Korrupsiyaga qarshi kurashda Samarqand tajribasi

18:39 27 Oktyabr 2025 Jamiyat
315 0

Korrupsiya holatini tahlil qilish va oldini olish maqsadida Samarqand viloyat prokuratura organlari tomonidan yaxshi tajribalar yoʻlga qoʻyilmoqda. Unga koʻra, viloyat va tuman-shahar prokuraturasi hamda departamenti xodimlari barcha darajasidagi tashkilotlarga biriktirilgan. Hozirga qadar ular tashkilotlardagi 11 600 nafar xodimlar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazishdi. Barcha tashkilotlarning “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi. Har oyning 1-5 kunlari maxsus algoritm asosida oʻtkazilayotgan korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish tadbirlari davomida korrupsion tuynuklar, sxemalar aniqlanib, ularni bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni, huquqiy ong va madaniyatni bolalikdan shakllantirish maqsadida prokuratura, sud, ichki ishlar va adliya idoralari xodimlariga viloyatdagi 1267 ta maktablar biriktirilib, har hafta juma kuni maʼnaviyat soatlari negizida 6-sinfdan boshlab korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha dars mashgʻulotlari oʻtib borilishi toʻgʻrisida Qoʻshma qaror qabul qilingan.

Dars mashgʻulotlarini oʻtish uchun 6-7, 8-9, 10-11sinflar uchun “Halollik va toʻgʻrilik” nomli, oliy taʼlim muassasalari talabalari, davlat xizmatchilari, komplayens-nazorat tizimi xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi bilimlarini oshirish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashish asoslari” nomli oʻquv qoʻllanmalari tayyorlanib, ular asosida dars mashgʻulotlari olib borilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida nodavlat notijorat tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatish maqsadida Hamkorlik memorandumi va Yoʻl xaritasi imzolanib, bu borada ularning taklif va tashabbuslaridan ham keng foydalanilmoqda.

– Viloyatda faoliyatni raqamlashtirish orqali korrupsiyaga qarshi kurashishga alohida eʼtibor qaratilyapti, – deydi Samarqand viloyati prokuraturasi boʻlim boshligʻi Xurshid Musurmonov. – “Sam – bozor” (Raqamli bozor) dasturi ishlab chiqilib, viloyatdagi 2 va undan ortiq kun davomida ishlayotgan 19 ta bozorlarning faoliyati toʻliq raqamlashtirildi. Natijada 2024-yilning iyulida 19 ta bozorning oylik oʻrtacha tushumi 4,2 mlrd. soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, joriy yilning iyulida 6,7 mlrd. soʻmga yetdi. Noqonuniy faoliyat yuritayotgan 760 ta tadbirkorlik subyektlarining faoliyati qonuniylashtirilib, yaratilgan 869 ta ish oʻrinlarida fuqarolarning qonuniy bandligi taʼminlandi.

Shuningdek, yoʻlovchi tashish jarayonida amalga oshirilayotgan toʻlovlar shaffofligini va koʻrsatilayotgan xizmatlarni real vaqt rejimida nazorat qilish imkoniyati yaratildi. Xususan, 550 ta avtobuslar, 115 ta mikroavtobuslar, 210 ta “Damas” avtotransport vositalariga GPS vositalari oʻrnatilib, “Wialon” elektron dasturiga ulandi. Transport boshqarmasida Situatsion markaz tashkil qilindi.

Avtobuslarga sunʼiy intellekt yordamida dasturlangan kameralar oʻrnatilib, bugungi kunga qadar 140 ta avtobusda yoʻlovchilar oqimini sanash va shunga mutanosib ravishda toʻlovlarni hisoblab chiqarish imkoniyati yaratildi. Viloyatdagi transport korxonalari oʻtgan yilning iyulida 8,3 mln. kishini tashigan boʻlsa, joriy yilning iyulida 10,5 mln. kishini tashigan. Yoʻlovchi tashuvchi korxonalar hisobiga oʻtgan yil iyul oyida 50,9 mlrd. soʻm tushgan boʻlsa, joriy yilda 68,5 mlrd. soʻm tushishiga erishildi.

Elektr energiya sohasida korrupsion holatlarni oldini olish maqsadida Samarqand tumani, Samarqand shahri elektr tarmoqlari korxonasining 54 nafar xodimlariga bodikamera va planshetlar ajratilib, ularga “GPS” uskunalari oʻrnatilgan hamda ish jarayonini onlayn kuzatib borish uchun server jihozlari bilan taʼminlandi. Yil yakuniga qadar barcha hududlar xodimlari faoliyati raqamlashtiriladi.

Viloyatdagi mavjud 56 ta avtoturargohlarga “Hik — Sentral” dasturi oʻrnatildi. Shuningdek, 40 ta jarima maydonchalari davlat raqam belgilarini tanib oluvchi kameralar, kompyuter jihozlari va boshqa vositalar bilan jihozlanib, faoliyati toʻliq raqamlashtirildi. koʻp qavatli uylarni boshqarish kompaniyalari faoliyati raqamlashtirilib, “Shaffof uy” dasturi yaratildi. Soliq xodimlari, Davlat mehnat huquqi inspektorlari faoliyatidagi korrupsion xavf-xatarlarni oldini olish maqsadida ularning ish yuritishi ham raqamlashtirildi.

Viloyatdagi 3 ta tuman-shahar (Samarqand shahar, Ishtixon, Bulungʻur) tibbiyot birlashmalari, 4 ta viloyat tibbiyot muassasalariga “D-MED” axborot tizimi va sunʼiy intellekt yordamida ishlaydigan kameralar oʻrnatilib, faoliyati toʻliq raqamlashtirildi. Birgina viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida 2024-yil 8 oyda jami tushum 4,3 mlrd. soʻmni tashkil etgan boʻlsa, raqamlashtirishdan soʻng 2025-yil 8 oyda tushum 13,9 mlrd. soʻmni tashkil etdi.

Viloyat prokuraturasi tomonidan qoʻshimcha 8 ta sohada raqamlashtirish ishlari davom ettirilmoqda. Bu jarayon yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, xufiyona iqtisodiyotni qisqartirish borasida tizimli ishlar amalga oshirishda samaradorlikni taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?