Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkalari tuzildi

15:24 05 Iyun 2023 Siyosat
319 0

Kecha Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasining (MSK) Prezident saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Majlisni MSK raisi Zayniddin Nizamxodjayev olib bordi.

Yigʻilish kun tartibiga muvofiq, Oʻzbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzuridagi saylov uchastkalarini tuzish hamda siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhlarini tuzishga oid masalalar koʻrib chiqildi.

Saylov kodeksi va MSK qarori bilan Oʻzbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasi tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi hamda mazkur saylov uchastkalari 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirildi.

Majlisda shuningdek, siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhlari tuzildi hamda tegishli qaror qabul qilindi.

Ekspert guruhi tarkibiga jami 36 nafar kriminalist, xatshunos ekspert-mutaxassislari, shuningdek, oliy taʼlim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, mahalla fuqarolar yigʻinlarining vakillari jalb etildi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ham ishtirok etadilar.

Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligi MSK tomonidan toʻrt kunlik muddatda tekshiriladi.

Eslatib oʻtamiz: siyosiy partiyalar markaziy organlari majlislarida 9-iyul kuni boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Prezidenti lavozimiga muddatidan ilgari saylovda ishtirok etish uchun nomzodlar koʻrsatildi. Unga koʻra, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasidan mamlakatning amaldagi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan — Oliy Sud raisining birinchi oʻrinbosari Robaxon Mahmudova, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasidan — partiya yetakchisi Ulugʻbek Inoyatov, Oʻzbekiston ekologik partiyasidan — Markaziy kengash Ijroiya qoʻmitasi raisi Abdushukur Hamzayev nomzodlari ilgari surildi. “Milliy tiklanish” partiyasi OʻzLiDeP bilan birgalikda Oʻzbekiston Prezidenti lavozimiga Shavkat Mirziyoyev nomzodini qoʻllab-quvvatlashga qaror qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер