Markaziy saylov komissiyasi hamda “Xalq soʻzi” oʻrtasida ikki tomonlama memorandum imzolandi
Bugun Markaziy saylov komissiyasi hamda “Xalq soʻzi” — “Narodnoye slovo”, “Yangi Oʻzbekiston” — “Pravda Vostoka”, “Hurriyat” gazetalari, “Human.uz”, “Qalampir.uz”, “Bugun.uz”, “Nova24.uz” internet nashrlari, “Bright Uzbekistan” axborot portali oʻrtasida ikki tomonlama memorandumlar imzolandi.
Taʼkidlanganidek, ushbu kelishuv joriy yil oktyabr oyida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq barcha jarayonlarni, shuningdek, tayyorgarlik ishlarining borishini keng, shaffof va tezkor yoritishda Markaziy saylov komissiyasi va ommaviy axborot vositalari, internet nashrlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
— Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yil 14-aprel kuni qabul qilingan va ijrosi izchillik bilan taʼminlanayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturida saylov jarayonlarining barcha bosqichini ommaviy axborot vositalarida tizimli yoritib borishga doir muhim vazifalar belgilangan, — deydi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z. Nizomxoʻjayev. — Shundan kelib chiqib, memorandumlarda Saylov kodeksi va saylov jarayonini tartibga soladigan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning qoidalarini saylovchilar oʻrtasida keng tushuntirish boʻyicha ishlarni samarali tashkil qilish, shuningdek saylov jarayonining ochiqligi, oshkoraligi va transparentligini taʼminlash, saylovchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, siyosiy partiyalar va nomzodlarning saylovoldi dasturlari haqida jamoatchilikni tezkorlik bilan xabardor qilishda oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash nazarda tutilgan.
Imzolangan memorandumlarni amalga oshirish doirasida barcha darajadagi saylov komissiyalarining faoliyatini izchil yoritib borish, siyosiy partiyalar va nomzodlar uchun ularning saylovoldi dasturlari qoidalari, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy rivojlanishining muhim masalalariga oid mustaqil nuqtayi nazarlarini saylovchilarga, jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalarida teng hajmda efir vaqti hamda nashr maydoni ajratish yoʻli bilan keng va teng imkoniyatlar yaratishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Mazkur hujjatlar saylovchilar va saylov tashkilotchilarining milliy saylov institutlariga ishonchini mustahkamlash hamda ularda Vatan hamda xalq taqdiriga daxldorlik tugʻusini mustahkamlashga qaratilgan koʻlamli ishlarni qamrab olgani bilan ham ahamiyatlidir.
Eslatib oʻtamiz, joriy yil 14-iyul kuni Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “ZoʻrTV” teleradikompaniyasi, “Uzreport” hamda “Dunyo” axborot agentliklari oʻrtasida Prezident saylovlarini yoritish boʻyicha ikki tomonlama memorandumlar imzolangan edi.
Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq, 814 nafar OAV vakillari akkreditatsiyadan oʻtkazilgan boʻlib, ularning 766 nafari mahalliy va 48 nafari xorijiy OAV vakillari hisoblanadi.
Rahim ShERQULOV
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring