Matematika va sport: taʼlimda fin tajribasi qay darajada samarali?

20:27 21 Noyabr 2022 Jamiyat
585 0

Foto: Xalq so‘zi

Anʼanaviy usuldan chekingan holda matematika darsini sport bilan bogʻlab oʻtkazish oʻquvchiga qanchalik darajada foydali va qiziqarli boʻlishi mumkin?

Ushbu savol Navoiy shahridagi 7-son umumiy oʻrta taʼlim maktabida tashkil etilgan “Taʼlimdagi oʻqitish metodikasi boʻyicha Finlyandiya tajribasi” oʻquv–amaliy seminariga kelgan navoiylik oʻqituvchilarga avvalroq berilsa, aksariyatining kamida ensasi qotardi.

Aslida esa Finlyandiya taʼlim tajribasida fanlarni hayotiy jarayonlar, inson uchun qiziqarli va foydali mashgʻulotlar bilan bogʻlab oʻquvchiga tushuntirish oddiy qoida oʻrgatishdan koʻra bir necha baravar samarali natija berishi amalda isbotlangan.

— Maqsad taʼlim taʼlim samaradorligiga erishish ekan, oʻquvchida unga qiziqish uygʻotmasdan natijaga erishish mushkul, — deydi Navoiy viloyati hokimining taʼlim masalalari boʻyicha maslahatchisi, finlyandiyalik professor Xanne Koli. — Qiziqish esa oʻz navbatida oʻquvchining faolligini oshiradi.

Oʻquv-seminarda Xanne Koli xonim darslarni oʻtishda oʻquvchi har doim faol boʻlishini taʼminlovchi yana bir qator uslublarni taqdim etdi. Shuningdek, qirq besh minutlik dars mobaynida vaqtni toʻgʻri taqsimlash boʻyicha tavsiyalar berdi.

— Seminarda oʻquvchining nimani bilishga qiziqishini aniqlash, shu asosda unga mavzuni yetkazish, singdirish uslublari tushuntirildi, — deydi seminar ishtirokchisi, pedagog Mayram Rasulova. — Bu borada ishtirokchi hamkasblarimizning ham kreativ ishlanmalari taqdim etilib, keng muhokama oʻtkazildi. Ularni fin taʼlim tajribasi asosida takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi. Finlyandiyada taʼlimdagi oʻqitish metodikasi startdan finishgacha tamoyiliga asoslangan boʻlib, ularda “qoloq oʻquvchi” degan qarashning oʻzi yoʻq. Mavzuni tushunib olmaguncha oʻquvchi bilan shugʻullanishadi, bunda muayyan vaqt belgilanmaydi. Shuningdek, oʻqitish totalitar uslubda emas, balki 50x50, yaʼni interfaol uslubda amalga oshiriladi. Eng muhimi, oʻquv-metodik qoʻllanmalari har yili yangilanib, darsliklarni tayyorlashda oʻqituvchilar bevosita ishtirok etar ekan.

Seminar-trening oʻqituvchilarning yangi uslublar haqida tushunchaga ega boʻlishi bilan birga oʻzaro tajriba almashishida ayni muddao boʻldi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?