Maqsadimiz, yoʻlimiz, manzilimiz bir

11:04 05 Iyul 2022 Jamiyat
832 0

Tinchlik shunday bir neʼmatki, u bor joyda rivojlanish, taraqqiyot boʻladi. Yegan osh-noning totli, oʻtayotgan vaqting zavqli boʻladi. U bor ekan halovat bor.

Ammo tinchlikka rahna soluvchi, jamiyatni izdan chiqarishga urinuvchi kuchlar doim boʻlib kelgan. Ayni kunlarda Qoraqalpogʻistonda sodir boʻlgan voqealar bunga bir misol.

Yurtimizda kechayotgan siyosiy jarayondan foydalanib, baʼzi bir gʻalamis niyatli kuchlar notoʻgʻri, yolgʻon axborotlar bilan tinch aholidan foydalanishga harakat qilganining guvohi boʻldik. 

Qoraqalpoq eli zaminimizning ajralmas bir boʻlagi. Uning dardu-tashvishlari bizning dardimiz, orzularimiz esa mushtarak. Buni davlatimiz rahbari ham koʻp bor taʼkidlaganlar.

Prezidentimiz Nukus shahrida Joʻqorgʻi Kenges deputatlari, Qoraqalpogʻiston faxriylari va faollari bilan uchrashuvda Konstitutsiyaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpogʻiston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni oʻrgangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda oʻzgarishsiz qoldirish zarurligini aytdi. Fuqarolarimizning xohish-irodasi, taklif va fikrlaridan kelib chiqqan holda, ushbu loyiha oʻzgarishini va takomiliga yetkazilishini taʼkidladi.

Darhaqiqat, Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgarishlar xalq bilan bamaslahat holda amalga oshirilmoqda. Aholi xabardorligini oshirish va ularning taklif-fikrlarini oʻrganish maqsadida joylarda uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari yordamida takliflar olinmoqda. Har bir fuqaroning ushbu islohotlarga daxldorligini va xabardorligini oshirish maqsadida hatto uyali aloqa vositalari orqali bir necha marotaba xabarlar yuborildi. Nazarimda, bu xalq fikrini bilishning zamonaviy va samarali usullaridan biri.Biz deputatlar ham hududlarda boʻlib, Konstitutsiyaga kiritilishi kutilayotgan oʻzgarishlar loyihasini saylovchilarimiz bilan keng muhokama qilmoqdamiz, ularning fikrlarini chuqur oʻrganyapmiz.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi eʼlon qilingan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan oʻtkaziladi. Shundan soʻng, fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar asosida Qonunchilik palatasi tomonidan takomiliga yetkaziladi. Keyin esa mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga qoʻyilib, fuqarolarimiz erkin ovoz berish orqali oʻzlarining bu masala boʻyicha xohish-irodasini ifoda etadi. Shundan keyingina Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar qonuniy tusga kiradi. 

Qarabsizki, yangi Konstitutsiyada xalqimiz xohish-istaklari ifoda etiladi. Ayni paytda esa har birimizdan ogʻir-bosiqlik, turli xil igʻvolarga uchmasdan, uzoqni, farzandlarimiz kelajagini, yurtimiz ertasini oʻylagan holda ish tutish talab etiladi. Oʻylaymanki, qoraqalpoq birodarlarimiz buni juda yaxshi anglab turibdi va ular bilan maqsadimiz, yoʻlimiz, manzilimiz bir.

Jamshid Qosimov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?