Mahallaning fransiyalik buvijonisi
Foto: “Xalq soʻzi”
Koʻhna Buxoroning Jalol Ikromiy mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan qadimiy koʻchalaridan birida “Helene Oasis” degan yozuvni koʻrish mumkin. Sharqona uslubda bunyod etilgan bu hovlidan sayyohlar, xususan, Fransiyadan tashrif buyuradigan mehmonlarning qadami uzilmaydi. “Helene Oasis” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli bu mehmonxona faoliyati fransiyalik Elen Pelos xonim tomonidan yoʻlga qoʻyilgan.
Mabodo, hovlining qadimiy eshigini chertib, ichkariga kirar boʻlsangiz, Elen xonim oʻzbek tilida “Assalomu aleykum, xush kelibsiz”, deya xalqimizga xos ochiq chehra bilan qarshi oladi.
Elen Pelos Bezanson shahridan. 30 yildan ziyod vaqt mobaynida konservatoriyada talabalarga saboq bergan. Nafaqaga chiqqach, sayru sayohatni odat qilgan.
— Oʻzbekistonga, jumladan Buxoroga 2006-yilda keldimu necha ming yillik tarixga ega, samimiy odamlar, ayniqsa, yoshlar bilan gavjum qadimiy shaharga ipsiz bogʻlanib qoldim,— deydi u har gal qiziquvchan yurtdoshlarimizga.—Bu koʻhna shahar meni oʻziga ohanrabodek oʻziga tortdi – qoʻydi. Oradan ikki yil oʻtgach, jamgʻarmamning bir qismiga shu yerdagi hovlilardan birini xarid qilib, mehmonxona ochdim.
Mehmonxona ish yurituvchisi Lola Obloqulovaning bildirishicha, Elen xonim har yili ikki bor Buxoroga kelib, 3 – 4 oy mobaynida shu yerda istiqomat qiladi. Qoʻni–qoʻshnilar bilan suhbatlashadi. Milliy musiqa sanʼatimiz hamda sharqona taomlarimiz haqida gurunglashishni xush koʻradi. Qurbon hayitida jonliq soʻyib, mahalladoshlarga hayitlik ulashganiga nima deysiz?
Yetmish yoshni qoralab qoʻygan Elen xonim qoʻni–qoʻshnilar uchun allaqachon mahallaning buvijonisiga aylangan.
Biz yuqorida oʻzbek – fransuz xalqlari hamkorligi, doʻstligiga oid kichik bir dalilni keltirdik. Vaholanki, ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar qamrovi juda keng. Deylik, yurtimiz taʼlim muassasalarida fransuz tilini oʻqitish borasida boy tajriba toʻplangan. Shu oʻrinda birgina Gʻijduvon tumanidagi 62–ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabini misol tariqasida keltirish mumkin. Fransuz tilini chuqur oʻrgatish borasidagi yutuqlaridan kelib chiqib, bu bilim dargohiga “Fransiyaning Oʻzbekistondagi maktabi”, deya taʼrif berishadi. Shu maktab asoschisi, “El – yurt hurmati” ordeni sohibi marhum Said Rahmonov fransuz tiliga oid bir qator darsliklar hammuallifi sanaladi. Zahmatkash oʻqituvchi Fransiyaning 1808-yilda taʼsis etilgan “Palm – akademik” ordeni bilan taqdirlangan. Darvoqe, Buxoro bilan birodarlashganlar qatorida Fransiyaning qadimiy kentlaridan biri Ryuyey – Malmezon shahri ham bor.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring