Maʼnaviyatimiz koʻrki

16:55 21 Oktyabr 2025 Jamiyat
291 0

Har bir xalqning faqat oʻziga xos qadriyatlari mavjud. Bugun dunyo aholisi soni 8 milliarddan ortiq boʻlib, 7 mingga yaqin tilda gaplashadi. Bu tillarning bor-yoʻgʻi 100 ga yaqini davlat tili maqomiga ega. Ular orasida oʻzbek tilining ham borligi har birimizga faxr va iftixor bagʻishlaydi. Xalq ogʻzaki ijodida tilimizning butun ohanrabosi, tarovati namoyon boʻladi. Oʻz-oʻzidan ayonki, asrlar osha mardonavor kurashlarda gʻolib boʻlib kelayotgan tilimiz albatta, yozuvlarda aks etadi. Shu bois yozuvlarimizning xususan, jamoat joylaridagi, koʻchalardagi tashqi yozuvlarning davlat tili toʻgʻrisidagi qonun talablariga mosligini oʻrganish va taʼminlash juda dolzarb masala. Afsuski, koʻchaga chiqsangiz savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari, tadbirkorlik subyektlarining aksariyati xorijiy tillardan olingan atamalar bilan nomlangan. Baʼzi peshlavhalar, reklama yozuvlari imlo xatolari bilan bitilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-oktyabrdagi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga qarashli temiryoʻl vokzali, temiryoʻl stansiyasi va temiryoʻl razyezdi nomlarini davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiqlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorini alohida taʼkidlab oʻtish joiz. Ushbu qaror bilan mamlakatimizdagi 320 ta vokzal, stansiya va razyezd nomlari lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida yoziladi. Bu orqali temir yoʻl infratuzilmasidagi barcha yozuv va belgilar davlat tili qoidalariga toʻliq moslashtiriladi. Bu xayrli ishni nafaqat temiryoʻl tizimida, barcha sohalarda joriy qilish maqsadga muvofiqdir.

Bugungi globallashuv jarayonida tilimizga turli xorijiy soʻzlarning shiddat bilan kirib kelayotgani ham haqiqat. Ana shunday sharoitda, axborot texnologiyalari taraqqiyoti davrida tilning sofligini saqlab qolish, uni milliy boylik sifatida asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga yetkazish juda muhim. Bu ezgu maqsad nafaqat tilshunos olimlar, soha mutaxassislari balki har bir millatdoshimizdan ona tilini jondan sevish, uni barcha doiralarda muloqot vositasiga aylantirishni taqozo etadi.

Xorazmda barcha turdagi obyektlar nomlarining bazasi yaratildi. Maxsus ishchi guruh tuzilib, tashqi yozuvlarning davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga mosligi oʻrganildi. “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun talablariga rioya etish boʻyicha tadbirkorlik subyektlari bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada koʻcha va xiyobonlardagi yuzlab ajnabiy atamalar oʻzimizning chiroyli, oʻzbekona soʻzlar bilan almashtirildi. Shaharda matbaachilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi korxona rahbarlariga reklama va bannerlarni chop etishda “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun talablariga qatʼiy rioya qilinishi boʻyicha tavsiyalar berildi.

Universitetimizda ona tilimizning qadrini yanada ulugʻlash, uning sofligini saqlash, chuqur oʻrganishga qaratilgan turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda. Oʻzbek tilini millatimizning haqiqiy boyligi sifatida ulugʻlash va kelajak avlodlarga yetkazish har bir yurtdoshimizning Vatanga sadoqati ramziga aylangan.

 

Nargiza Jumaboyeva,

Urganch davlat universiteti tayanch doktoranti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер