Koronavirusning yangi shtammi qanchalik xavfli? Vaksinalardan umid bormi?
Oʻtayotgan haftaning soʻnggi kunlari Janubiy Afrika Respublikasi (JAR)da “SARS-CoV-2” (COVID-19)ning yangi shtammi aniqlangani haqidagi xabar koronavirus pandemiyasidan tinkasi qurib, endi oʻziga kelayotgan dunyoni yana bir qalqitdi.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, ushbu mutatsiya Afrika chegaralaridan chiqib, Osiyo va Yevropaning ayrim mamlakatlariga yetib kelgan. Yangi shtamm bilan zararlanish holatlari Botsvana, Gonkong, Belgiya, Isroil, Germaniya, Buyuk Britaniya, Chexiya, Italiya, Niderlandiya, Avstraliyada qayd etilgan.
Yangi shtamm haqida nimalar maʼlum?
Xoʻsh, “qoʻrqinchli mutatsiya” deya taʼriflanayotgan ushbu shtamm haqida hozirgacha nimalar maʼlum?
26-noyabr kuni Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) Janubiy Afrika Respublikasida koronavirusning yangi shtammi V.1.1.529 aniqlanganini eʼlon qildi va u «Omikron» deb nomlandi.
Uni “tashvishli variantlar” roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisidagi qaror ushbu shtammning COVID-19 epidemiologiyasiga xavfli taʼsiri haqida taqdim etilgan dalillarga asoslangan maslahat guruhining tavsiyasiga binoan qabul qilingan.
Yangi shtamm birinchi marta 9-noyabrda JARda aniqlangan. JSST esa maʼlumotni 24-noyabr kuni olgan. Uning paydo boʻlishi mazkur mamlakatda kasallanishning keskin oʻsishiga sabab boʻlgan. Ekspertlar guruhining taʼkidlashicha, yangi variantda juda koʻp mutatsiyalar mavjud boʻlib, bu jiddiy tashvish uygʻotadi.
Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, mazkur mutatsiyalar immuniteti zaif odam organizmida paydo boʻlgan. Shu bois u koronavirusning avvalgi “Alfa”, “Beta” va “Delta” shtammlariga qaraganda juda xavfli boʻlishi mumkin.
“Bu mutatsiya bizni hayratda qoldirdi. U katta evolyutsion rivojlanishni amalga oshirdi va qariyb 50 ta mutatsiyadan oʻtdi”, deydi Janubiy Afrika Respublikasi Epidemiologik reaksiya qilish va innovatsiyalar markazi professori Tulio de Oliveyra jurnalistlarga.
50 ta mutatsiyadan 30 ga yaqini spayk-oqsil — virus qobigʻidagi tojga oʻxshash tikanlarga tegishli. Ular yordamida virus odam hujayrasiga joylashadi. Bu yangi shtammning eng xavotirli oʻziga xos jihati. Olimlarning aytishicha, vaksinalarning katta qismi ana shu tikanlarni neytrallashtirish uchun ishlaydi. Virusning spayk-proteindan boshqa qismi yangi variantda 10-marta mutatsiyaga uchragan. Taqqoslash uchun “Delta” shtammda virusning bu segmenti ikkita mutatsiyani amalga oshirgan.
JAR yuqumli kasalliklar milliy instituti ayni paytda ushbu shtamm haqida maʼlumotlar kamligini, mutaxassislar uning potensial taʼsirini oʻrganish uchun keng koʻlamli kuzatishlar olib borayotganini bildirdi. Shuningdek, hozircha mazkur mutatsiya bilan qancha odam zararlanganini aniq aytishning imkoni ham yoʻq.
Laboratoriyalardan olingan dastlabki maʼlumotlarga koʻra, yangi mutatsiya JARning aholi eng zich joylashgan Gauteng provinsiyasida tarqalgan. Ayni paytda mamlakatning qolgan sakkiz provinsiyasida ham ushbu shtamm bilan zararlanish mavjudligi ehtimoli katta.
Oʻz navbatida, JSST vakili Mariya Van Kerkxove ham yangi mutatsiya haqidagi maʼlumotlar kamligini maʼlum qildi.
“Biz hali koʻp narsani bilmaymiz. Aniq biladigan narsamiz shundaki, bu variant juda koʻp mutatsiyalarga ega. Bu xavotirga sabab boʻladi. Chunki koʻplab mutatsiyalar virusning xulq-atvoriga taʼsir qilishi mumkin”, dedi JSST vakili.
Mariya Van Kerkxove olimlar ushbu mutatsiyalarning tabiatini aniqlash va diagnostika, davolash hamda unga qarshi vaksinalarning samaradorligini aniqlashga intilayotganini qoʻshimcha qildi.
Janubiy Afrika Respublikasi sogʻliqni saqlash organlari maʼlumotlariga koʻra, hozirgi kunga qadar yangi variant mamlakatda emlash darajasi eng past boʻlgan yoshlar va bolalar orasida qayd etilgan.
Oʻz navbatida, Mariya Van Kerkxove, emlashlarga qaramay, hamma hamon niqob taqish va gavjum joylarga borishdan tiyilish kerakligini eslatdi. “Virus qanchalik tez tarqalsa, uning mutatsiyaga uchrash imkoniyati shunchalik koʻp boʻladi”, dedi u.
JSST maʼlumotlariga koʻra, mavjud PSR testlari «omikron» shtammlarini tanib olishga qodir. Koronavirus infeksiyasining yangi shtammi paydo boʻlishi fonida JSST COVID-19 ga qarshi emlashni koʻpaytirishga chaqirdi.
«Omikron» Afrika chegaralaridan chiqib ketdi
Dastlab yangi shtammni yuqtirish holatlari JAR va Botsvanada qayd etilgan boʻlsa, keyinchalik Gonkong, Belgiya, Isroil, Germaniya, Buyuk Britaniya Chexiya, Italiya, Niderlandiya, Avstraliyada ham zararlanish holatlari aniqlandi. Mazkur davlatlarda yangi shtamm bilan kasallanish Janubiy Afrika Respublikasidan uchib kelish bilan bogʻlanmoqda.
Masalan, Gonkongda birinchi holat ushbu davlatdan kelgan fuqaroda aniqlangan. Ikkinchi holat karantin mehmonxonasida u bilan yonma-yon yashagan odamda aniqlangan. Belgiyada bir necha kun oldin Misrdan kelgan kishida ushbu shtamm chiqdi. Isroildagi holatning ehtimoliy sabablari haqida hozircha maʼlum qilinmagan. Germaniyada ham yangi shtamm bilan zararlanishning birinchi holati aniqlangan. Bu haqda Gessen federal yeri ijtimoiy masalalar vaziri Kay Kloze maʼlum qildi.
“JARdan qaytgan odamda yangi shtammga xos bir nechta mutatsiyalar borligi aniqlandi. Shubhalar juda katta. Shuning uchun u izolyatsiyaga olindi”, dedi Kay Kloze. Shu oʻrinda vazir oʻtgan hafta JARdan qaytganlarning barchasini testdan oʻtishga va atrofdagilar bilan muloqotni cheklashga chaqirdi.
Buyuk Britaniya sogʻliqni saqlash vaziri Sajid Jovid ham mamlakatda yangi shtamm bilan ikkita zararlanish holati qayd etilganini maʼlum qildi.
Dunyo davlatlari oʻzini izolyatsiya qilmoqda
Baʼzi ekspertlar “qoʻrqinchli mutatsiya”, “biz koʻrgan eng yomoni” deb atayotgan koronavirusning yangi shtammi — «omikron» tarqalishi fonida dunyo davlatlari juda tezlik bilan Afrikaning ayrim mamlakatlari bilan parvozlarni cheklamoqda.
Jumladan, 26-noyabrdan boshlab Buyuk Britaniya Janubiy Afrika Respublikasi, Botsvana, Zimbabve, Lesoto, Namibiya bilan parvozlarni vaqtincha bekor qildi.
Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqi hukumatlarini ushbu holatga qatʼiy va muvofiqlashtirilgan tarzda javob berishga chaqirdi.
Dushanbadan boshlab AQSh ham Afrikaning bir qancha davlatlaridan parvozlarni taqiqladi. Virusning yangi shtammi haqidagi bayonotda Prezident Jo Bayden Jahon savdo tashkilotini koronavirus vaksinalariga patentlarni bekor qilishga chaqirdi. Avvalroq Vashington bu murojaatni dunyo davlatlariga qilgan, biroq Yevropa uni qoʻllab-quvvatlamagan edi.
Avstraliya JAR, Namibiya, Zimbabve, Botsvana, Lesoto, Seyshel orollari, Malavi va Mozambikdan parvozlarni ikki haftaga bekor qildi. Yaponiya hukumati Afrikaning aksariyat davlatlaridan tashrif buyuruvchilar 10 kun davomida karantinda boʻlishi va shu vaqt ichida jami toʻrtta testdan oʻtishlari kerakligini bildirdi.
Hindiston ham JAR, Botsvana va Gonkongdan tashrif buyuruvchilar uchun qattiqroq nazorat va testlarni joriy qildi. Rossiya, Eron, Braziliya, Kanada, Tailand ham shunga oʻxshash choralar amalga kiritilganini bildirdi. Bunday davlatlar soni soat sayin kengayib bormoqda.
Vaksinalardan umid bormi?
Vaksina ishlab chiqaruvchi bir nechta farmatsevtika korporatsiya «omikron»ni oʻrganishni boshlagani va agar zarur boʻlsa, oʻz preparatlarini oʻzgartirishga tayyor ekanligini bildirdi.
Jumladan, Amerikaning “Moderna” farmatsevtika kompaniyasi koronavirusning yaqinda aniqlangan «omikron» shtammiga bardosh bera oladigan vaksina ishlab chiqmoqda. Kompaniya matbuot xizmati tomonidan xabar berilishicha, “Moderna” rasman tasdiqlangan vaksinalarning kuchaytiruvchi dozalarini qoʻllashni taklif qilmoqda. Qayd etilishicha, yangi shtamm “delta” variantida mavjud mutatsiyalarni oʻz ichiga oladi. Shu bilan birga, uning mutatsiyalari kombinatsiyasida tabiiy va vaksinalardan kelib chiqadigan immunitetning zaiflashishini tezlashtirishning sezilarli potensial xavfi ham bor.
“Moderna” allaqachon klinik jihatdan ikkita nomzod vaksinani oʻrganmoqda. Birinchi nomzod (mRNK-1273.211) «omikron» variantida mavjud boʻlgan bir nechta mutatsiyalarni oʻz ichiga oladi. Ular koronavirusning “Beta” shtammida ham boʻlgan. Ikkinchi nomzod (mRNK-1273.213) «omikron»da mavjud boʻlgan koʻplab mutatsiyalarni oʻz ichiga oladi. Aniqlik kiritilishicha, tadqiqot natijalari yaqin haftalarda maʼlum boʻlishi kutilmoqda.
“Pfizer” (AQSh) va “BioNTech” (Germaniya) kompaniyalari agar yangi shtamm ularning vaksinalariga nisbatan chidamli boʻlsa, taxminan 100 kun ichida ushbu mutatsiyaga qarshi maxsus moslashtirilgan vaksinani yaratishni va ishlab chiqarishni bildirdi.
«Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqqan Rossiyaning Akademik N.F. Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot markazi rahbari Aleksandr Ginsburgning aytishicha, rossiyalik olimlar vaksinani yangi shtammga moslashtirishga tayyor. Ammo birinchi navbatda, markaz ushbu mutatsiyasi uchun mavjud preparat samaradorligini sinab koʻrmoqchi.
“Vaksinani juda tez oʻzgartirish mumkin. Lekin bunday qilish kerak yoki yoʻqligi preparatning virusni zararsizlantirish xususiyati koʻrib chiqilganidan keyin maʼlum boʻladi”, deydi A. Ginsburg.
Shu oʻrinda Ginsburg “Sputnik V” koronavirusning «Delta” mutatsiyasi paydo boʻlganidan keyin oʻzgartirilmaganini va ushbu preparat unga qarshi 90 foizgacha samarali boʻlganini eslatib oʻtgan.
“AstraZeneca” (Buyuk Britaniya/Shvetsiya) kompaniyasi esa Oksford universiteti bilan yaqin hamkorlikda ishlab chiqilgan vaksinasi paydo boʻlishi mumkin boʻlgan yangi variantlarga tezda javob berishga imkon beruvchi platforma ekanini taʼkidladi. Maʼlum qilinishicha, kompaniya soʻnggi mutatsiya aniqlangan hududlarda allaqachon tadqiqot olib bormoqda. Yaʼni vaksina «omikron»ga qarshi sinab koʻrilyapti hamda uning samarali boʻlishiga umid qilinyapti.
Kemadan tushib qolishning iloji yoʻq
Koronavirus pandemiyasi shuni koʻrsatdiki, bugungi global hamjamiyat ulkan bir kema. Unda Oʻzbekiston ham bor. Shuning uchun hushyorlik, ogohlik bugun har qachongidan muhim. Qolaversa, koronavirus pandemiyasining birinchi, ikkinchi va uchinchi toʻlqinlari, u keltirgan oqibatlar va yoʻqotishlarni hali unutganimiz yoʻq. Davlatimiz rahbari tomonidan oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar, aniq oʻylangan puxta rejalar, xalqimizning salomatligini saqlash yoʻlida sarflangan katta-katta mablagʻlar, shuningdek, tibbiyot xodimlarining qahramonligi tufayli Oʻzbekiston ushbu bosqichlardan boshqa davlatlarga qaraganda kamroq talafotlar bilan oʻtib oldi.
Lekin mutaxassislarning taʼkidicha, hozirgi vaziyat yanada qaltis. Shu bois bir eshik narida yashaydigan qoʻshnimiz yoki bir mahalla uzoqda istiqomat qiladigan ota-onamiz yoki yaqinlarimiz diydoriga tashna boʻlgan kunlarni esdan chiqarmaslik kerak. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan aytilgan ijtimoiy masofa, niqob taqish, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish, shuningdek, uning jiddiy nazoratini kuchaytirish kerak. Lekin afsuski, bu qoidalar bugun unutilgandek. Yashirib oʻtirmaymiz, koʻcha-koʻyda, taʼlim muassasalarida, mehnat jamoalarida, bozorlarda niqob taqqan insonlar tobora kamayib ketmoqda. Bu borada nazorat ishlari ham susaygandek. Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan maʼlum qilinishicha, hozir mamlakatimizda bolalar oʻrtasida oʻtkir respirator virusli infeksiyalar (OʻRVI)ning davriy koʻtarilishi kuzatilmoqda. Shu bois tibbiyot muassasalariga murojaatlar va “Tez yordam” xizmatiga chaqiriqlar soni sezilarli darajada ortgan. Shularni inobatga olgan holda, vazirlik OʻRVIga chalingan bemor bolalarga oʻz vaqtida sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish, shifoxonalarda qoʻshimcha oʻrin-joylar tashkil etish, bu orqali tibbiyot muassasalariga tushayotgan yuklamalarni kamaytirish boʻyicha zarur choralar koʻrmoqda. Xususan, Toshkent shahar shifoxonalarida qoʻshimcha 884 ta, mamlakatimiz boʻyicha 5 062 ta statsionar oʻrin-joy tashkil etilgan va poytaxt shifoxonalaridagi jami oʻrin-joylar 3 521 ta, yurtimiz boʻyicha esa qariyb 19 800 taga yetkazilgan.
Ana shunday murakkab vaziyatda yangi shtammning mamlakatimizga kirib kelishi sogʻliqni saqlash tizimiga katta yuklama boʻlishi aniq. Shu bois sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish, epidemiologik xavf katta boʻlgan mamlakatlardan yurtimizga kirib keluvchilar uchun karantin choralarini kuchaytirish bugungi kunning eng muhim va dolzarb vazifasidir.
Fazliddin ABILOV.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring