Maʼnaviy jasorat sohibi

18:41 29 Fevral 2024 Madaniyat
686 0

1-mart — Ozod Sharafiddinov tavallud topgan kun

Oʻzbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov bugun hayot boʻlganida 95 bahorni kutib olgan boʻlardi.

Zahmatkash bu inson milliy adabiyotimiz rivojiga, xalqimizning maʼnaviy yuksalishiga salmoqli hissa qoʻshdi. Mohir munaqqid sifatida soʻz sanʼatining yangi isteʼdodlarini kashf etishga, yaratilayotgan asarlarga haqqoniy baho berishga, ularning mazmun-mohiyatini, ahamiyatini oʻquvchilarga shirali til va sodda uslubda tushuntirishga intildi. Uning “Zamon. Qalb. Poeziya”, “Adabiy etyudlar”, “Birinchi moʻjiza”, “Adabiyot — hayot darsligi”, “Choʻlponni anglash”, “Ijodni anglash baxti”, “Dovondagi oʻylar” va boshqa koʻplab asarlari ana shu izlanishlar, mashaqqatli mehnatlar mahsuli oʻlaroq dunyo yuzini koʻrdi. Bu bebaho asarlar xalqimizning maʼnaviy-badiiy saviyasini, ruhini koʻtargani, adabiyotga, istiqlol gʻoyalariga sadoqatini yuksaltirgani uchun ham asrlar osha oʻz ahamiyatini yoʻqotmasligi shubhasiz.

Ozod Sharafiddinov oʻz umr yoʻli, salmoqli merosi, ibratli faoliyati bilan el-yurt taqdiriga jonkuyarlik, ezgu maqsadlar yoʻlida kurashib yashash, maʼnaviy jasorat va matonat, vatanparvarlik timsoliga aylana oldi.

EʼTIQODIMNI NEGA OʻZGARTIRDIM?

Eskigan, chirigan tamallar

Yoʻqlikka egri yoʻl izlarkan,

Nega men undan yuz oʻgirmay?

BOTU

1996-yil boshlarida “Trud” gazetasida Rossiya Kommunistlar partiyasi rahbari Gennadiy Zyuganovning suhbati bosildi. Unda quyidagi gaplar ham bor edi: “Butun umrini tinch yashab, mamlakati, xalqi haqida yaxshi gaplar gapirib kelgan, keyin aynigan odamni koʻrsam, hazar qilaman. Agar u butun umri davomida yolgʻon gapirgan boʻlsa, har kuni uyiga qaysi yuz bilan kirdi ekan, yaqinlari bilan qanday muloqotda boʻldi ekan? Odam oltmish yoshga kirganida, chinakamiga koʻzi ochilishi va oʻtmishni qahru gʻazab bilan qoralab, oyoqosti qilishi mumkinligiga negadir aqlim bovar qilmaydi”.

Avvaliga bu gaplarga unchalik eʼtibor berganim yoʻq — bamaylixotir yuraverdim. Lekin negadir yuragim gʻashlanaverdi, allaqayerim zirapcha kirgandek loʻq-loʻq qilib tinchlik bermasdi. Oʻylab qarasam, bu achchiq gaplar toʻgʻridan-toʻgʻri mening shaʼnimga aytilgan ekan. Axir, men oʻttiz yillik partiya aʼzosi edim, oltmish yoshga kirganda partiyadan chiqdim, butun umrim mobaynida mamlakat haqida, xalq toʻgʻrisida yaxshi gaplar aytib kelgan edim, bugun esa oʻzimning kommunistcha oʻtmishimni astoydil qoralash bilan bandman. Mana, eʼtiqodimni oʻzgartirganim uchun oʻrtoq Zyuganovning malomatiga qolib oʻtiribman, Zyuganovning dashnomi achib turgan yaraga tuz sepganday boʻldi. Negaki, eʼtiqodsizlik chindan xam yomon narsa. Oʻzim ham boʻlar-boʻlmasga eʼtiqodini yangilayveradigan beqaror va beburd odamni yomon koʻraman. Ayniqsa, shaxsiy manfaat yoʻlida doʻstini, ogʻa-inisini, ustozini chaqsa kepakka sotib yuborishdan toymaydiganlardan men ham hazar qilaman. Biroq eʼtiqodingiz hayot sinoviga dosh berolmagan va sizni allaqa

chon boshi berk koʻchaga kiritib qoʻygani isbotlangan, muqaddas deb hisoblab kelgan bayrogʻingizning soxtaligi bilinib qolsa, nima qilmoq lozim? Shunda ham odam misi chiqqan eʼtiqodiga koʻr hassasiga yopishganidek yopishib olmogʻi kerakmi? Shunda ham Qoʻqon bozoridagi oʻjar dehqonga oʻxshab, “digʻonim — digʻon” deb bezrayib turaverishi zarurmi? Yoʻlingizda toʻsin uchrab qolsa, “men faqat toʻgʻri yuraman” degan aqida bilan borib unga peshonangizni urish donolikdan emas-ku, axir!

Shunday qilib, men oltmish yoshimda eʼtiqodimni oʻzgartdim va Zyuganovning malomatiga qoldim. Nachora, bu ham bir koʻrgulik-da! Oʻrtoq Zyuganov menga taʼna toshlarini otib, ancha-muncha xumordan chiqib olgan boʻlsa ajab emas. Ammo masalaning “lekin”i shundaki, oʻsha kezlarda eʼtiqodini oʻzgartgan birgina men yoki Eshmat bilan Toshmat emas edi. Undaylar minglab, yuz minglab, hatto millionlab edi. Oʻzingiz hisoblab koʻring, bir zamonlar RSDRP, keyin—RKP (b), undan soʻng — VKP (b) va nihoyat, KPSS degan nom bilan dovrugʻ qozongan partiya safida 80-yillarning oxiriga kelib taxminan 20 million aʼzo bor edi. 20 million-a! Aytmoqqa oson! Bu sanoq oʻrtacha nufusli Ovrulo mamlakatining aholisiga teng keladi.

Bugun shuncha odamning hammasi boʻlmasa-da, mutlaq koʻpchiligi kommunistik mafkuradan uzil-kesil yuz oʻgirib, eʼtiqodini oʻzgartirdi. Tuzukroq oʻylab qarang, maʼnaviy suyanchigʻi barbod boʻlgan, ixlos bilan ishongan ideallari sarob boʻlib chiqqan salkam 20 million odam! Hayotining yarmidan koʻpini yashab qoʻygach, birdan shuncha umr bexuda ketganini anglab qolgan, dunyoni poklashdek oliy niyatga xizmat qilyapman deb oʻylagan, aslida esa oʻzi butkul “kirlanib” bitgan 20 miilion odam! Bashariyat tarixida hali hech qachon bunaqa kata falokat, bunchalik behudud fojia roʻy bergan emas edi va, ehtimolki, bundan keyin ham hech qachon roʻy bermas. Bu shunday mislsiz falokat, shu qadar ulkan maʼnaviy yemirilishki, uning oqibatida kurralar mehvaridan chiqadi, jamiyatning ruhiy muvozanati buziladi, qanchadan-qancha odam toʻsatdan oʻzini junun vodiysiga tushib qolganday his qiladi va yangi suyanch togʻlarini izlab har tomon sarsari yuguradi. Shundoq ekan, beqiyos falokatdan aziyat chekkan million-million odamdan «hazar q

ilish» bilan masala hal boʻlarmikan? Ular “oʻz oʻtmishlarini oyoqosti qilmoqdalar” deya taʼna toshini otgan bilan ish bitarmikan? Toʻgʻri, oʻtmishni qoralashdan foyda yoʻq. Chunki oʻtmish — oʻtmish-da! U allaqachon tarixga aylangan. Uning biror kemtigini butlab qoʻyish mumkin boʻlmaganidek, biror besunaqay joyini pardozlab, tekislab ham boʻlmaydi. Undan faqat saboq olish mumkin.

XX asr soʻnggida yuz bergan bu mislsiz maʼnaviy halokat juda koʻp odamlarni garangsitib, sarosimaga solib qoʻydi. Olimlar, mutafakkirlar uning sabablarini oʻrganishga kirishdi. Xozirning oʻzida bu toʻgʻrida oʻnlab, yuzlab salmoqli tadqiqotlar maydonga keldi. Kelajakda ular yanada koʻproq yaratilar. Albatta, ulkan tarixiy evrilishlar silsilasida birgina odamning boshidan oʻtganlari maxsus eʼtibor berib oʻtirishga arziydigan katta voqea emas. Masalan, men nega eʼtiqodimni oʻzgartdim, bu jarayonda qanday iztiroblar chekdim, qanday oʻylar, oʻkinchlar, afsusu nadomatlar koʻnglimdan kechdi — buning kimga ham qizigʻi bor deysiz? Ammo hamma titrab-qaqshab zulmatni qoralayotgan chogʻda bittagina shamchiroq yoqilsayu oʻsha zulmatning bir chekkasi sal boʻlsada yorishsa nima qipti? Daryolar irmoqlardan, irmoqlar tomchilardan tashkil topadi. Shundoq ekan, bir odamning achchiq tajribasi ham nimagadir asqotib qolishi mumkin-ku! Xamma boʻlmasa ham, loaqal nevara-chevaralarim oʻqib, men boshimdan kechirgan adashishlar va xatoliklar yoʻliga qadam qoʻyishdan oʻzlarini tiyarlar.

* * *

Abdulla Qahhorning iborasi bilan aytganda, men partiyaga chaqiriq qogʻozi bilan kirgan emasman. Binobarin, mening kommunistcha eʼtiqodim ham qandaydir majburiyatlar tufayli, kimlarningdir qiyin-qistovi bilan shakllangan emas. Aksincha, esimni tanibmanki, men yurgan yoʻllar toʻppa-toʻgʻri partiyaga olib keluvchi yoʻllar boʻlgan edi. Balogʻat yoshiga qadam qoʻyishim bilanoq partiyaga aʼzo boʻlish, kommunistlar safida odim otmoq hayotimning bosh maqsadiga aylangan edi. Meni bunga hech kim majburlagani yoʻq, lekin butun turmush tarzim, maktabda kechirgan hayotim ham, oilamizdagi sharoit ham, umuman, men yashab nafas olayotgan muhit boshidan oyogʻigacha butkul menda shu ishtiyoqni tugʻdirdi va yashnatib avj oldirdi.

Bugun yillar qaʼridan nazar tashlasam, bolaligim qirmizi alvonlar yal-yal tovlanib, tantanavor musiqa sadolari yayrab turgan, gullarga toʻliq, charogʻon nurlarga koʻmilgan muazzam goʻshadan chiqib kelayotgandek tuyuladi. Ayniqsa, maktab yillari… Baraban sadolari, gorn ohanglari, pioner boʻyinbogʻlarining hilpirashi, quvnoq qoʻshiqlar, saflarda shaxdam yurishlar… Qomatlar tik, boshlar magʻrur koʻtarilgan. Tom maʼnoda oʻzimizni baxtiyor his qilardik. Toʻgʻri, ustimiz yupungina edi, qornimiz birda toʻysa, birda toʻymay qolar edi. Koʻcha-koʻylarda ham, dala-dashtlarda ham betashvish, hamma narsadan mamnun odamlardan koʻra, tund, qovogʻi soliq, peshonasi tirishgan, tajang odamlar koʻproq roʻpara kelardi. Ular qandaydir musibat ostida ezilganday koʻrinardi. Ammo bu tashvishlar bilan bizning ishimiz yoʻq edi. Biz baxtiyor edik va baxtiyorligimiz uchun mehribon otamiz — dohiy Stalinga rahmatlar aytishdan boʻshamasdik. Tabiiyki, u paytlarda biz dunyoni bolaning koʻzi bilan koʻrar, koʻrganlarimizni bolaning aqli bilan idrok etar edik — bizni istalgan koʻyga solsa boʻlardi, bizdan istalgan qoʻgʻirchoqni yasash mumkin edi. Bizga nimani uqtirsalar, shuni haqiqat deb qabul qilardik. Quloqdan kirgan pand-nasihatlar, koʻzimiz koʻrgan shioru chaqiriqlar yuragimizga bajarilishi shart boʻlgan harbiy buyruqlardek oʻrnashib qolardi.

Keyin balogʻat yoshiga yetdik. Kechagi yurish-turishimizda oʻyinga moyil tomonlar kuchli boʻlgan boʻlsa, bugun ularning hammasi jiddiy tus oldi. Biz oʻzimizni ancha ulgʻaygan, hamma ishni mustaqil hal eta oladigan odamlar sifatida his qildik. Komsomolga kirdik. Bu — hayotimizning ilk bosqichidagi eng jiddiy, eng ahamiyatli voqea edi. Soʻrovnomalar toʻldirdik, ijtimoiy kelib chiqishimizni bayon qildik, majlislarga masala boʻldik, rayon komsomol qoʻmitalarining byuro majlislarida tik turib savollarga javoblar berdik, nizomda aytilgan talablarni ogʻishmay bajaraman, deb qasamyod qildik va uni ado etishga baqadri imkon tirishdik ham. Komsomol bileti biz uchun eng muqaddas ashyo edi — uni koʻz qorachigʻiday asrardik. Komsomollik yillarimiz urush davriga toʻgʻri keldi. Biz hali ham yupun, chala qursoq edik, yashash sharoitimiz juda qoloq va ogʻir edi. Turmushda hali tuzukroq roʻshnolik koʻrganimiz yoʻq, xonadonlarimizda birimiz ikki boʻlgani yoʻq, yurtimiz ham obodonchilikdan yiroq edi. Biz bularning barini urushga yoʻyardik-da, hamon oʻzimizni baxtiyor hisoblardik. Toʻgʻri, yuragimizning allaqayerida shu baxtimiz kemtikligini gʻira-shira his qilardik. Lekin “Nega shunaqa? Bu kemtiklik nimada?” deb oʻz-oʻzimizdan soʻramasdik. Soʻrolmasdik ham. Birov man etgani uchun emas, balki soʻrab oʻrganmagan edik. Umuman, sovetcha hayotimizning biror jihatiga shubha bildirish, biron ishimizga shak keltirish yoki aqidamizdan gumon qilish bizga yot edi. Biz baxtiyor edik, chunki bizga “Senlar — baxtiyorsan” deb uqtirishgan edi. Biz Stalinning farzandlari edik.

Stalinga sadoqatimiz shu qadar ulugʻ ediki, uni hech narsa bilan oʻlchab boʻlmasdi. Birov “Stalin uchun jon berishing kerak” desa, koʻpchiligimiz sira ikkilanmasdan “Men tayyor!” deya oldinga chiqardik. Biz ana shunday sadoqatli va fidokor edik.

Ancha yillar oʻtib ketgandan keyin bildim — fashistlar Germaniyasidagi bizga tengqur yoshlar ham Gitlerga sadoqatda xuddi oʻzimizga oʻxshar ekan, ular ham oʻzlarining fashistcha ideallari yoʻlida jon fido qilishga tayyor turarkan. Qiziq, bir-biriga ashaddiy dushman ikki mamlakat, bir-biri bilan hayot-mamot jangi olib borgan ikki partiya oʻz yoshlarini bir xil yoʻlda tarbiya qilibdi, ularni bir xil fazilatlar egasi qilib yetishtirmoqchi boʻlibdi. Keyin-keyin ulgʻayib, tajriba orttirib, besh-olti koʻylakni yirtgandan keyin mulohaza yuritib bildimki, sadoqat deganlari ham, shak, gumon deganlari ham har xil boʻlar ekan.

Sadoqat deganlari juda yaxshi, qimmatli fazilat, ammo u koʻr-koʻrona, aql oʻtxonalarida toblanmagan boʻlsa, fazilat deb atash qiyin. Bunday “fazilat”dan faqat kulfat kelishi mumkin. Xuddi shuningdek, har qanday erkin fikr, aqliyot bobidagi har qanday kashfiyot gumondan, shakdan boshlanadi, lekin “gumon” ham koʻr-koʻrona boʻlsa, meʼyor va chegaradan chiqib ketsa, odamni behalovat qiladi, hamma narsadan yuz oʻgirib, har qanday keʼmatni oyoqosti qiluvchi, hatto iymonini ham sustlashtiruvchi maxluqqa aylantiradi. Ammo biz bu haqiqatlardan tamom bexabar edik, komsomolga, Stalinga, kommunizmga sadoqatimiz bilan hech narsani oʻylashga, fikr yuritishga qobil boʻlmagan, buning oʻrniga har qanday buyruqni soʻzsiz bajarishga tayyor turgan manqurtsifat odamga aylanib borayotganimizni bilmas edik.

Yana yillar oʻtdi. Urush tugadi. Biz maktabni bitirib, talaba boʻldik.

Talabalik chindan ham oltin davr. Besh yil mobaynida onadan butunlay yangi tugʻilganday boʻlasiz. Har kuni bir yangi kashfiyot yuz ochgandek, aqlga aql qoʻshilgandek boʻladi. Ochiq koʻzlar yangidan ochiladi — hayrat bilan amin boʻlasizki, olam avval koʻrib yurganingizdan boʻlakcha! Lekin sezasizki, eski, koʻnikkan odatlaringiz sizni tark etishga shoshmaydi, ayniqsa, asosiy masalalarda siz hamon oʻsha-oʻshasiz! Qalbingizni koʻpdan chirmab kelgan kishanlar yana ham mustahkam boʻlsa boʻlibdiki, aslo boʻshashmabdi. Gazetalar, radio, jild-jild kitobu risolalar, kino ekranlari hamon qulogʻingizga sotsializmning buyuk afzalligi, dohiymizning donoligi, partiyaning qudrati haqidagi choʻpchaklarni quyishdan toliqqani yoʻq. Albatta, siz ham bu gaplarning haqligiga zarracha shubha qilmaysiz va faqat bizda — dunyoning oltidan birini tashkil qiluvchi ulugʻ mamlakatdagina baxtlar saltanati qurilganiga iymon keltirasiz.

Kommunistik gʻoyalar talaba nigohida jozibador ranglar bilan namoyon boʻlardi. Bu jozibaga aloqador narsalar mohiyatini anglamoq uchun kitob titishdan charchamas edik. Soʻng bildikki, “kommunizm” degan soʻz aslida lotincha boʻlib, “umumiylik, mushtaraklik, birgalik, ahillik” degan maʼnolarni bildirar ekan. Kommunistcha gʻoyalarda insoniyatning eng olijanob orzulari, inja tilaklari mujassam ekan. Axir, inson inson boʻlganidan beri yaxshilikni qoʻmsaydi. Yaxshilik saltanatini barpo etishni orzu qiladi. Bu saltanatda hamma teng, bir-biriga mehribon, gʻamxoʻr boʻladi. Unda har qadamda, har ishda adolat qaror topadi, zulm, haqsizliklar unutiladi, odamlar urush neligini esdan chiqaradi. Hamma yurtlar, hamma elatlar, hamma xalqlar bir-biriga qoʻlni berib, bir-biriga koʻmaklashib, bunyodkor mehnat bilan band boʻladi.

Haqiqatan ham, qanday olijanob gʻoyalar! Umumbashariy gʻoyalar. Ularni rad etish, ularga qarshi chiqish mumkinmi axir?! Ammo bilmaysizki, hayot boshqa — unda har qadamda qalbakilikka, aldamchilikka roʻpara kelasiz. Unda koʻpincha gap boshqayu amal boshqa, suvrat oʻzgachayu siyrat boʻlakcha. Hayotda bir hovuch yovuz kuchlar bor—ular qora niyatlarini niqoblab, ana shu umuminsoniy, olijanob gʻoyalarni oʻzlariga shior qilib olganlar, ularni oʻzlaricha talqin qilib, shu gʻoyalar soyasida davru davron surishga jahd qilganlar. Ular odamlarning soddaligi va ishonuvchanligidan foydalanib, oʻzlarining qora maqsadlariga erishishda ulardan vosita sifatida foydalanmoqchi boʻlganlar.

Biroq bu haqiqatni siz ancha keyin, koʻp yillar oʻtgandan soʻnggina anglaysiz — buni anglash uchun butun umringizni sarflashingiz, koʻpdan-koʻp qurbonlar berishingiz, koʻp iztiroblar va azob-uqubatlar chekishingiz kerak boʻladi. U paytlarda esa hali oldiga poxol solsa koʻnib ketaveradigan, har narsaga laqqa tushadigan, osongina aldanaveradigan, koʻzi ochiq boʻlsa ham, aslida hech narsani koʻrmaydigan yoshgina tolib yigit edingiz. Hali hayotning past-balandini uncha koʻrmagansiz, achchiq-chuchugini yetarli tatimagansiz, hali oyogʻingiz yerda boʻlsa ham, koʻnglingiz samolarda — romantik xayollar ogʻushidasiz. Shuning uchun yoshingiz ulgʻayib, komsomol safini tark etishingiz bilanoq kommunistlar partiyasiga kirishga qatʼiy ahd qilasiz…

Shunday qilib, men yigirma yoshga toʻlib-toʻlmay — 50-yillarning boshida partiyaga kirish harakatiga tushib qoldim. Bir qarashda bu yoʻlda men uchun hech qanday toʻsiq yoʻq edi: partiyaning dasturi va nizomi bilan tanishman, ularni tan olaman; oʻqishlarim yaxshi, jamoatchilik ishlarida faolman; ijtimoiy kelib chiqishim ham yomon emas — qarindosh-urugʻlar orasida biron gumon tugʻdiradigan yoʻq; komsomol tavsiya bergan, meni biladigan kommunistlar ham tavsiya berishga tayyor.

Xullas, hammasi joyida. Yoʻq, baribir, boʻlmadi — hozir ziyolilardan kamroq qabul qilyapmiz, degan rad javobini oldim. Darhaqiqat, oʻsha kezlarda ziyolilar yana “qovun tushirgan” edi — ularning ichidan bir guruh xalq dushmanlari chiqib qoldi. Buni qarangki, bu galgi xalq dushmanlarining hammasi oʻzimiz yaxshi bilgan, yaqindan muloqotda boʻlgan, elu yurt oldida katta hurmatlarga sazovor Shayxzoda, Said Ahmad, Shuhrat, Shukrullo, Mirzakalon Ismoiliy, Hamid Sulaymon kabi odamlar edi. Odam olasi ichida deganlari shu ekan-da! Boʻlmasa, Hamid Sulaymon bizga Gʻarb adabiyotidan bir yil dars bergan edi. Hali rosa gʻoʻr ekanmiz — bir yil shu odamning maʼruzalarini eshitibmiz-u, bir marta ham dushmanligini payqamabmiz-a! Asl qiyofasini zoʻr mahorat bilan yashirib yurar ekanlar-da! Shuncha tanish-bilishlar qamalgan boʻlsa-da, biz bir daqiqa ham ularning aybdorligiga shubha qilganimiz yoʻq, chunki ongimizga “shonli chekistlarimiz sira xato qilmaydi!” degan gap singdirilgan edi. Shuning uchun biror kishi qaysarlik qilib, biron qamalgan odamning gunohkorligiga shubha bildirsa, gʻashimiz kelardi.

Saida Zunnunova degan yosh shoira bizning fakultetda oʻqirdi. Endigina ilk kitobi chop etilgan, umidli ijodkor hisoblanardi. U andijonlik boʻlib, yaqinda Said Ahmadga turmushga chiqqan edi. Rahbariyat shoiradan eridan voz kechishni, koʻpchilik oldida erini qoralashni talab qildi. Negaki, talabalar safi gʻoyaviy sogʻlom boʻlmogʻi kerak, unda xalq dushmanlarining xotinlariga oʻrin yoʻq edi. Saidasi tushmagur esa, oʻzi jinqarchaday boʻlaturib, “Chiqadigan erim yoʻq, erim gunohsiz!” deb oyoq tirab turib oldi. Saidaga achinamiz — harqalay, nima boʻlganda ham oʻzimizga oʻxshagan toliba, turmushga chiqib, hali biron bir roʻshnolik koʻrgani yoʻq, endi esa “he” yoʻq, “be” yoʻq, boshi ochiq qolsa alam qiladi-da! Bunaqa desangiz, topgan eri dushman chiqib qolgan boʻlsa, nima deysiz! Boringki, Saida eridan ajramadi — uni universitetdan haydadilar. Biz esa tomosha qilib, baqrayib turaverdik.

Xullas, men universitetni tugatganimdayoq partiya aʼzosi boʻlmogʻim kerak edi, lekin bir guruh dushman ziyolilar bunga xalaqit berdi.

Shunaqa tashvishlar bilan talabalik ham ortda qoldi. Keyin Moskvaga ketdim. Jahon adabiyoti institutining aspiranturasida oʻqidim. Bu yerda ham peshqadamlardan edim. Hatto ikki yil davomida institut komsomol tashkilotining kotibi ham boʻldim. Tabiiyki, partiyaga kirish orzusi hamon koʻngilda joʻsh urib turardi va hatto yanada kuchliroq oʻt olardi. Buning boisi quyidagicha edi: institutimiz Borovskiy koʻchasida joylashgan boʻlib, Krasnopresnensk rayoniga karardi. VKP (b) tarixining qisqa kursini xatm qilgan har bir soʻtakka yaxshi maʼlumki, Krasnopresnensk rus inqilobining markazlaridan biri boʻlgan. 1905-yilgi inqilob kunlarida rus proletariati barrikadalarda turib ekspluatatorlarga qarshi qonli janglar qilgan. Hozir oʻsha joylarda hatto “Barrikada” degan kinoteatr ham bor. Qisqasi, qutlugʻ joy. Ana shunday tarixiy manzilda joylashgan institutda oʻqishning oʻzi qanday buyuk sharaf! Shu rayonda partiyaga kirsangiz-chi, savobiga nima yetsin! Bu bilan butun umr faxrlanib yursangiz arziydi! Bu yerda ham ishlarim

ancha siljib qolgan edi — hatto rayon qoʻmitasi kotibining suhbatidan ham oʻtgan edim, faqat byuro majlisidan oʻtsam, bas, murodim hosil boʻlardi. Ammo partiyaga kirish bu gal ham nasib qilmagan ekan — 1953-yilning mart oyida Stalin vafot etdiyu hayotimizdagi juda koʻp narsa agʻdar-toʻntar boʻlib ketdi. Tabiiyki, Krasnopresnensk raykomining Toshkentdan kelgan bir oʻzbekni partiyaga qabul qilishdan koʻra muhimroq tashvishlari boshidan oshib yotardi. Shunday qilib, 1955-yilda Toshkentga qaytdim va shu yilning sentyabr oyidan boshlab Toshkent Davlat dorilfununida ishlay boshladim. Bu yerda faoliyat boshlashim bilanoq, albatta, yana oʻsha ishtiyoq — partiyaga kirish orzusi meni tinch qoʻymadi. Nihoyat, 1959-yilning yanvar oyida orzuim ushaldi — men partiya aʼzosi boʻldim.

* * *

Ha, men partiyaga aʼzo boʻldim. Hayotimda juda katta oʻzgarish sodir boʻldi — oʻzimni niyatlari pok, vijdoni toza, olijanob, mard, fidokor va sodiq odamlar guruhiga qoʻshilgan, ular bilan birga dunyoda ulugʻ, eng baxtiyor, eng adolatli jamiyat qurishdek katta ish yoʻlida hammaslak boʻlgan odam deb hisoblay boshladim. Men partiyaga biron mansab yoxud imtiyoz taʼmasida kirganim yoʻq edi. Partiya maboda, biror imtiyoz bersa, hamisha janglarda oldingi safda boʻlish, jabhalarning eng ogʻir joylarida cholishish, masʼuliyatning eng mushkulini zimmaga olish imtiyozini berishini yaxshi bilardim. Kommunist degani men uchun eng faol ijodkor, eski dunyoni tag-tugi bilan barbod qilib, oʻrniga yangi dunyo yaratuvchi kurashchi edi. Avvallari u men uchun yetib boʻlmas yuksaklikdagi narsa edi, endi esa men shunday odamlar bilan hamsaf, hamnafas boʻldim. Bugun bularning hammasi juda anoyi, goʻl odamning havoyi gaplaridek tuyuladi, lekin oʻsha kezlarda bularning bari chinligiga astoydil ishonar edik.

1959-yil men uchun ana shunday koʻtarinki kayfiyat bilan boshlandi, ammo yilning oxiriga borib kutilmagan voqealar boshimga tushdiki, ular mendagi ishonchning tomiriga bolta urdi, birinchi marta tanlagan yoʻlimning toʻgʻriligiga shubha qila boshladim. Toʻgʻri, hali shubha-gumonlarimni hech kimga oshkor etmagan esam-da, lekin baribir gumon qurtlari meni ich-ichimdan kemira boshlagan edi. Voqea bunday boʻlgan edi. Tabiiyki, men partiyaga kirganim bilan hali oʻzimni eski kommunistlarga teng deb hisoblamas, yosh kommunist deb bilar edim. Yosh kommunist esa yoshi ulugʻ hammaslaklariga yetib olish uchun, ularga munosib boʻlish uchun oʻn chandon ortiqroq xizmat qilmogʻi, partiyaning hamma topshirigʻini yelib-yugurib, ortigʻi bilan ado etishga tirishmogʻi kerak. Men shundoq boʻlishga harakat ham qildim: maʼruzalarimning mazmundor va talabalarga manzur boʻlishi uchun qaygʻurdim, jamoatchilik ishlarini sidqidildan bajardim, munaqqid sifatida faol ish yuritdim, hatto Moskvada oʻzbek adabiyoti dekadasida qatnashib, u yerdan “Shavkatli mehnati uchun” degan medal bilan qaytdim.

Oradan koʻp oʻtmay, mening yelib-yugurishlarim sezildi —jamoamizda menga hurmat ancha oshganday boʻldi. Shuning natijasi oʻlaroq meni boshlangʻich partiya tashkilotiga kotib qilib sayladilar. Bu menga bildirilgan juda katta ishonch edi. Ayni chogʻda zimmamga haddan ziyod masʼuliyat ham yukpangandi. Bundan buyon men jamoamiz hayotining hamma sohasi uchun javobgar edim. Hammaslaklarimning ishonchini oqlamaslikka haqqim yoʻq edi. Shunday qilib, gʻayratimni oʻn chandon orttirib ishlay boshladim. Partiya byurosining majlislarini muntazam oʻtkazib tura boshladim: ularda yengil-elpi masalalar emas, oʻqish-oʻqitish va tarbiyaning eng muhim masalalarini muhokama qildik; partiya xoʻjaligini, umumiy majlislarning qarorlarini, byuro majlislarining qaydnomalarini tartibga keltirdim; har bir byuro aʼzosining biron tayinli ish bilan shugʻullanishiga erishdim; mehnat intizomini qattiq nazorat qila boshladik; yotoqlardagi ahvol bilan shugʻullandik; fakultet boʻyicha yagona siyosiy-tarbiyaviy ishlar rejasini tuzdik va shu reja asosida ish yurita boshladik. Men bu ishlarga bosh-qosh boʻlgan ekanman, azbaroyi xudo, buning evaziga biron mukofotga erisharman yoxud biron maq-tovga sazovor boʻlarman deb aslo oʻylagan emasman. Mening nazarimda boshqacha boʻlishi mumkin ham emasdi — yosh kommunist astoydil gʻayrat bilan yeng shimarib ishlashi, rohat-istirohat unga butunlay yot boʻlmogʻi kerak edi. Albatta, oʻshandagi ishlarimizda qandaydir nuqsonlar ham boʻlgan boʻlishi mumkin. Lekin biz astoydil “toʻgʻri qilyapmiz” degan ishonch bilan ishlardik.

Oradan koʻp oʻtmay, bu ishlar kimlargadir maʼqul boʻlmaganday, kimlarningdir ensasini qotirayotganday boʻldi. Baʼzan-baʼzan “Yugur, ha, yugur, quruq qolyapsan” deganday istehzolarni ham imi-jimida sezib qolardim. Yana qaytarib aytyapman, bu gaplardan oʻsha paytdagi ishlarimiz mutlaqo nuqsonsiz edi, degan xulosa chiqarmaslik kerak. Jamoamiz uncha katta emas, lekin kommunistlardan tashqari, umuman, partiyasiz oʻqituvchilar va talabalarni qoʻshib hisoblasak, uncha kichkina ham emas edi. Har qanday oʻrtacha jamoa kabi, bizning jamoada ham har xil odamlar, har xil yoshlar bor edi. Oʻsha kezlarda vaziyat anchagina murakkab edi. Yaqindagina XX sʼyezd boʻlib oʻtgan, unda Stalin shaxsiga sigʻinish qattiq tanqid qilingan edi. Bu hol jamiyatda fikriy uygʻonish jarayonini boshlab yubordi. Har xil tarzda eski aqidalarni taftish qilish boshlandi. Biri-biridan qaltis savollar ustma-ust yogʻila boshladi. Ular javob berishni talab qilardi. Albatta, bunaqa savollarning berilmagani, yopigʻliq qozon yopigʻligʻicha qolavergani tuzuk edi, ammo buning iloji yoʻq — gʻisht qolipdan koʻchgan, toʻgʻon oʻpirilgan edi. Shunday sharoitda partiya boshlangʻich tashkilotlarda bunaqa shakkokliklarning boʻlmasligiga alohida ahamiyat berdi. Ammo qayoqda deysiz!

Kunlardan birida dorilfunun kutubxonasining katta daftarida “Sotsialistik realizm — soxta metod! Undan voz kechish kerak!” degan yozuv paydo boʻlib qoldi. Bu ham mayliya, muallif yozuvning tagiga katta qilib “Filologiya fakultetining talabasi Dolgov” deb ism-sharifini ham yozib qoʻyibdi. Toʻpolon boʻlib ketdi. Qidirsak, talabalarimiz ichida Dolgov chindan ham bor ekan va haligi gaplarni haqiqatan ham u yozgan ekan. Partkomga yugurishlar, raykomga chopishlar boshlandi. Gap gorkomgacha borib yetdi. Juda xunuk voqea roʻy bergan, bu — jamoamizning butun faoliyatiga qora chiziq tortgandek gap edi. Chunki sotsialistik realizmni inkor qilish sovet tuzumini inkor qilish bilan barobar edi. Buni toʻgʻridan-toʻgʻri oshkora aksilshoʻroviy faoliyat deb baholasa boʻlar edi. Zudlik bilan Dolgovni qayta tarbiyalash boshlandi — oʻzi bilan bir necha marta suhbatlar oʻtkazib, gapini qaytarib olish taklif qilindi. Ammo Dolgov yomon oʻjar ekan, gapida turib oldi. Hatto sovet adabiyotidan koʻp yillar dars berib kelgan, kitoblar yozgan dongdor professorlar ham bu talabaga “sotsialistik realizm bor narsa” deb ishontira olmadilar. Nima qilmoq kerak? Bunaqa shakkok talabani daf qilmasa, koʻz ochib yumguncha boshqalarni ham yoʻldan ozdirishi hech gap emas, 30- yoki loaqal 40-yillar boʻlganda-ku, bunaqalar bilan tegishli joylarda gaplashilib, tezda dami oʻchirilardi. Ammo endi zamon boshqa — muhit jinday iliy boshlagan, biz ham boʻy-bastimizga demokratlarning liboslarini oʻlchab koʻra boshlagan edik. Shuning uchun mustaqil fikrga ega boʻlish vajidan talabani oʻqishdan haydash noqulayroq edi. Yuqori tashkilotlardan maslahat boʻldi — Dolgovni bir-ikki yilga zavodga joʻnatinglar, hayotni koʻrsin, chiniqsin, keyin, hushi joyiga kelganda qaytarib olarsizlar. Shunday qildik. Dolgov shu ketganicha tinchib ketdi. Oʻshandan keyin desangiz, talabalar ichida bunaqangi namoyish qiladigani boshqa chiqmadi. Tinchidik.

Tinchidig-u, bu voqeadan mening yuragimda chandiq qoldi. Men oʻsha paytga qadar soddaligimga borib, ishchilar jamoasiga aʼzo boʻlish — har bir inson uchun ulugʻ mukofot, shon-sharaf ishi, deb oʻylab yurar edim. Partiyaviy rahbarlarimiz bir oz boshqacharoq oʻylar ekanlar — biror gunoh qilib qoʻygan nobop odamni jazolash uchun ishchilar jamoasiga joʻnatar ekanlar. Demak, zavod va fabrika ham oʻziga xos ahloq tuzatish mehnat lageri ekan-da! Ana xolos!

Bu noxush voqeaning zahri ketib ulgurmasdan jamoamizda yana bir voqea roʻy berdi — ikkita professor koʻpchilik oldida aytishib qolib, biri ikkinchisini qattiq haqorat qilibdi. Albatta, professor odamning janjallashib yurishi uyat gap, lekin nachora — hayot-da! Baʼzan shunaqasi ham boʻladi. Buning vahima qiladigan joyi yoʻq. Ikkala janjalkashni chaqirib, “Bunaqa qilmanglar, uyat!” deb tanbeh berib koʻyaqolsa-ku, bas! Lekin bu gal ham toʻpolon boʻlib ketdi. Gap shundaki, professorlardan biri yuqoriroq doiralarga yaqin ekan. Shuning uchun “yuvindixoʻr” degan taʼna unga qattiq botibdi. U partiya Markaziy Komitetiga shikoyat yozibdi. Darhol shahar partiya komitetining komissiyasi tuzildi. Komissiya raisi Oktyabr rayon komitetining birinchi kotibi edi. Komissiya qattiq ishladi, faqat ikki professor mojarosini emas, butun fakultet hayotining hamma tomonini atroflicha chuqur oʻrganib chiqdi. Taomilga koʻra, komissiya bizning ham mulohaza va takliflarimizni inobatga olgan holda shahar partiya qoʻmitasi byurosining qarori loyihasini tayyorlab bermogʻi kerak ekan. Bunday loyiha tayyorlandi — unda ahvol xolisanillo baholangan va maʼqul takliflar aytilgan edi. Biroq byuro majlisida ish birdan chappasiga ketdi. Fakultetda keksa jurnalistlardan Rasul Muhammadiy degan odam ishlardi. Beayb — parvardigor deganlaridek, domlasi tushmagur bir oz mayda gapga moyilroq edilar. Fakultetdagi Tursun Sobirov degan domla bilan sira chiqishmas edilar. Bu toʻgʻrida ikkovlari bilan ham bir necha marta gaplashdik, hatto masalani partbyuro majlisida ham koʻrib chiqib, ikkovlariga jiddiy tanbeh bergan boʻldik. Shu domla gorkom byurosida soʻzga chiqdiyu yolgʻon-yashiqlarni qoʻshib juda qattiq gapirdi. U kishining gapiga qaraganda, fakultet juda katta oʻpirilish girdobida va hech kim ahvolni tuzatish yoʻlida hech narsa qilayotgani yoʻq ekan. U Tursun Sobirov bilan oʻrtalaridagi mojaroni juda muhim, printsipial tortishuv tarzida bayon etdi-da, bu masalada partbyuro unga mutlaqo yordam bermayotganini aytdi.

— Hay, hay, bu gap gʻirt yolgʻon-ku! — dedim men oʻrnimdan sapchib turib.

— Oʻtiring! — deb jerkib berdi majlisni boshqarib borayotgan gorkom kotibi Qayum Murtazoyev. — Sizga soʻz berilgani yoʻq! Soʻz berilganda gapirasiz.

Rasul Muhammadiyning gapi vaziyatni keskin oʻzgartirib yubordi, shunday taassurot qoldiki, goʻyo komissiya ahvolni tuzukroq oʻrganmagan, loyihada koʻp kamchiliklar xaspoʻshlab koʻrsatilgan. Murtazoyev qalamning keti bilan stolga bir-ikki urdi-da, tanaffus eʼlon qildi. Tanaffus chogʻida byuro aʼzolari qarorni oʻzgartirish haqida kelishib oldi, shekilli, tanaffusdan keyin Murtazoyev fakultetdan ikki-uch kishini qattiq jazolash haqida taklif kiritdi. Bular ichida men ham bor edim.

— Boshlangʻich tashkilot kotibi Ozod Sharafiddinovga shaxsiy varaqasiga yozish sharti bilan qattiq vigovor eʼlon qilinsin. Rozimisizlar, oʻrtoqlar? Qani, oʻrtoq Sharafiddinov, oʻzingiz nima deysiz? Rozimisiz?

Buni eshitdimu hang-mang boʻlib qoldim. Chunki shaxsiy varaqaga yoziladigan qattiq vigovor juda ogʻir jazo edi. U odamga umrbod yopishtirilgan tavqi-laʼnat bilan barobar edi. Albatta, bir-ikki yil yaxshi ishlasangiz, bu jazoni bergan tashkilot uni olib tashlardi. Biroq buning siz uchun hech qanaqa ahamiyati yoʻq edi. Bundan keyin siz boshqa biron ishga oʻtar chogʻingizda yoxud chet elga borishingizga toʻgʻri kelib qolganda yo boshqa biron sabab bilan soʻrovnoma toʻlgʻazadigan boʻlsangiz, albatta, “Partiya jazosi olganmisiz?” degan savolga javob berishingiz talab qilinardi. “Xa, olganman” degan javob esa darhol qarshingizdagi istiqbol eshigini butkul tambalab tashlardi — siz eski hammom, eski tosligingizcha qolaverardingiz. Men yosh kommunist boʻlsam ham bu jazoning naqadar dahshatli ekanini, bu jazoga mustahiq boʻlgan kishi oʻz-oʻzidan ikkinchi darajali odamga aylanib qolajagini yaxshi bilardim. Murtazoyevning savolidan keyin dunyom butunlay agʻdar-toʻntar boʻlib ketganday boʻldi, tizzalarim qaltiradi, rangim boʻzardi. Bir zumda xayolimdan allaqancha oʻylar quyunday oʻtdi. Kotibning savoliga nima deb javob berishimni bilmasdim. Nogahon bir fikr, toʻgʻrirogʻi, bir savol miyamga keldi.

— Oʻrtoq kotib! — dedim hayajonimni bosolmay. — Menga gorkom byurosiga eʼtiroz bildirishim mumkin emas deb tushuntirilgan edi. Shuning uchun savolingizga nima javob berishni bilolmay qoldim. Faqat bitta iltimosim bor, men partiyaga kirganimda hukumat meni yuksak mukofot — medal bilan mukofotlagan edi. Toʻqqiz oy partiya safida boʻlganimdan keyin menga shaxsiy varaqamga yozish sharti bilan qattiq vigovor berilyapti. Qanday qilib medalga sazovor boʻlgan yigit toʻqqiz oy partiya tarbiyasini koʻrib, qattiq vigovor oladigan darajada tuban ketishi mumkin? Shuning mantiqini tushuntirib bersanglar, mayli, har qanday jazoga tayyorman.

— Nima deyapsiz? — dedi kotib. — Nega toʻqqiz oy?

— Shunaqa-da! Partiyaga kirganimga endi toʻqqiz oy boʻldi.

Kotib qattiq gʻazablandi. Qoʻlidagi qalamning keti bilan stolga qattiq urdi.

— Qani, dorilfunun partkomining kotibi bormi? Oʻrnidan tursin!

Partkom kotibi oʻrnidan turdi.

— Siz qanaqa odamsiz oʻzi?! — Endi uning boshida kaltak qasir-qusur sina boshladi. Ish bunaqa tomonga aylanib ketishini men xayolimga ham keltirmagan edim. Xijolat ichida gʻoʻddayganimcha turibman. — Siz ustavni bilasizmi? Bu kishini kotib qilayotib qayoqqa qaragan edingiz? Axir, ustavda aniq yozib qoʻyilgan-ku — bir yillik staji boʻlmasa, boshlangʻich tashkilotga kotib qilib saylab boʻlmaydi!

Men qolib ketdim, gapning quyugʻini bechora partkom kotibi eshitdi. Nihoyat, byuro aʼzolari uni soʻka-soʻka charchashdi shekilli, yana menga qaytishdi.

— Qani, nima deysizlar? Sharafiddinovni nima qilamiz? — dedi Murtazoyev.

— Oddiy vigovor bera qolaylik, — dedi byuro aʼzolaridan biri.

Men yana eʼtiroz bildirmoqchi boʻlib oʻrnimdan qoʻzgʻalgan edim, yonimda oʻtirgan keksagina odam qoʻlimdan tortib oʻtqazib qoʻydi.

— Bas, boʻldi, yengillik qilaverma. Noiloj joyimga oʻtirdim. Men bergan savolga hech kim javob bermadi. Lekin meni jazolashdi. Oddiy vigovor deganlari partiyaviy jazolar ichida eng yengillaridan, lekin baribir jazo edi. Bir yildan keyin vigovor olib tashlandi. Yengil tortdim — goʻyo badanimga yopishib olgan allanechuk kirdan poklanganday boʻldim. Ammo shu bir yil mobaynida tanamga yuvgan bilan ketkazib boʻlmaydigan allaqancha yangi kirlar yopishib ulgurgan edi.

Oʻsha kungi byuro majlisidan keyin yuragimda bir narsa chirt uzildi — nazarimda, eʼtiqodimning bir tomiri uzilgan edi. Keyinchalik men uni asliga qaytarishga ancha urindim, ammo gʻisht qolipdan koʻchganidan soʻng buning iloji yoʻq ekan. Axir, partiya, uning rahbar idoralari mening uchun oliy sajdagoh edi, men unga sadoqatli farzandday xizmat qilmogʻim, u ham meni oʻz farzandiday ardoqlamogʻi kerak edi. Eng muhimi, partiya oʻz aʼzolarining har qanday savollariga haqqoniy javob bermogʻi, har qanday mushkulotini adolat bilan yechib bermogʻi lozim edi. Oʻsha kuni shu ishonchim darz ketdi. Men partiya uchun jonimni jabborga berib, shunchalik xizmat qilsam-u, bir ogʻiz “rahmat” oʻrniga jazoga mustahiq boʻlib oʻtirsam?! Adolat deganlari shumi hali? Bu uchiga chiqqan nohaqlik emasmi? Siz partiyani boshingizga koʻtarib ardoqlaganingiz bilan partiya oldida qilcha ham qadringiz yoʻq ekan-da! Sidqidildan unga qilgan xizmatlaringiz nimayu oʻzingiz nimasiz? Buvim rahmatli aytib yuradigan bir naql boʻlardi: “Qoziqning uchi ham boʻlma, boshi ham boʻlma: uchi boʻlsang — yerga kirasan, boshi boʻlsang — toʻqmoq yeysan. Qoziqning beli boʻl, bolam”. Bu menga burjua axloqining aqidasi boʻlib tuyular va men uni hazm qilolmas edim. Ammo jonajon partiyam ogʻushida kechirgan hayotim meni bu masalaga boshqacha qarashga undadi. Unchalik goʻl boʻlmaslik kerak ekan, tevarak-atrofingizga koʻzni kattaroq ochib qarash lozim ekan. Koʻzni kattaroq ochib qarasam, qarshimda shunday haqiqatlar namoyon boʻla boshladiki, ular oldida aqlim shoshib qoldi. Koʻzni kattaroq ochib qarasam… partiyaning hayoti insoniy mantiqdan xoli, haqiqat va adolatdan yiroq, koʻpincha yolgʻon asosga qurilgan hayot edi. Nafaqat partiya hayoti, partiya rahbarligida barpo etilgan jamiyat hayotida ham sogʻlom aqlga zid, har qanday mantiqdan tamoman uzoq ishlar koʻp edi. Ularning tagiga yetaman deb harchand urinmang, urinishlaringiz bekor ketardi.

Bir necha yil mobaynida fakultetimiz Hadradagi besh qavatli katta bir imoratda faoliyat koʻrsatdi. Bir vaqtlar uning yonida “Rodina” kinoteatri boʻlardi. U 40-yilda qurib bitkazilgan, juda koʻrkam, old tomonida baland-baland ustunlari bor, peshtoqlari ovrupocha imoratlarnikiga oʻxshatib ishlangan edi. Odamlar bu kinoteatrni juda yaxshi koʻrar, unda har doim yangi filmlar namoyish etilar va hamisha gavjum boʻlardi. Kunlarning birida toʻsatdan kinoteatr yopildiyu uni taʼmir qila boshladilar.

Biz hayron boʻldik — kinoteatr yangi boʻlsa, hali biror joyi darz ketmagan boʻlsa, uning nimasini taʼmir qiladilar? Bunaqa narsani bizdan soʻrab oʻtirarmidi? Shunday qilib, taʼmir davom etaverdi. Biz yarim vayrona holga keltirilgan kinoteatr manzarasiga koʻnikib ham qoldik. Sekin-asta bir yil oʻtdi, ikki yil oʻtdi, uch yil oʻtdi. Taʼmir esa sira oxiriga yetmaydi. “Nega bunday?” deb surishtirsak, bu yerda taʼmir boʻlayotgani yoʻq, Hamza nomidagi teatrga yangi bino qurilayotgan ekan. Hamza teatri chindan ham yangi binoga muhtoj edi, bu binoni chindan ham Hadra maydonining biror joyiga qurmoq darkor edi. Ammo nega endi kelib-kelib “Rodina” kinoteatrining oʻrniga qurmoq kerak? Nega yap-yangi, muhtasham, shaharga koʻrk berib turgan bir binoni olib tashlab, uning oʻrniga butunlay boshqa bir binoni qoʻndirmoq zarur? Oʻsha binoni boshqa joyga qursalar, Eskishahardagi muhtasham binolar soni bittaga koʻpayar edi-ku! Yana bir masala — Hamza teatrining yangi binosi qurib bitkazilguncha oʻtgan vaqt ichida “Rodina” kinoteatri ishlab turganda, bunaqa teatrlardan ikkita-uchtasini qurishga yetadigan daromad tushardi-ku! Nega buning hisobi qilinmadi? Bu tarixiy “taʼmirlash” siri keyin ayon boʻldi. Oʻsha kezlarda davlat har doimdagidek kamxarjroq boʻlib qolgan ekan. Shunga koʻra har xil tomoshaxonalar qurishga mablagʻ bermay qoʻyibdi. Lekin taʼmirlash uchun har qancha mablagʻ kerak boʻlsa, berar ekan. Qaysi bir uddaburron kattamiz shundan foydalanibdiyu Hamza teatriga yangi bino kurishga mablagʻ undiribdi… Ruslar bunaqa ishni “afera” deydi. Afera — oʻgʻirlikning bir turi hisoblanadi. Oʻzbekchada buni “firibgarlik” deydilar. Firibgarlik ilgarigi jamiyatlarda uyat ish deb bilingan. Faqat bizdagina kommunistik partiya rahnamoligida xoʻjalik yuritishning barcha sohalarida qoʻllasa boʻlaveradigan oddiy ishlar qatoriga kirdi. Bunday firibgarliklar hammaning koʻz oʻngida sodir boʻlar, lekin hech kim bunga qarshi lom-mim deb ogʻiz ochmas edi.

Har yili talabalar paxtaga — hasharga olib chiqilardi. Bunga hamma koʻnikib qolgan, hatto har yili “Qachon paxtaga joʻnaymiz?” deb sabrsizlik bilan kutadiganlar ham boʻlardi. Chunki paxtaga chiqishning oʻziga yarasha nashʼasi ham boʻlardi. Ammo rejani bajarish kechiksa, talabalar yogʻin-sochinli kunlarga qolib ketsa, sovuq boshlanib qolsa yomon boʻlardi. Ayniqsa, dekabr oyiga qolib ketsak, ahvol juda ogʻirlashardi. Ertalablar — yer muzlagan, qahraton ayoz, kun iligandan keyin esa muzlar erib, hamma yoq bilch-bilch loyga aylanadi. Oyoqqa botmon-botmon loy ilashib, yurib boʻlmaydi. Lekin shoʻrlik talabalar shunda ham dalani tark qilmaydi, ushuqdan koʻkarib ketgan panjalariga uhlay-uhlay terimda davom etadilar. Baʼzan esa paxta qolmagan boʻladi. Ammo rahbarlarimiz shunda ham daladan ketishga ruxsat bermaydi. Talaba ertalabdan kechgacha dalada boʻlmogʻi kerak. Bolalar ichida kasal koʻpayadi, intizom boʻshashadi. Lekin baribir ruxsat yoʻq.

Mashinalarda raykom kotiblari va boshqa kattalar izgʻib yuradi.

— Qani, bu talabalarning rahbari kim?

— Men,— deyman botqoq daladan sudralib chiqib kattamizning oldiga borar ekanman.

— Nega terim surʼati pasayib ketdi? Mana kechagi maʼlumotnomangiz, kishi boshiga yarim kilogrammdan ham tushmayapti. Bu qanaqasi boʻldi?

— Koʻrib turibsiz-ku, dalada paxta qolmagan. Kun boʻyi qirtishlaganda yarim kilo chiqmaydi. Umuman, bunday sharoitda talabalarni dalada tutishdan nima maʼno bor?

Kattamiz menga yeb yuborguday oʻqrayib qaraydi, rangi boʻzaradi, ijirgʻanib deydi:

— Sizni kim rahbar qilib qoʻygan? Partiyaning paxta siyosatini tushunmas ekansiz. Siz bilan boshqacha gaplashamiz!

Kattamiz ketganidan keyin ancha vaktgacha “partiyaning paxta siyosati”ni tushunib olishga tirishib miyamni ishlataman — miyalarim tors yorilib ketguday boʻladi. Bu tirishishlar oqibatida faqat bir narsani tushunib yetaman — qish dalasida paxta sira qolmagan boʻlsa-da, kattalarimizga “paxta yoʻq” deb boʻlmas ekan, ularga faqat “xoʻb boʻladi, bajaramiz!” deb turmogʻingiz kerak ekan. Shundagina ularning qahr-gʻazabidan omon qolishingiz mumkin. Shunday qilib, halovatingizni saqlab qolish, behuda jazolarga mustahiq boʻlmaslik uchun jinday yolgʻon suqilib kirdi, kerak boʻlsa-boʻlmasa undan “unumli” foydalana boshladik, hatto sanʼat sohasida ham boshdan-oyoq yolgʻonga asoslangan, yolgʻonga sajda qilib yaratilgan, yolgʻonni bayroq etgan asarlar paydo boʻldi. Oʻnlab-yuzlab misollar keltirish mumkin. Mana bittagina misol. Hamza haqidagi davomli filmni eslang. Nomi “Olovli yoʻllar” edi, shekilli. Hamza — qurolfurush, kurashchi, Rabindranat Thakurning doʻsti, Misr inqilobining tashkilotchilaridan va hokazo va hokazo. U inqilobchilik bobida shunaqa choʻqqilarga koʻtariladiki, hatto Leninni ham bir choʻqishda qochiradigan darajaga yetadi. Nazarimda, bu filmning nomi “Hamza mavzuidagi xomxayollar” deb qoʻyilsa toʻgʻriroq boʻlarmidi? Qizigʻi shundaki, shunday film ham jamiyatda hech qanday eʼtiroz tugʻdirmadi, aksincha, uning toʻgʻrisida matbuotda koʻpdan-koʻp maktovli maqolalar eʼlon qilindi. Filmni yasaganlar ham, uni tomosha qilganlar ham xijolat chekib, bir-birlaridan koʻzlarini olib qochmadilar. Negaki, yolgʻon gapirish, yolgʻonga sajda qilish jamiyatda allaqachon odat tusiga kirib ketgan edi.

Jonajon partiyamning bagʻrida yurib kashf etgan haqiqatlarimdan biri shu boʻldiki, u tili boshqa, dili boshqa partiya ekan. Katta-katta majlislarning qarorlarida, tantanali yigʻinlarda, shiorlar va xitoblarda bir xil gap aytilardi-da, amaldagi ish unga sira toʻgʻri kelmas edi. Masalan, partiyani aldash, unga yolgʻon gapirish eng ogʻir gunohlardan hisoblanardi, ammo partiya aʼzosi har qadamda yolgʻon gapirmasa, boshiga falokat yogʻilar, kuni oʻtmas edi. Deylik, oʻtmishda ota-bobolarimizdan birortasi ruhoniy yoki savdogarlik bilan shugʻullangan badavlatroq odam boʻlgan boʻlsa, buni albatta yashirmoq darkor edi. Toʻgʻrisini aytib qoʻysangiz, boshingiz malomatdan chiqmasdi. Nazarimda, partiyaga haqiqatni gapiradigan rostgoʻy va samimiy odamlar emas, balki kerakli gapni gapiradigan, rahbarlarga maʼqul gaplarni aytadigan, zarur fursatda har qanday yolgʻonni qoʻllashdan tap tortmaydigan chechan va uddaburronlar kerak edi. Keling, yaxshisi, men bir voqeani aytib beray, xulosani oʻzingiz chiqarib oling.

Bir domlamiz boʻlardi — Tohiriy degan. Bu odam yaxshi maʼnodagi eski ziyolilardan edi. U kishi pedagogikadan dars berar, leksiyani artistona mahorat bilan oʻqir, tom maʼnoda qomusiy bilimlarga ega edi. Talabalar u kishini juda yoqtirar, maʼruzalarini maroq bilan tinglar, tevaragidan sira odam arimasdi. Domla yoshi bir joyga yetib, ishni tark etar muddati yaqinlashganda partiyaga kirishni ixtiyor qilibdilar. Ancha yelib-yugurishlardan keyin hujjatlar tayyor boʻlgan.

Kunlardan birida dorilfunun partkomining majlisida domlaning arizasi koʻrildi. Odatdagidek, domla partiyaning dasturi va nizomini tan olishini aytdi, savollarga javob qaytardi. Majlis ahlidan kimdir hammani qiziqtirgan bir savolni oʻrtaga tashladi:

— Nega shu paytgacha partiyaga kirmay, qariganda bu ishga ahd qildingiz?

Domla sira kutilmagan bir javobni berdi:

— Shu paytgacha oʻzimni partiyaga noloyiq deb hisoblab keldim, negaki men yaqin-yaqingacha millatchi edim. Endigina shu illatdan qutuldim.

Birdan bomba portlaganday boʻldi — majlis ahlining koʻpchiligi “millatchi” degan soʻzni eshitgan boʻlsa ham, tirik millatchini koʻrmagan edi. Umuman, bunday davrada “men millatchi edim-u, endi tuzaldim” degan gap ilgari yangramagan boʻlsa kerak. Hamma hang-mang boʻlib qoldi. Domlasi tushmagur, “Partiyani aldab boʻlmaydi, uning qarshisida samimiy boʻlmoq kerak” deb oʻylab bor gapni oshkora aytdi-qoʻydi. Aytdi-qoʻydi-yu, lekin ishning pachavasini chiqardi — sobiq millatchini, albatta, partiyaga qabul qilmadilar. “Axir, u millatchiligidan xalos boʻlgan-ku! Shunday boʻlmasa, oʻtmishini bu qadar rostgoʻylik bilan aytib oʻtirmasdi. Uni samimiyati uchun jazolamaylik” degan gaplar oʻtmadi. Keyin ancha vaktgacha xar xil partiyaviy yigʻinlarda sobiq millatchini partiyaga olishiga sal qolgani haqida gapirib, dorilfununga taʼna toshlarini yogʻdirib yurdilar.

Partiyaning ichki hayotida yolgʻon, aldov va gʻirromlikning avj olishi jamiyat hayotida koʻpdan-koʻp illatlarning tomir otishiga sabab boʻldi. Odamlar oshkora tilyogʻlamalik, qalb amriga qarshi borib, vijdonini yutib ish tutish va faqat oʻz manfaatini oʻylab faoliyat koʻrsatish kabi qusurlardan hazar qilmay qoʻydilar.

* * *

Men nafaqat oliy oʻquv yurtida dars bergan pedagogman, ayni chogʻda tanqidchilik ham qilganman. Faoliyatimning ancha qismi Yozuvchilar uyushmasi bilan bogʻliq kechgan. Bu yerdagi katta-katta yigʻinlarda yozuvchi doʻstlarimning ikkiyuzlamachiligini, riyokorligini koʻrib koʻp iztiroblar chekkanman.

Bir kuni Yozuvchilar uyushmasida katta yigʻin boʻldi. Unda Pasternak degan rus yozuvchisining xiyonatkorona ishlarini qoralashimiz kerak edi. Boris Pasternak shoir va tarjimon edi. Sheʼriyat muxlislarining aytishicha, u juda isteʼdodli, oʻziga xos, yaltoqilikdan uzoq shoir boʻlgan. U oʻzbeklar oʻrtasida uncha mashhur emas edi. Va umuman, bu shoirning rasmiy doiralar bilan muomalasi chatoq boʻlib, uni imkoni boricha sanoqqa qoʻshmaslikka, kitoblarini chiqarmaslikka, oʻzining borligini sezmaslikka harakat qilardilar. Shu odam “Doktor Jivago” degan roman yozibdi. Romanda inqilobni qoralabdi, oq gvardiyachilarni tuzukkina odam sifatida tasvirlabdi. Bunaqa asarning bizda nashr boʻlishi mumkin emas edi — uni chet ellardagi allaqaysi burjua nashriyotlari bosib chiqaribdi, unga hatto Nobel mukofoti berilibdi. Shundan keyin adabiyot olamida katta hangomalar boshlandi. Partiyaning buyrugʻi bilan Moskvada taniqli yozuvchilardan bir guruhi Pasternakka ochiq xat yozib, uni vatanfurushlikda, gʻoyasizlikda, burjua mafkurasiga moyillikda aybladi. Nobel mukofotidan voz kechishga undadi.

Mamlakatdagi barcha respublikalar Yozuvchilar uyushmalarida uni qoralab yigʻinlar oʻtkazildi. Albatta, endi — bugungi kunda bunday yigʻinlar oʻtganining hech ajablanadigan joyi yoʻq deb qaraymiz. Zero, shoʻrolar zamonida qolipga sigʻmagan yozuvchi hamma vaqt har xil yoʻllar bilan qoralanib kelgan. Meni lol qoldirgani boshqa narsa edi — bizning uyushmamizdagi yigʻinga bel bogʻlab kelganlar ichida Pasternakni biladigan odamlargina emas, umrida uning nomini eshitmagan zotlar ham “zoʻr hujum”ga shay turardi. Ular orasida “Doktor Jivago” romanini oʻqiganlar esa umuman yoʻq edi. Shunga qaramay, soʻzga chiqqanlar “Men «Doktor Jivago”ni oʻqigan emasman, lekin Pasternakni butunlay qoralayman, bunaqa xoinga sovet yozuvchilari safida oʻrin yoʻq!» deb hayqirdilar. Majlis Pasternakni yakdillik bilan qoraladi. Yozuvchilar, yaʼni xalq nazarida eng peshqadam, eng fikri ochiq, eng xalqparvar ziyolilar yigʻinida bir odam topilmadiki, “Ey birodarlar, asarni hech qaysimiz oʻqimagan boʻlsak, gap nima toʻgʻrida borayotganidan bexabar boʻlsak va umuman, Pasternakning oʻzini tuzukroq bilmasak, uning fikr-mulohazalarini eshitmagan boʻlsak, qanday qilib uni qoralashimiz mumkin? Bu vijdonga, insofga xilof ish-ku!” desa…

Oʻshanda biz donolik bilan emas, johillik bilan Pasternakning yuziga tupurgan edik. Endi ayon boʻlmokdaki, oʻshanda… Pasternakning emas, oʻzimizning basharamizga tuflagan ekanmiz.

Afsuski, partiyaning ichki hayotidan ham, umuman, oʻsha davrlardagi jamiyat hayotidan ham bunaqa misollarni koʻplab keltirish mumkin. Ularning bari biz partiya rahbarligida sotsialistik jamiyat emas, allaqanday toʻnkarilgan teskari jamiyat qurganimizdan dalolat beradi. Toʻgʻri, hayotimiz avvalgidan birmuncha durust boʻlib qolgan edi. Yeb-ichishimiz ham, yashash sharoitlarimiz ham xiyla epaqaga kelib qolgan edi. Biroq jamiyat hayotida yolgʻon-yashiqning kuchayishi, insoniy qadr-qimmatning kamayishi, haromxoʻrlik va nopoklikning avj olishi axloqni xarob etib, eʼtiqodlarning tomirini qurita boshlagan edi.

Men onamni “aya” derdim. Ayam Qoʻqonning yonginasidagi Oxunqaynar qishlogʻida tugʻilib oʻsgan, soʻng taqdir taqozosi bilan avval Qoʻqonga, keyin Toshkentga kelib qolgan. Ayam chamasi oʻn yilcha savdo sohasida mehnat qilganlaridan keyin — 1938-yilda partiyaga kirdilar. U kishi partiyaga chin yurakdan ixlosmand edilar. Ayolliklariga qaramay, u kishini tom maʼnoda partiyaning soldati desa boʻlardi. Partiya qaysi ishga, qanday lavozimga qoʻymasin, ayam ularni gap-soʻzsiz, eʼtirozsiz bajarar, partiyaning har bir topshirigʻini sidqidildan ado etishga tirishar edi. Biz oilada toʻrt farzand edik; ochigʻini aytganda, bolalikda ona mehriga toʻyganmizmi-yoʻqmi, aniq ayta olmayman. Biz uyqudan turmasdan ayam ishga ketgan boʻlar, kechqurun u kishi ishdan qaytganda biz uxlab qolardik. Shu alfozda yillar oʻtdi — biz ulgʻaydik, uyli-joyli boʻldik, ayam ham salkam yarim asrlik aʼzolik stajiga ega boʻlgan partiya faxriysiga aylandilar. Ammo bir kun kelib, keksalik kor qildimi yo koʻp yillik “qadrdon” kasallari — diabet yengdimi, har holda ayam yotib qoldilar. Butun umri odamlar orasida — harakatda, faoliyatda oʻtgan odam yotib qolmasin ekan. Negaki, tashqi dunyodan uzilib, toʻrt devor ichiga qamalib qolishdan yomoni yoʻq. Biz — farzandlar, albatta, qoʻlimizdan kelgancha ayamning ahvolini yengillatishga harakat qildik, lekin u kishi alam va iztiroblar ichida hayotdan koʻz yumdilar. Keyin oʻylab qarasam, u kishining umriga zavol boʻlgan narsa faqat qand kasalining tajovuzlarigina emas ekan. Shak yoʻq, oʻlim haq! Ammo odamni qismatidan besh kun burun bu dunyo bilan vidolashuvga majbur qiladigan sabablar ham koʻp ekan. Ayamning hadeganda tilga chiqavermaydigan allanechuk ogʻir pinhoniy bir dardi bor edi. Koʻpincha ishdan qaytib, huzurlariga kirsam, koʻzlari namiqqan, yuzlari tund boʻlardi.

— Yana yigʻladingizmi, aya?

— Yoʻq, bolam, nega yigʻlay? Shunchaki siqildim-da, — derdilar ayam shikasta ovozda.

Bir kuni oʻzlari yorildilar:

— Nega bunday-a, oʻgʻlim? Men ellik yillik umrimni partiyaga bagʻishladim, sochimni supurgi, qoʻlimni kosov etib, uning xizmatini qildim, endi esa partiya shiramni soʻrib olib, poʻstimni tuflab tashladi. Shuncha xizmatlarim qumga singib ketdimi?

Darhaqiqat, ayam yotib qolganlaridan keyin u kishi aʼzo boʻlgan tashkilot ayamni hisobdan chiqarib, mahalladagi maktabning partiya tashkilotiga kiritib qoʻygan edi. Bu toʻgʻrida bir odam kelib xabar berib ketdi-yu, undan keyin boshqa hech kim kelmadi. Oradan oylar oʻtdi. Partiya aʼzosi har oyda aʼzolik badali toʻlab turmogʻi kerak. Bu — partiya aʼzosi uchun soʻzsiz bajarilishi lozim boʻlgan temir qonun edi. Agar uch oy aʼzolik badali toʻlanmasa, u oʻz-oʻzidan partiyadan chiqib ketardi. Ayam shundan qattiq bezovta boʻldi va meni maktabga joʻnatdi.

— E, domla, shunga tashvish qilib yuribsizmi? — dedi kotib begʻamgina ohangda. — Nafaqadagi odam bor-yoʻgʻi yigirma tiyin badal toʻlaydi. Oʻzimiz toʻlab yuboryapmiz.

Ayamning kuyganicha bor edi — partiya oʻzining xastalikka uchrab, ishga yaramay qolgan aʼzosidan butunlay yuz oʻgirgan edi. Men esa u kishining alamli savoliga tuzukroq javob topib berolmay garang edim. Ha, bizning partiya uchun odam choʻt emas edi — inson qadri haqida ogʻizda koʻp balandparvoz gaplar aytilsa-da, amalda zarur boʻlib qolsa, u har qanday odamning bahridan oʻtib ketaverardi.

Oradan koʻp oʻtmay shunga oʻxshash koʻrgulik oʻzimning boshimga tushdi.

80-yillarning boshlarida odamlarga chorbogʻ tarqatish rasm boʻldi. Bir guruh yozuvchilar ham bu nasibadan quruq qolmadi. Ular orasida men ham bor edim. Rostini aytsam, menga bir shapaloq yer tekkaniga juda suyundim — odam yoshi oʻtib borgan sari yerga yaqinroq boʻlishni xohlab qolarkan. Toʻgʻri, jinday uzoqligi bor — Toshkentdan oʻttiz besh chaqirim keladi. Nima qipti, yigirma yildan beri gijinglatib minib yurgan mashinam bor, har qanday uzogʻimni yaqin qiladi.

Yer tashlandiq, zarang ekan, tuprogʻi shoʻx. Bunisini ham eplaymiz. Joyimiz doʻngroq ekan — suv chiqishi qiyin. Bu ham shashtimizni qaytara olmadi. Ammo ishni biror boshpana barpo etishdan boshlamoq kerak edi. Butun oila aʼzolarimiz bahamjihat ishga kirishdik. Qurilish materiallari topish qiyin edi, ularni topsangiz, mashina topilmaydi, mashina topilsa, sabil qolgur pul topilmay xunob qiladi. Harqalay, yoru doʻstlar, oshna-ogʻaynilar jonga ora kirdilar. Oʻsha yili yozi bilan har kuni chorbogʻda hashar boʻldi va bu hasharlarda ishtirok etmagan bironta yosh ijodkor yoxud shogird qolmadi. Xullas, imoratni koʻpchiliklashib tiklab oldik. Lekin uning pardozdan chiqib uzil-kesil bitishiga hali uch-toʻrt qovun pishigʻi bor edi. Shapaloqdek yerni epaqaga keltirish, boshpana boʻladigan moʻjazgina bir kulbani bitirib olish bunaqa qiyin boʻlishini bilganimda, chorbogʻ deganini sira ham havas qilmagan boʻlardim. Ammo na iloj — boshlagan ishni oxiriga yetkazish kerak.

Shu ahvolda kunlar oʻtib turardi, kunlardan birida gazetada “Chorbogʻchilar” degan feleton chiqib qoldi. Qarasam, uch-toʻrt kishi qatorida mening ham familiyam bor. Feletonchisi tushmagur rosa boplabdi — uning gapiga qarasa, menday rasvo, menday boylikka ruju qoʻygan maxluq yoʻq, nafsim hakalak otib, ikki qavatli shohona qasr qurib olibman. Yo tavbangdan ketay, yolgʻon ham evi bilan-da… Ammo partiya tashkiloti uchun matbuotda chiqqan material jiddiy signal hisoblanardi. Asosiy mashmashalar feleton chiqqanidan keyin boshlandi — partiya majlisida masalam koʻrildi, ketma-ket partkomu raykomlarga chaqirildim, izohnomalar, tushuntirish xatlari yozdim. Nihoyat, mendan uyning ikkinchi qavatini buzib tashlash talab qilindi. Yaxshimi, yomonmi, oʻz qoʻling bilan barpo etgan narsani buzish juda ogʻir boʻlar ekan. “Tayyor bitgan imoratni nega buzmoq kerak, undan koʻra uni olinglar, bolalar bogʻchasi qilasizlar”, dedim. “Yoʻq”, dedilar. “Boʻlmasa, bolaxona qurganim uchun jarima toʻlay, loaqal yoʻlimizni asfalt qilishga xarjlarsizlar”, dedim. “Yoʻq”, dedilar. “Buzing, boʻlmasa, partiyadan oʻchiramiz”. Men, albatta, partiyadan oʻchishni istamas edim. “Mayli, buzaman. Loaqal, yozgacha ruxsat beringlar”, dedim. “Yoʻq!” Bahorning iliq kunlaridan birida uch-toʻrt kishi boʻlib bolaxonani qoʻporib tashladik. Lekin tomni yopolmadik. Keyin yogʻingarchilik boshlandi. Aksiga olib, oʻsha yili bahor juda seryogʻin boʻldi. Yozgacha imoratning bari shoʻralab, shuvoqlari koʻchib tushdi, devorlari ham uqalanib yaroqsiz holga keldi. Uch oy oldin bejirimgina turgan imorat bomba tushgan vayronaga aylandi-qoldi.

Oʻsha paytdagi iztiroblarimni eslasam, hozir ham kuyib-oʻrtanib ketaman. Chorbogʻ degan narsadan butkul koʻnglim sovidi. Har gal oʻsha vayronani koʻrganda chalasiga oʻzim oʻt qoʻyib yuborgim keladi. Lekin bundan ham yomonroq alam qilgani boshqa narsa boʻldi. Qanday gunohim bor ediki, meni shunchalar badnom qildilar? Oʻgʻrilik qilgan boʻlmasam, birovning haqini yemagan boʻlsam, chorbogʻni qurib, daromad manbaiga aylantirgan boʻlmasam? Axir, mening yoshimdagi donoroq doʻstlarim sira jonlarini koyitmay, hatto oylik ijara haqini toʻlamay, hukumat qurib bergan hashamatli chorbogʻlarda yashayapti-ku! Men boʻlsam, hukumatni chiqimdor qilmay deb hammasini oʻz mehnatim bilan qurib yuribman. Va rahmat eshitish oʻrniga yana feleton boʻlib oʻtirsam! Meni elu yurt oldida badnom qilsalar! Axir, odamlar nazarida jinday obroʻga ega boʻlsam, men buni yillar mobaynida halol mehnatim, toʻgʻriligim evaziga misqollab toʻplagan edim. Mening obroʻyim men aʼzo boʻlgan partiyaning obroʻyi emasmidi? Nega partiya meni bu adolatsizlikdan himoya qilmadi? Demak, unga mening obroʻyim ham, oʻzim ham kerak emas ekanman-da! Oʻshanda men bu savollarning birontasiga javob topganim yoʻq. Oʻylashlar oqibatida afsusu nadomatlarga toʻliq yana bir xitob tugʻildi, xolos: “Bu dunyo bunchalar telba-teskari boʻlmasa?!”

Albatta, bunaqa xoʻrliklar va nohaqliklarga dosh berish qiyin edi. Oʻylay-oʻylay bir narsadan tasalli topdim — bunaqa ishlar hayotimizda yangilik emas-ku! Sen-ku partiyaning bir oddiy aʼzosisan, sendan yuz chandon katta odamlar, tom maʼnodagi ulugʻ odamlar ham bunaqa teskari qismatdan bena-sib qolmaganlar-ku! Ularning ham hech qanaqa gunohlari yoʻq edi.

Shunday deb oʻylaganimda ulugʻ inson va ulugʻ olim Habib Abdullayevning qismati koʻz oldimda gavdalanardi. Dunyoga dongʻi ketgan olim. Oltin topishning samarali yoʻllarini kashf etgan; u topgan konlardan million-million daromad koʻrilgan va hozir ham koʻrilmokda. Uning rahbarligida Fanlar akademiyasi ham beqiyos oʻsdi. Bunaqa olim yuz yilda bir tugʻiladi, millat u bilan har qancha faxrlansa arziydi. Bunday olim xorijiy mamlakatlardan birontasida yashaganida, shubhasiz, juda katta izzat-ikrom koʻrgan va farovon hayot kechirgan boʻlardi. Ammo shunday odam ellik yoshga kirib-kirmay olamdan oʻtdi. Ha, umri qisqa ekan. Ammo uning umrini qisqa qilishga oʻzimiz ham ancha-muncha hissa qoʻshdik-ku! Oʻzining halol puliga anchayin imorat qurgani uchun uni badnom qilgan, tuproqqa qorishtirgan oʻzimiz edik-ku! Goʻyo bir tomonda sonmingta Habib Abdullayev qalashib yotibdiyu bunisini uloqtirib tashlab, oʻrniga yangisini qoʻyib qoʻyish mumkinday. Olim tevaragida gʻiybat qozoni qaynab yotganda partiyadan “Hoy birodarlar, bir katta olim durustroq uy qurib olgan boʻlsa nima boʻlibdi? Bu oʻzimizga obroʻ olib keladi” degan sado chiqmadi-ku!

Yoʻq, arzimagan “gunohlar” bahonasida odamlarni yomonotliq qilish, burnini yerga ishqab, qanotini qayirib olish partiyaning sevimli ishlaridan edi. Har xil yoʻllar bilan odamni xoʻrlash, tahqirlash va shu tarzda “popugini pasaytirib” qoʻyish bizning hayotimizda oddiy ish boʻlib qolgan edi.

Shu gaplarni yozyapmanu koʻz oʻngimda ulugʻ sanʼatkorimiz Shukur Burhonovning nuroniy siymosi gavdalanadi. Oʻylaymanki, yurtimizda bironta odamga uning kimligini tushuntirishga hojat boʻlmasa kerak. Shukur Burhonov betob kunlardan birida uning ishtirokisiz, orqasidan majlis qilibdilar-da, ishdan boʻshatib, “patta”sini uyiga eltib beribdilar. Holbuki, sanʼatkorning butun umri shu teatrda oʻtgan, u hayotini teatrdan tashqarida tasavvur ham qilolmasdi. Buni qanday tushunib, qanday izohlash mumkin? Har qancha uzrli sabablar roʻkach qilinmasin, ular Shukur Burhonni teatrdan quvgan odamlarning bagʻritoshligini oqlay olarmikan? Axir, biz bagʻrikeng, sersaxovat, mehridaryo xalq sifatida tanilgan edik-ku! Dini islom, musulmon axloqi asrlar mobaynida bizga odamiylikni, rahmdillikni, shafqatni singdirib kelgan edi. Nega endi bugunga kelib shu qadar mehrsiz va bagʻritosh boʻlib qoldik? Yaqinlarimizga qancha koʻp ozor yetkazsak, shuncha koʻproq huzurlanamiz. Bu illat bizga qachon, qanday yopishgan? Shoʻrolar zamonida keng tomir yoygan insonga loqayd qarash, uni qadrlamaslik shunday oqibatlarga olib kelmadimi?

Albatta, bu mulohazalar kimgadir maʼqul boʻlmasligi, kimdadir eʼtiroz tugʻdirishi mumkin. Kimdir “Mubolagʻa ham evi bilan-da! Uch-toʻrtta hodisani sanab, shundan insonga loqayd qarash partiya amaliyotining umumiy tamoyili boʻlgan deyish mumkinmi?” deb oʻylayotgandir ham. Bunga nima deb javob bersa boʻladi? Mening gaplarimda mubolagʻa yoʻq, birodarlar. Sizlarni bunga yana bir bor amin qilmoq uchun quyidagi dalilni keltiraman. Sizlar, albatta, Dinmuhammad Qoʻnayev haqida eshitgan boʻlsangiz kerak. U katta-katta kashfiyotlar qilgan atoqli geolog olim edi. Ammo keng xalq ommasiga geolog boʻlib emas, yirik davlat arbobi va dongdor partiya xodimi sifatida koʻproq tanilgan edi. Qoʻnayev qirq yildan ziyodroq rahbarlik lavozimlarida ishladi, shundan yigirma bir yil mobaynida partiya Markaziy Komiteti Siyosiy Byurosiga aʼzo boʻldi. Albatta, bu odam partiyaning ichki hayotini yaxshi bilgan, uning bu borada aytgan gaplarini sira shubha tugʻdirmaydigan dalil tarzida qabul qilsa boʻladi. Yaqinda Almatida uning “Mening davrim toʻgʻrisida” degan xotiralar kitobi chiqdi. Unda shunday satrlar bor: “Sen hokimiyat kursisida oʻtirgan boʻlsang, hurmatga sazovor, munosib odamsan. Mansabdan ketishing bilan seni ertasigayoq unutib yuboradilar. Koʻp hollarda esa mening ahvolimga tushasan — yangi chiqqan rahbarning qutqusi bilan mening ustimga har xil boʻlar-boʻlmas ayblar toʻnkadilar va oʻzimni oqlagani biron ogʻiz gap aytishga mutlaqo imkon bermadilar.”

Qoʻnayevning boshiga tushgan mojarolar partiya oʻz aʼzolarini qanday “qadrlagan”ini yaqqol koʻrsatadi. Boshqacha boʻlishi mumkin ham emas edi. Kommunistik partiya rahbarlari ogʻizda gumanistik aqidalarni alqagan boʻlsalar-da, amalda odamlarga oʻz maqsadlariga erishish yoʻlida bir vosita deb qaraganlar. Shuning uchun kommunistik jamiyat qurish yoki uni himoya qilish yoʻlida million-million odamlarni qurbon qilib yuboraverganlar. Ular bu qilmishlarini oqlash uchun maxsus nazariyalar ham toʻqib chiqarganlar.

“Odamlar davlat mashinasining murvatlari va parraklaridir” degan edi Stalin. Buyuk dohiy yana bir joyda: “Bizda almashtirib boʻlmaydigan odam yoʻq!” degan shiorni oldinga surgan edi. Bugunga kelib bu gaplar naqadar aksil-insoniy mazmunga ega ekani ayon boʻldi. Axir, bu dunyoda insondan buyukroq, insondan moʻjizaviyroq jonzot yoʻq! Insonning chiqiti boʻlmaydi, uning biri — tosh, biri — gul. Oʻz oʻrnida ikkovi ham kerak. Ammo kommunistik partiya inson taqdiri haqida gap ketganda bu aqidani butkul unutar edi.

Qars ikki qoʻldan degan gap bor. Partiyaki oʻz aʼzosini qadrlamasa, aʼzolar oʻz partiyasini nechuk qadrlasin?

Men nafaqat munaqqid va adabiyotshunosman, balki muntazam ravishda tarjimachilik bilan ham shugʻullanganman. Tarjima qilgan asarlarim orasida Leninga bagʻishlanganlari koʻp. U paytlarda men Lenin haqidagi ocherk va hikoyalar, qissalar va romanlarni oʻzbek kitobxoniga yetkazishni juda muhim ish deb hisoblardim. Oʻzbek yoshlari bu kitoblarni oʻqib dohiydan ibrat olsa, unga oʻxshagan barkamol boʻlishga harakat qilsa qanday yaxshi! U kezlarda koʻpgina sovet kishilari kabi Leninni parvardigordek benuqson deb bilardim. Jinday tili chuchukligini aytmasa, boshqa aybi yoʻq edi. 20-yillardayoq matbuot sahifalarida “Lenin paygʻambarmi, yoʻqmi?” degan mavzuda juda jiddiy bahs oʻtgan. Har holda, uning butun dunyo mehnatkashlarining dohiysi ekaniga sovet kishilarida zarracha shubha yoʻq edi. Lekin bir gal menda allanechuk gumon paydo boʻlgan.

Oʻshanda men birinchi marta xorijiy safarga chiqib, Misrga borgan edim. Safar davomida misrlik oddiy odamlar bilan muloqotda boʻlishga harakat qildim. Leninning tasviri zarblangan nishonlardan ancha-muncha olib olgan edim. Misrliklar nishonlarni bajonu dil olishdi, u yoq-bu yogʻini aylantirib tomosha qilishdi, soʻng rasmni koʻrsatib “Bu kim?” deb soʻrashdi. Qiziq-a, ular mehnatkash boʻlaturib, oʻz dohiylarini tanimadilar. “Bu — Lenin” deyman ranjiganimni bildirmaslikka tirishib. Ular esa menga baqrayib turaveradilar. “Lenin kim?” deb soʻraydilar. Keyin-keyin bildimki, xorijda Leninning shuhrati unchalik emas ekan, u yerdagi odamlar Leninsiz ham binoyidek kunlarini koʻrib turar ekanlar. Bizning nazarimizda esa, Lenin boʻlmasa, yer yuzida hayot toʻxtab qoladiganday edi. Mabodo, olamda biron mangu turadigan narsa boʻlsa, bu — Lenin boʻlmogʻi kerak edi.

Keyin oshkoralik va qayta qurish boshlandi. Ilgari yashirib kelingan haqiqatlar yuzaga chiqa boshladi. Koʻzimiz ochildi. Lekin… Shu oʻrinda Choʻlponning bir bayti esga tushadi:

Nechun ochildi koʻzim, qayga ketdi uyqularim?

Bu uygʻonishda toʻlib-toshdi, oshdi qaygʻularim.

Koʻzimiz ochilib koʻrdikki, Lenin bobo ham oʻzimiz qatori ekanlar, koʻpda benuqson emas, aksincha, ancha-muncha jinoyatlarga qoʻl urishdan qaytmagan, ancha-muncha odamning hayotiga zomin ham boʻlgan ekanlar. Lenin bobo ham nafs balosiga giriftor boʻlgan osiy bandalardan ekanlar, faqat yeb-ichish, molu dunyo orttirish kasaliga emas, butun dunyoni oʻz bichimiga moslab qayta qurish dardiga mubtalo boʻlgan ekanlar. U kishi faoliyat maydoniga kirib kelishlari bilanoq Arximedning mashhur gapini oʻz manfaatlariga moslab, “Menga tayanch nuqtasini bering, butun dunyoni agʻdar-toʻntar qilaman!” deb hayqirgan edilar. Keyin partiyani oʻzlari uchun shunaqa tayanch nuqtasi qilib oldilar, partiya aʼzolari va partiyaga aʼzo boʻlmagan oddiy odamlarni oʻzlarining xomxayollarini roʻyobga chiqarishda vosita deb bildilar. Bu gʻaroyib hodisani idrok et-moqchi boʻlib harchand urinaman, lekin tagiga yetolmayman. Qandoq boʻldiki, Rossiya imperiyasidek katta bir mamlakat bir hovuch nayrangbozning tuzogʻiga ilindi? Nechuk es-hushi joyida, aqli raso million-million odamlar bolsheviklar toʻqigan afsonalarga chippa-chin ishondi? Oʻtmish haqida qancha koʻp oʻylasam, bunaqa savollar shuncha koʻproq paydo boʻladi.

Ammo biz savol berib oʻrganmagan edik. Negaki savol bermoq uchun odam sinchkov boʻlmogʻi, har narsaning tagiga yetishga tirishmogʻi kerak, fikrlaydigan odam boʻlmogʻi shart. Biz ayni shu fikrlash masalasida oqsar edik, yuqoridan aytilgan yoxud matbuotda yozilgan har qanday gapni tahlil chigʻirigʻidan oʻtkazmay, haqiqat deb qabul qilishga koʻnikib qolgan edik. Buning natijasida har xil yolgʻon-yashiqlar, boʻlar-boʻlmas afsonalar ongimizga singdirilardi. Har kuni takror-takror aytaverganidan keyin yolgʻon ham rostga oʻxshab qolar ekan. Gap quruq boʻlmasin, bir-ikkita misol keltiray.

Koʻp yillar mobaynida “Ulugʻ Oktyabr inqilobi insoniyat tarixida yangi davr ochdi” degan ibora bizning “bismillo”miz boʻlgan. Har bir maʼruzada, har bir maqolada, har bir kitobda bu gap qayta-qayta taʼkidlanar, qayta-qayta quloqqa quyilar edi. Lekin hech kim “1917-yil oktyabrida oʻzi inqilob boʻlganmi yoxud shunchaki davlat toʻntarishimi? Yo bir hovuch sarguzashttalab unsurlar uyushtirgan fitnamidi u? Toʻntarish yoki fitna boʻlsa, uni «ulugʻ” deb boʻladimi? Bu toʻntarish ochgan “yangi davr” nimalarda aks etadi?» degan savollarni bermas edi.

Koʻp kitoblarda Oʻzbekistondagi fuqarolar urushi haqida gap ketganda “Fargʻona vodiysida shonli askarlarimiz yuz ming bosmachini qirib tashladi” deb yozilardi. Buni oʻqib, “Oʻ, frunzening shovvozlari-ey! Rosa bosmachilarning taʼzirini bergan ekan-da” deb yuraverganmiz. Holbuki, jinday fikr yuritilsa, jinday tahlil qilinsa, bu safsataning misi chiqadi: ajabo, yuz ming bosmachi qirilgan boʻlsa, tirik qolgani qancha ekan? Boring, ana, bosmachilarning beshdan biri qirilgan boʻlsin. Unda qoʻlda qurol bilan shoʻrolarga qarshi kurashgan bosmachilar 500 ming kishini tashkil qiladi-ku! Vodiy aholisining hammasi oyoqqa turgan ekan-da! Unday boʻlsa, butun xalqni “bosmachi” deb boʻladimi? Shoʻro hukumati ham xalqning xohish-irodasiga qarshi oʻrnatilgan ekan-da?!

Fikrlashdan qochish, “och qornim — tinch qulogʻim” falsafasi odamni loqayd qiladi. Firqa arboblari esa bundan foydalanib, ommani oʻzlarining nogʻorasiga istagancha oʻynataveradilar. Hech kim ularning mushugini “pisht” deyishga jurʼat qilolmay qoladi.

Qayta qurish avj olgan kezlarda Satin degan bir kimsani allaqayerdan topib kelib, Toshkent shahar partiya qoʻmitasiga kotib qilib qoʻydilar. Bu zotning oʻzbeklarda qasdi bor ekanmi, har qalay, koʻp odamni qiyratdi. U odamni ayblaganda daʼvolarni qalashtirib tashlar, lekin dalil-isbotini oʻylab ham oʻtirmas edi. Bir kun katta bir yigʻinda Toshkent dorilfununini millatchilik uyasi sifatida taʼrifladi va buning daliliga “Talabalarning 50 foizi oʻzbek ekan” degan gapni aytdi. Na oʻsha majlisda, na yigʻindan keyin bironta odam chiqib, “Dorilfunun talabalarining yarmi oʻzbek boʻlsa, juda oz ekan, axir, dorilfunun boshidanoq mahalliy millat bolalariga oliy taʼlim berish maqsadida tuzilgan” degan gapni aytmadi. Shu tarzda Satin ham millatchilarni fosh qilish ishiga munosib hissasini qoʻshdi.

Qayta qurish davri koʻp davom etgani yoʻq. Ammo besh-olti yillik qisqa muddat mobaynida nafaqat Lenin toʻgʻrisida, balki partiyaning boshqa dohiylari toʻgʻrisida, partiyaning oʻzi haqida shunaqa haqiqatlar ochilib ketdiki, ular eʼtiqodimizning qolgan-qutganini ham barbod etdi. Bu davrda eʼlon qilingan hujjatlarda jinoyatkorlar bir toʻda ekani, yetmish yil mobaynida dunyoning oltidan bir qismini yovuzlik saltanatiga aylantirgani, odamlarni iymon va vijdondan, faollik va halollikdan mahrum etgani uzil-kesil isbot qilindi. Partiya quladi. U yelga uchragan tutunday gʻoyib boʻldi. Undan xotira sifatida mamlakat tarixida sira bitmas bir yara boʻlib qora oʻpqon qoldi. Partiya quladi-yu, uning xarobalari ostida millionlab oddiy partiya aʼzolari qoldi. Men shulardan biri edim. Men partiya asoratidan qutuldim — endilikda boʻlar-boʻlmas majlislarda soatlab qadalib oʻtirishlarga, hisobot berishlarga, yolgʻon gapirishlarga, oʻzimda yoʻq fazilatlarni sotishga, riyokorlikka hojat qolmadi. Ammo bu — oʻttiz yil mobaynida vujudimga singib ketgan partiyaviy illatlarning qoʻlansa boʻyidan butkul xalos boʻldim degan maʼnoni bildirmaydi. Oʻttiz yil davomida koʻnglimga jo boʻlgan, ongimga oʻrnashib olgan ogʻular hamon fikrimni zaharlashda davom etmoqda. Partiya safida oʻtgan oʻttiz yillik umrimni sarhisob qilib, “Nima orttirdimu nimalardan mahrum boʻldim?” degan savolni qoʻysam, orttirganim bir hovuch boʻlsa, yoʻqotganim togʻday beqiyos!

Men partiyaga juda katta orzu-umidlar bylan kirgan edim. Maqsadim —mansab emas, imtiyozlar emas, balki maslakdosh doʻstlar bilan birgalikda ulugʻ ishlarni amalga oshirish, maʼnaviyat yuksakliklarida parvoz qilish, inson degan nomga dogʻ tushirmay yashash edi. Ming afsuski, bu orzular ushalmadi. Aksincha, partiya safida yurib, jinday riyokor, jinday aldamchi, jinday ikkiyuzlamachi boʻlib qoldim, mehnat qilish oʻrniga oʻzimni mehnat qilayotganday qilib koʻrsatishni oʻrgandim, safsatabozlikka, koʻzboʻyamachilikka koʻnikdim.

Oskar Uayld degan ingliz yozuvchisining “Dorian Greyning portreti” degan ajoyib romani bor. Roman qahramoni Dorian Grey — boʻy-basti kelishgan, har qanday qiz bir koʻrsa oshiqu beqaror boʻlib qoladigan barkamol yigit. U mustaqil hayotga endi qadam qoʻyar ekan, Iblis bilan uchrashadi; Iblis uning iymoni evaziga to vafotiga qadar butun navqironligi va jozibadorligini saqlab qolishni vaʼda qiladi. Dorian rozi boʻladi — umrini ayshu ishratda, huzur-halovatda oʻtkazadi, sira qarimaydi — umrining oxirigacha yoshlikdagi barkamolligini saqlab qoladi. Nihoyat, vaqt-soati yetib, olamdan oʻtadi. U oʻlim toʻshagida yotar ekan, koʻz oʻngida yillar davomida shakllangan: haqiqiy qiyofasi namoyon boʻladi. Bu qiyofa odamni jirkantiradigan darajada xunuk — peshonalar tirishgan, koʻzlar chaqchaygan, pastki lablar osilib tushgan, soʻyloq tishlar yirtqich hayvonnikidek turtib chiqqan… Huzur-halovat, rohat-farogʻat, maishatning bahosi bu…

Dorian Greyning oʻlim toʻshagida namoyon boʻlgan asl qiyofasi — iymonsizlik va maʼnaviyatsizlikning qiyofasi. Men partiya saflarida kechirgan hayotimga yakun yasamoqchi boʻlsam, har gal Dorian Greyning asl qiyofasi koʻz oldimda gavdalanaveradi. Partiyaning soxta talablari, shafqatsizligi, gʻayriinsoniyligi meni ikkiyuzlamachi, riyokor qildi, iymondan mahrum etdi, qingʻir yoʻllarga boshladi. Shundoq ekan, nechuk men bunday partiyadan kechmay? Nechuk eʼtiqodimni oʻzgartirmay? Buning uchun mendan hazar qilish kerakmi? Aksincha, meni va menga oʻxshash boshqa millionlarni shu koʻyga solgan partiyadan hazar qilmoq kerak emasmi? Ha, koʻzlar juda kechikib ochildi, aql kechikib kirdi. Lekin men kechikib boʻlsa ham koʻzim ochilganiga shukrlar qilaman.

Kompartiya tarqab ketganidan keyin yangi partiyalar tuzildi. Meni ham ular safiga kirishga taklif qildilar. “Meni qoʻyinglar, birodarlar,— deb javob berdim. — Keling, endi bu yogʻiga adashsam, oʻzim adashay, oʻzim tuzatay va oʻzim javob beray”. Mendan soʻrashlari mumkin — xoʻp, kommunistik eʼtiqoddan voz kechibsiz, boshqa partiyalardan bosh tortibsiz, endi eʼtiqodsiz yashamoqchimisiz? Nega endi eʼtiqodsiz yashar ekanman? Aksincha, bugun iymonim butroq, eʼtiqodim mustahkamroq boʻlib qoldi. Bugun men umumbashariy qadriyatlarga, yaxshilikka, halollikka, diyonat va insofga eʼtiqod qoʻydim. Mening baxtimga, menga oʻxshagan millionlarning baxtiga jonajon yurtimiz boshida mustaqillik bayrogʻi hilpiray boshladi. Mustaqillik bizga erkinlik olib keldi va shu bilan birga, har birimizga yuksak masʼuliyatlar yukladi. Endi biz teranroq va dadilroq fikrlaydigan boʻlmogʻimiz kerak, maʼnaviyatimizni yangi bosqichga koʻtarishimiz zarur. Biz yangi, mustahkam va yuksak iymonga ega boʻlmogʻimiz darkor. Yangi iymonga ega boʻlmoq uchun esa butunlay poklanmoq shart. Buning uchun qolgan umr yetib bersa, bas!

Ozod SHARAFIDDINOV,

Oʻzbekiston Qahramoni

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер