Korxonalarni tugatish emas, tuzatish tarafdorimiz

12:32 15 Dekabr 2020 Siyosat
1054 0

Yaxshi niyatlar bilan ochilgan korxona nega iqtisodiy nochor holatga kelib qoladi? Korxona rahbarlari qanday xatoga yoʻl qoʻyishdi? Yoki iqtisodiy bilim va salohiyati yetishmasligi pand berdimi? Xalq iborasi bilan aytganda “gʻisht qolipdan koʻchganda” emas, balki korxona faoliyatini boshlagan paytdayoq bu haqda chuqurroq oʻylab koʻrilsa foydadan holi boʻlmaydi.

Bir qarashda korxona iqtisodiy nochor holatga kelib qolganda uni tugatib yuborish osondek tuyuladi. Ammo xodimlarning ish oʻrnini yoʻqotishi, hamkor tashkilotlar oʻrtasida nizo chiqishi masalani yana-da jiddiylashtiradi. Tan olish kerak, bu borada iqtisodiy nochor korxonalar va tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy inqiroz holatidan olib chiqish, ular faoliyatini qayta tiklash hamda sogʻlomlashtirish masalalarida amaldagi qonunchilik normalari va joriy tartiblar yetarlicha samara bermayapti. Shu bois, deputatlarimiz tomonidan “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi oʻqishda muhokama qilindi.

Qonun loyihasida toʻlovga qobiliyatsizlikning sogʻlomlashtirish taomillarini oʻtkazish jarayonida vujudga kelgan joriy soliq toʻlovlarini hisoblashni toʻxtatib turish va jarayon muddati yakunlangandan soʻng toʻlash amalga oshirilishi, qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash maqsadida tijorat banklari, moliya tashkilotlari va boshqa manbalarning mablagʻlarini jalb etilishi muammoni hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, sogʻlomlashtirish rejalarida oldindan qarzdorlikning qancha qismini qoplashni koʻzda tutish, qarzdorning mol-mulkini sotish nazarda tutilgan boʻlsa, kreditorlar roziligi bilan uning narxini bosqichma-bosqich 50 foizgacha tushirib borishga ruxsat berilishi ham korxona uchun anchagina yengilliklar beradi. Qarzdor tuzgan bitimlarni bajarishdan bosh tortish va qarzdorga foyda keltirmaydigan bitimlarni haqiqiy emas deb topish ham korxonani sogʻlomlashtirishda muhim ahamiyatga ega.

Agar muhokamaga qoʻyilgan qonun loyihasi qabul qilinsa, toʻlovga qobiliyatsizlikning sogʻlomlashtirish taomillari orqali iqtisodiy nochor korxonalarni sogʻlomlashtirish choralari keng qoʻllanilishiga sharoit yaratiladi. Toʻlovga qobiliyatsizlikning sogʻlomlashtirish taomillari qoʻllanilgan korxonalarda joriy soliq toʻlovlarini toʻlash toʻxtatiladi. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda qarzdor rahbari va boshqa shaxslarning javobgarligi kuchaytiriladi. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda qarzdor tuzgan bitimlardan bosh tortish, ularni haqiqiy emasligi shartlari tartibga solinadi. Sud boshqaruvchilari oʻz majburiyatlarini bajarishda qoʻshimcha huquqlarga ega boʻlib, ular faoliyati natijalari ragʻbatlantiriladi. Jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi hamda ulush kiritish asosida quruvchilarning toʻlovga qobiliyatsizligi amaliyoti joriy etiladi.

Eng muhimi, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yana-da yaxshilash hamda xorijiy investorlarni jalb qilishda tadbirkorlik muhiti jozibadorligini oshishiga xizmat qiladi.

Bir soʻz bilan aytganda biz korxonalarni tugatish emas tuzatish tarafdorimiz. “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqishdan koʻzlangan maqsad ham aslida shunga yoʻnaltirilgan.

Hazratqul XOʻJAMQULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?