“ljro.gov.uz” elektron tizimini takomillashtirish masalalari — muhokama markazida

16:08 16 May 2024 Jamiyat
148 0

Prezidentimizning tegishli Farmon va qarorlari bilan davlat organlari hamda tashkilotlarining ijro intizomiga masʼul boʻlinmalarining ijro intizomini mustahkamlashdagi rolini oshirish, ijro intizomiga masʼul tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari uchun oʻquv-amaliy seminarlar tashkil etish — ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha yagona va uzluksiz «texnologik zanjir»ni tashkil etish borasidagi ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilangan.

Aytish joizki, “ljro.gov.uz” elektron tizimda davlatimiz rahbarining 3 ming 724 ta hujjatidagi topshiriqlar ijrosi monitoringi yuritiladi. Shunga koʻra, bugun Hisob palatasi hamda Adliya vazirligi tomonidan “ljro.gov.uz” elektron tizimini takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar mavzuida oʻquv-amaliy seminar oʻtkazildi.

Seminarda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy hokimliklar hamda xoʻjalik birlashmalarining ijro intizomiga masʼul boʻlinma boshliqlari jonli tarzda 100 dan ortiq va video konferensaloqa tarzda 500 ga yaqin xodimlar ishtirok etishmoqda.

Tadbirda Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi «UNICON SOFT» MCHJ tomonidan “ljro.gov.uz” tizimini takomillashtirish boʻyicha joriy qilingan yangi mexanizmlar, shu jumladan, topshiriqlarning ijrosini oraliq nazorat qilish tartib-taomillari, davlat organlari va tashkilotlarining tegishli elektron tizimlari orqali topshiriqlar amalda bajarilganligini tekshirish, davriy topshiriqlarning ijro muddatlarini belgilash hamda nazoratini olib borish kabi oʻzgartirishlar haqida ishtirokchilarga batafsil maʼlumotlar berildi.

Taʼkidlash joizki, “ljro.gov.uz” elektron tizimi muntazam ravishda texnik jihatdan takomillashtirilib borilmoqda. Xususan, yaqindagina tizim davriy topshiriqlarni avtomatik ravishda keyingi muddatga oʻtkazish, topshiriqlarda birdek masʼul boʻlgan tashkilotlarni teng kuchli shaklda roʻyxatga olish, joylarda oʻrganilishi zarur boʻlgan topshiriqlar ijrosini tizim orqali hududiy adliya organlariga tushirish kabi texnik imkoniyatlar bilan yanada kengaytirilgan edi.

Tadbir yakunida “ljro.gov.uz” elektron tizimidagi mavjud muammolar bevosita ijrochilar bilan muhokama qilindi hamda birgalikda tizimni doimiy takomillashtirib borish masalalari boʻyicha kelishib olindi.

Robiya BAXTIYOROVA,

OʻzDJTU xalqaro jurnalistika fakultetining 3-bosqich talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер