-muzeyi bugun mahalliy va xorijiy sayyohlar, yosh izlanuvchilar va ilm ahli katta qiziqish bilan tashrif buyuradigan maskanga aylangan. Ahamiyatlisi, muzey fondida saqlanayotgan bosmaxona uskunasi, gazeta va jurnallarning asl nusxalari, Behbudiy yashagan davrga tegishli boʻlgan bejirim mebel va jihozlar, jadidchilik maktablarida foydalanilgan darsliklar koʻpchilikning qiziqishini orttirmoqda.

— Davlatimiz rahbarining Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi qarorini Samarqand davlat muzey qoʻriqxonasi jamoasi, tarixchi olimlarimiz va keng jamoatchilik vakillari xursandchilik bilan qarshi oldi, — deydi Mahmudxoʻja Behbudiy uy muzeyi direktori Gulmuhammad Ahmedov. — Behbudiy Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi hisoblanadi. U dramaturgiya sohasida ham salmoqli ishlar qilgan. Muzey ekspozitsiyalaridan XX-asr boshlarida nashr qilingan “Oyna” jurnali va “Samarqand” gazetasining bir necha sonlari va alloma tashkil qilgan maktablarda foydalanilgan darsliklar oʻrin olgan. Muzeyning noshirlik xonasi interyerida asosiy eʼtibor Behbudiyning noshirlik faoliyatini yoritishga qaratilgan.

Uy-muzeyida saqlanayotgan Germaniyada ishlab chiqarilgan bosmaxona uskunasi tarixiy jarayonlar va bevosita Turkistondagi jadidchilik siyosiy qarashlarini aks ettiruvchi ashyolar varaqalar, Behbudiy va boshqa maʼrifatparvarlarning oʻz qarashlari bayon etilgan asarlarni chop etish uchun ishlatilgan. Aynan, shu binoda 1914-yilda M. Behbudiyning shu nomdagi asari asosida teatrlashtirilgan “Padarkush” spektaklining namoyishi boʻlib oʻtgan.

Bugun yurtimizda Vatanimizning milliy istiqloli, xalqimiz ozodligi uchun kurashib, shu yoʻlda jonini fido etgan ota-bobolarimiz hayoti va faoliyati atroflicha oʻrganilmoqda. Ularning nomlari va xotirasini abadiylashtirish uchun ulkan ishlar olib borilmoqda. Behbudiy timsolida ham buni yaqqol koʻrish mumkin. Zero ulugʻ mutafakkirlarimiz asarlarida ilgari surilgan millat va uning maʼnaviyati, vatanparvarlik tuygʻulari yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol boʻlib ulgʻayishida maʼrifat mayogʻi boʻlishiga ishonamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер