Lavozimlardagi oʻzgarishlar — ishga yangicha yondashuv omili

11:32 08 Fevral 2022 Jamiyat
596 0

Foto: Халқ сўзи

Kecha Toshkent viloyatidagi ayrim mansab pillapoyalarida oʻzgarishlar yuz bergani maʼlum boʻldi. Jumladan, Xalq deputatlari Oqqoʻrgʻon tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida koʻrilgan tashkiliy masala ortidan qator yillardan buyon ushbu tumanga rahbarlik qilib kelgan, tajribali hokim Farhod Omonov lavozimini tark etdi. Uning oʻrnini 1983-yilda Yangiyoʻl tumanida tugʻilgan, mutaxassisligi boʻyicha iqtisodchi boʻlgan Alisher Karimjonov egalladi.

Ushbu sessiyada maʼruza qilgan Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev oʻziga qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosar tayinlanganini ham ochiqladi. Maʼlumotga koʻra, bu lavozimni bugunga qadar Fargʻona viloyatining Oltiariq tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan Xolmirza Niyozov egallagan. Nazarimizda, Toshkent viloyati qishloq xoʻjaligidagi ayrim oqsoqliklarni Fargʻona tajribasi orqali bartaraf etish omillari belgilanmoqda, shekilli.

 

 

Xullas, Oqqoʻrgʻon tumanining keksayu yoshiga yaxshi tanish va qadrdon boʻlib qolgan, kamtarin va kamsuqum sobiq hokim Farhod Omonov yangi lavozimga — Toshkent viloyati mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, viloyat hokimining keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchiligiga kuzatildi.

Bundan bir hafta oldin esa Xalq deputatlari Angren shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ham tashkiliy masala koʻrilgan, shu kungacha Angren shahar hokimi lavozimida ishlab kelgan Shukurulla Mahmudov oʻz lavozimidan ozod etilib, Toshkent viloyati hokimiga qurilish masalalari boʻyicha oʻrinbosar etib tayinlangan edi. Uning oʻrniga esa Piskent tumanida tugʻilgan, mutaxassisligi moliyachi boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida ishlab kelayotgan Nuriddin Abdurahimov Angren shahar hokimi sifatida faoliyatini boshladi.

Toshkent viloyatida yuqori lavozimlarda yuz berayotgan oʻzgarishlar ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarga, aholi eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan muammo va kamchiliklarni tugatishga, hudud rivojini yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi, albatta.

Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?