Koʻzga koʻrinmas dushman: tarixdagi eng dahshatli pandemiyalar

21:31 05 Fevral 2026 Dunyo
356 0

Insoniyat tarixi davomida pandemiyalar millionlab odamlar hayotiga zomin boʻlgan, jamiyatlarni tubdan oʻzgartirgan va davlatlarni jiddiy sinovdan oʻtkazgan. Ayrim kasalliklar nafaqat inson salomatligi, balki iqtisod, siyosat va ijtimoiy hayotga ham ulkan taʼsir koʻrsatgan. Quyida tarixdagi eng talafotli pandemiyalar, ularning kelib chiqishi, tarqalishi va oqibatlari haqida qisqacha toʻxtalib oʻtamiz.

Afina vabosi (miloddan avvalgi 430–426-yillar)

Afina vabosi miloddan avvalgi V asrda Peloponnes urushi davrida hozirgi Afina shahri va atrofida tarqalgan boʻlib, Efiopiya tomonlaridan kelgani taxmin qilinadi. Ammo kasallikning qoʻzgʻatuvchisi aniqlanmagan. Bu vabo bir necha yil davom etgan va shahar aholisining taxminan 25 foizini halok qilgan.

Afina aholisining zich joylashuvi va urush sharoiti tarqalishni tezlashtirgan, bu esa shahar hayotining izdan chiqishiga, ijtimoiy qoʻrquvning avj olishiga va davlat boshqaruvida izchillik yoʻqolishiga olib kelgan. Iqtisodiy zararlar aniq hisoblanmagan boʻlsa-da, Afinaning harbiy va siyosiy zaiflashuvi aynan shu kasallik bilan bogʻlangan.

Antonin vabosi (165–180-yillar)

Milodiy II asrda paydo boʻlgan Antonin vabosi Sharqiy yurishlardan qaytgan rim legionerlari orqali hozirgi Iroq hududidan Rim imperiyasiga kirib kelgan. Tadqiqotchilar bu pandemiyaga chechak virusi (Variola virus) sabab boʻlganini qayd etishadi. Kasallik 15 yilga yaqin davom etgan va butun imperiya boʻylab tarqalgan, taxminlarga koʻra 5 millionga yaqin insonni bu hayotdan olib ketgan, jumladan imperator Mark Avreliy ham qurbonlar qatorida.

Bu jarayon aholi sonining keskin kamayishiga, ishlab chiqarish va harbiy qudratning susayishiga olib kelgan va Rim imperiyasining tanazzulini tezlashtirgan omillardan biri boʻlgan.

Yustinian vabosi (541–543-yillar)

VI asrda Yustinian imperatori davrida Yustinian vabosi Misr orqali Oʻrta yer dengizi hududlariga tarqalgan. Ushbu kasallikni qoʻzgʻatuvchisi Yersinia pestis bakteriyasi boʻlgan. Mazkur bakteriya asosan kalamushlar va burgalar orqali insonga yuqqan. Pandemiya ikki yil ichida Oʻrta yer dengizi hududini qamrab olgan va bir necha toʻlqinlarda kechgan, bu esa manbalarga koʻra aholi sonining 30–60 foizini “yostigʻini quritgan” (ayrim tadqiqotlarda bu raqam 25 milliondan 50 milliongacha yetishi mumkin deyiladi.

Oqibatda savdo yoʻllari izdan chiqqan, shaharlar boʻshab qolgan va bu davlat moliya tizimiga katta zarba bergan. Natijada Vizantiya imperiyasining siyosiy va iqtisodiy zaiflashuvi sezilarli darajaga yetgan.

“Qora oʻlim” (1346–1353-yillar)

XIV asrda Markaziy Osiyodan Yevropaga kirgan “Qora oʻlim” tarixdagi eng halokatli pandemiya hisoblanadi. Uning qoʻzgʻatuvchisi ham Yersinia pestis boʻlib, tarqalishi kalamushlar va burgalar orqali amalga oshgan. Pandemiya 7 yil davom etgan va Yevropa, Osiyo hamda Afrikaning katta qismini qamrab olgan. Taxminan 200 million kishi halok boʻlgan, bu Yevropa aholisining 60 foizga yaqini vafot etganini anglatadi.

Jamiyatda qoʻrquv, diniy mutaassiblik va soxta davolash usullari avj olgan, bir vaqtning oʻzida mehnat resurslari kamayishi texnologiyalar rivojiga turtki boʻlgan.

Xolera pandemiyalari (1817-yildan hozirgacha)

Xolera pandemiyalari 1817-yilda Hindistonda boshlangan va qoʻzgʻatuvchi Vibrio cholerae bakteriyasi orqali ifloslangan suvni ichish tufayli tarqalgan. 1817–1923-yillar orasida oltita pandemiya qayd etilgan, har biri bir millionga yaqin inson hayotini olgan. 1961-yilda boshlangan yettinchi pandemiya esa hanuz davom etmoqda. Hozirgi kunda dunyoda yillik 2,86 million holat va 95 mingga yaqin oʻlim qayd etiladi, bu esa sanitariya va ichimlik suvi masalasi qay darajada yomon holatda ekanini ochiq koʻrsatadi.

Ispan grippi (1918–1919-yillar)

1918-yilda AQSHda paydo boʻlgan Ispan grippi Birinchi jahon urushi davrida qoʻshinlar harakati orqali butun dunyoga tarqalgan. Kasallik qoʻzgʻatuvchisi H1N1 gripp virusi boʻlib, pandemiya bir yildan koʻproq davom etgan. Shunday boʻlsada bu kasallik sabab 50 millionga yaqin inson hayotdan koʻz yumgan. Ayrim manbalarda bu raqam 40–100 million orasida deb ham keltiriladi, chunki oʻsha davrda hisob-kitoblar toʻliq va aniq yuritilmagan.

Manbalarga koʻra, pandemiya dunyo aholisining qariyb uchdan bir qismini zararlagan. Ayniqsa, yoshlar oʻrtasida oʻlim darajasi yuqori boʻlgan. Karantin va shaxsiy gigiyena choralari asosiy vosita sifatida qoʻllanilgan va pandemiya AQSHda oʻrtacha umr davomiyligini 12 yilga qisqartirib yuborgan.

OITS (HIV/AIDS) pandemiyasi (1981-yildan hozirgacha)

XX asr oxirida Markaziy Afrikada boshlangan OITS pandemiyasi inson immun tanqisligi virusi (HIV) orqali tarqalgan va hanuz davom etmoqda. Kasallik shu paytgacha 36 million insonning umriga zomin boʻlgan, shuningdek, dunyoda yana 36 millionga yaqin inson virus bilan yashamoqda. Antiretrovirus terapiya kasallikni nazorat qilish imkonini bersa-da, toʻliq davo hanuz mavjud emas, shu bilan global sogʻliqni saqlash siyosatini burilishga olib keldi.

COVID-19 pandemiyasi (2019-yildan hozirgacha)

2019-yil dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida aniqlangan COVID-19 koronavirusi (SARS-CoV-2) hayvonlardan odamga yuqishi mumkin boʻlgan virus sifatida qayd etilgan. 2020-yil 11-martda uning pandemiya ekanligi eʼlon qilingan. 2021-yil iyuliga qadar 190 milliondan ortiq holat va 4 milliondan ziyod oʻlim qayd etilgan. Karantin, ommaviy cheklovlar va vaksinatsiya global miqyosda joriy etilgani dunyo iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotga oʻz salbiy taʼsirini koʻrsatmay qolmadi.

Oʻzbekistonda COVID‑19 pandemiyasi davomida taxminan 254 ming holat roʻyxatdan oʻtgan, kasallik tufayli 1 637 kishi vafot etgan va 241 486 kishi sogʻayib ketgan. Yangi holatlar hozirda kuniga 30–35 tagacha qayd etilmoqda, masʼullar virus tarqalish darajasini past baholagan.

Nipah virusi navbatdagi pandemiyaga sabab boʻlishi mumkinmi?

Nipah virusi — hayvonlar orqali odamga yuqadigan kasallik boʻlib, asosiy tashuvchisi — yirik koʻrshapalaklar (meva kalamushlari) hisoblanadi. U birinchi marta 1998–1999-yillarda Malayziya va Singapurda aniqlangan va keyinchalik Bangladesh va Hindistonda ham tarqalgan. Insonlarga asosan zararlangan hayvonlar bilan toʻgʻridan‑toʻgʻri kontakt yoki ularning oziq‑ovqatlari orqali yuqadi. Kasallikda oʻlim darajasi 40–75 foizgacha boʻlishi mumkin, lekin hozircha unga qarshi litsenziyalangan dori yoki vaksina mavjud emas.

Hozirgi tahlillarga koʻra, Nipah virusi insondan insonga osongina yuqmaydi va keng tarqalishi kuzatilmagan, shu bois global pandemiya xavfi past hisoblanadi. Shu bilan birga, JSST, yuqori oʻlim koʻrsatkichi va davosi yoʻqligi sababli Nipah virusini oldindan tayyorgarlik koʻrish va tadqiqot olib borish boʻyicha ustuvor viruslar roʻyxatiga kiritgan.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, tarixiy pandemiyalardan olingan saboqlar hozirgi kunda ham dolzarbligini saqlab kelmoqda. Globallashuv sharoitida yangi infeksiyalar juda tez tarqalishi mumkin, shu bois insoniyat uchun eng muhim omil — vaqtida ogohlantirish, ochiq maʼlumot almashinuvi va favqulodda vaziyatlarga tayyor sogʻliqni saqlash tizimiga ega boʻlishdir.

Muhsin Umurzoqov,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?