“Koronavirus «COVID-19”: biologiyasi, etiologiyasi va fiziologiyasi»: OʻzMUda xalqaro konferensiya oʻtkazildi

Faxriddin BOZOROV/“Xalq soʻzi”. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida shu mavzuda Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi. Unda dunyoning 20 ta davlatidan olim va mutaxassislar bevosita va onlayn tarzda ishtirok etishdi.
Maʼlumki, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlarida qayt etilganidek, 2019-2024-yillarda dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida “COVID-19” roʻyxatga olingan boʻlib, 700 milliondan ortiq bemorlarda kasallik aniqlangan. Afsuslanarlisi shundaki, ulardan 7 million nafari olamdan oʻtgan. Mamlakatimizda zarur choralar koʻrilishiga qaramasdan 260 mingdan ortiq bemor koronavirusga chalindi va 1637 nafari vafot etdi. Konferensiyada olimlar shu xususda fikr yuritar ekan, bu kasallik xavfi hali ham mavjudligini aytishib, uning oldini olish, aholi oʻrtasida tibbiy madaniyatni rivojlantirish ham turli koʻrinishda namoyon boʻlayotgan yuqumli kasalliklarga qarshi kurashda vaksinalar ishlab chiqarish borasida fikr almashishdi.
—Yana pandemiya boʻlishi mumkin, bu oxirgisi emas,— dedi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi ilmiy kotibi, biologiya fanlari nomzodi Shuhrat Shermatov. — Aytish joizki, dunyoni larzaga solgan bu kasallik faqat inson salomatligiga emas dunyo iqtisodiyotiga ham salbiy taʼsir oʻtkazdi. Bugungi globallashuv davrida odamlarning bir mamlakatdan ikkinchisiga oʻtishi juda tezlashdi. Infeksiyani tarqalishiga keng imkoniyatlar yaratildi. Shularni hisobga olgan holda yuqumli kasalliklarni oʻrganish, ularga qarshi choralar belgilash maqsadida vaksinalar ishlab chiqarish, dolzarb boʻlib qolmoqda. Mazkur anjumanning oʻtkazilishi, olimlarning fikr almashishi, tadqiqotlar olib borishi shuning uchun ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Anjumanda mamlakatimizda Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida koronavirus kasalligi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, davolash boʻyicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgani oʻzining ijobiy samaralarini bergani haqida ham fikrlar bildirildi. Xususan, respublika boʻylab 200 ga yaqin PZR apparatlari bilan jihozlangan virusologik laboratoriyalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, “COVID-19” ga qarshi emlash tadbirlari olib borilib, 65 million dozaga yaqin vaksinalardan foydalanildi. Mamlakatimizda “COVID-19” kasalligiga qarshi kurashda olimlar jamoasi ham oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. Koronavirusga qarshi vaksinalar yaratildi, kasallikni diagnostika qiluvchi test sistemalari ishlab chiqildi.
—Agar chuqur mulohaza yuritadigan boʻlsak, diabet bilan kasallangan odamlarda koronavirusga chalinish koʻproq boʻladi,— deydi Oʻzbekiston milliy universiteti biologiya fakulteti odam va hayvonlar fiziologiyasi kafedrasi dotsenti Iroda Karimova.— Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bergan maʼlumotga koʻra, “COVID-19” infeksiyasi kirib kelganidan soʻng sogʻlom odamlarda ham diabet kasalligiga chalinish holatlari koʻp uchragan. Demak, bu diabetni chaqirib keluvchi omil hisoblanadi. Boshqa yondosh kasalliklarning kelib chiqishi kuchayadi. Boshqa qoʻshimcha asoratlarni ham keltirib chiqaradi. Jahon diabetologlar federatsiyasi bergan maʼlumotiga koʻra, Yevropa aholisining oʻrtasida 2040-yilga kelib aynan shu kasallikka chalinish 600 milliondan oshib ketishi bashorat qilinyapti. Bu juda katta koʻrsatkich hisoblanadi. Bizning asosiy maqsadimiz import oʻrnini bosuvchi antidiabetik dorilarni ishlab chiqarishga qaratilgan. Bu borada biz oʻzimizda oʻsadigan dorivor oʻsimliklardan dori tayyorlab, sinovdan oʻtkazmoqdamiz.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning universitetda anʼanaviy ravishda ikkinchi marta oʻtkazilayotgani taʼlim muassasasini dunyo miqyosida obroʻ eʼtibori tobora oshib borayotganidan dalolat beradi. Haqiqatda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Milliy universitetida fiziologiya sohasida, yaʼni aholi salomatligini saqlash va sogʻlomlashtirishning eng muhim masalalari doirasida amaliy va innovatsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Fiziologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish va muvofiqlashtirish uchun universitet tarkibida Fiziologiya ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ham dunyo miqyosida eʼtirof etilmoqda.
Konferensiyada aholi salomatligini saqlash boʻyicha yuzaga kelayotgan muammolar va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar hamda sohani rivojlantirishdagi ustuvor masalalar keng muhokama qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring