Men boshqa toqqa chiqmayman, toki...

10:21 06 Yanvar 2020 Jamiyat
1731 0

“Tesla“ kompaniyasi asoschilaridan biri Ilon Mask yonidan million million dollarlarni ishlatib, daraxt ekishga sarflasa, bizda buning aksi boʻlyapti. Biz daraxt ekish u yoqda tursin borini asrashdan yiroqdamiz. Hamda tabiatni ifloslantirish bilan ovoramiz: chanqogʻimizni qondiramiz va baklajkani xohlagan joyga tashlaymiz, yeganimizni yeymiz va qogʻoz, selofanni yerga otamiz, kamiga avtomobilimizdan boshimizni choʻzib, yerga nos tupuramiz, chalasiga baklajkada ogʻzimizni chayib, chorrahada hammaga tomosha boʻlamiz. Xullas, biz uchun dunyo charxpalagi teskari aylanayotganga oʻxshaydi.

Shu kunlarda doʻstlarim bilan toqqa sayrga chiqdik. Bu safardan bir xulosam, u yerga borganimdan bormaganim afzal edi. Afsus...

Azbaroyi odam koʻpligidan Amirsoyga kira olmadik. Chimyondan oʻtdik, Burchmullani koʻrdik. Odamlar chumolilardek goʻyo. Yoningizdan katta tezlikda loy aralash qor otib benzin tutuniga sizni qoplab kvadratsikllar oʻtib ketadi, chalasiga otlarning taqalari ostida qolib ketayotgandek his qilasiz oʻzingizni.

Har kim oʻz oilasi, doʻstlari, yaqinlari bilan dam olishga haqli. Ammo togʻning eng choʻqqisida, kanat kutish joyida ham odamlar qahva ichib, yonida axlat qutisi boʻlishiga qaramasdan qogʻoz idishni pastga qarab uloqtiryapti, sotilayotgan pistadan olib, chaqib, poʻchogʻini yerga tashlayapti. Hamma navbatda turgan joyda ikki yoki uchta odam tamaki chekib burningizning tagida tutatadi. Togʻ oppoq qorga burkangani uchun axlat yigʻindisi hozir sezilmayotgandir. Ammo ertaga bahor kelganda tabiat qay ahvolda boʻlishini bir oʻylab koʻring-a?! Qaysi davlat fuqarolari oʻz Vataniga shunday yomon narsalarni ravo koʻradi, qaysi millat vakillari oʻzi yashayotgan hududga shundan holatni ravo koʻrar ekan?! Borganimga afsuslandim...

Yapon xalqida Vatanni sevish tabiatni sevishdan boshlanadi deyiladi. Hattoki yaponlar darslarda yarim soat vaqtini tabiatni asrashga sarflaydi. Toqqa chiqqanimdan keyin men ham bir narsani oʻyladim: biz oʻsib kelayotgan avlodga maktab davridan boshlab darslarda ekologik madaniyatni, soʻzlashish madaniyatini oʻrgatishimiz kerakmikan?! Nafaqat, maktabda balki ota-onalar ham bu jarayonda faol boʻlishi kerak, menimcha. Soʻzlashish madaniyati deganimga sabab, kanatning qaytishini kutayotganimizda odamlar bir-biri bilan soʻkishib, bir-birini haqorat qilib, izzat nafsiga tegib gapirayotganining guvohi boʻldik. Tushunaman, odamlar adrenalin, oshna-ogʻaynilari davrasida yaxshi kayfiyatda dam olishga toqqa chiqqan. Lekin bu boshqalarning kayfiyatiga salbiy taʼsir qilish, spirtli ichimliklar ichib ogʻziga kelganini gapirish mumkin degani emas. Toqqa chiqish degani, odam oʻz qoliplaridan yechildi degani ham emas. Eshitgan edim, tabiat bagʻrida, hojatxonada odam asl oʻz basharasini koʻrsatar ekan. Bundan tashqari, spirtli ichimlik ichdi degani, soʻkish mumkin degani ham emas. Ayollarning, yosh bolalarning va begonalarning oldida bu holatni qanday atashga hayronsan kishi.

Togʻli joylarda aholiga xizmat koʻrsatish sifati nolga teng. Kabob, baliq, fast-fud va boshqa turli taomlarni pishirib odamlarga oʻzi bilganicha, tozalik va sanitariya qoidalariga zid holatda xizmat koʻrsatyapti. Tirikchilik deb oqlashga harakat qilishimiz mumkin. Ammo, xizmat sifatichi?

Koʻmirdan chiqayotgan tutun, mashinalardan tarqalayotgan gaz isidan havo ifloslanib ketgan. Shahardan kelgan odamlar togʻli hududlarga kelishidan maqsad, shahardan dam olishdir, yogʻib turgan qorni tomosha qilib, togʻning toza havosidan bahramand boʻlishdir. Bundan tashqari bunday havoda bir finjon qahva ichishni, oʻtirib choy ichishni orzu qiladi yoki chiroyli va toza likopchadan ovqat tanovul qilgisi keladi... Lekin u joylarda bunga imkon bormi?! Yoʻq! Chunki sharoit yaratilmagan.

Mittigina Gruziya, yoki Armaniston xalqi turizm orqali boyib turgan bir paytda bizning tadbirkorlar shunday chiroyli manzarali joylarni rivojlantirishga, sharoit yaratishga harakat qilib oʻz biznesini sinab koʻrsa boʻlmaydimi, yoki bunga qandaydir toʻsiqlar bormi?! Toshkentdan chiqib borgunga qadar birorta sifatli qahvaxonaga koʻzingiz tushmaydi, qahva ixlosmandlari uchun kofeynyalar mavjud emas.

Xoʻp, mayli biz oʻz yurtimizda oʻz nonimizni topib yermiz, tushunamiz. Ammo Burchmulla, Chimyonga kelayotgan turistlarchi?! Ular bilganicha ishlayotgan ovqatlanish maskaniga kirganida yoki hojatxonalarni koʻrganida, oʻzini madaniyatsizlarcha tutgan odamlarga qaraganda Oʻzbekiston haqida qanday tasavvurga ega boʻlishi mumkin?

Xullas, qayerda toʻgʻri kelsa kabob qilish, atrof muhitni ivirsitishni toʻxtatishimiz, toza, koʻngilni yayratadigan, xushhavo joyga aylantirishimiz va sayyohlar uchun yaxshi sharoit yaratishimiz kerak.

Xullas, dam olgani chiqqan kamina bunday holatni koʻrib togʻ havosi ham tatimasdan kayfiyatim buzilganicha Toshkentga qaytdim. Mahallamizga kiraverishda anchadan beri uyilib qolgan axlatlar, bayramdan chiqqan chiqindilar koʻchada uyilib qolgan ekan. Oʻgʻlimni va ikki qoʻshnimni yonimga olib, koʻchani boshidan oxirigacha axlatlarni yigʻib chiqdik. Shu bilan oʻzimga taskin bergandek boʻldim. Goʻyoki, togʻdagi bari axlatlarni yigʻib chiqqandek.

Bizda ona tabiatni asrash, ekoturizmni rivojlantirish va “plogging”ni joriy etish mana shundan boshlanadi. Koʻchada nos tupurish, axlat tashlash, pista poʻchogʻini otish yoʻq boʻlmas ekan, hayotimiz ham oʻzgarmaydi.

Men boshqa toqqa chiqmayman, toki...

Sherzod Qudratxoʻjayev

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?