Konstitutsiya – inson huquq va erkinliklarining kafolati

11:27 27 Noyabr 2024 Jamiyat
293 0

Mamlakatimiz taraqqiyotga erishishida 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Konstitutsiya muhim oʻrin tutgan. Shu bois barcha bayramlar orasida Konstitutsiya kuni oʻzga xos maʼnaviy-huquqiy ahamiyatga ega. Bu kun ulugʻ ayyomlardan biri sifatida milliy bayramimizga aylangan.

Oʻtgan yillar davomida Oʻzbekistonning jahon bilan hamqadam rivojlanishiga mos ravishda Konstitutsiyamiz ham takomillashdi. Xalqimizning xohish-irodasi Bosh qomusimizda oʻz ifodasini topdi.

Ayrim kishilar Konstitutsiyani buncha koʻp oʻzgartirish shartmi, baʼzi davlatlar Konstitutsiya deyarli oʻzgarmaydiku, deya eʼtiroz bildirishadi. Bizning davlatimiz yosh va jadal rivojlanib bormoqda. Bundan 30-yil oldingi Oʻzbekiston bilan, undagi qonunchilik, shart-sharoitlar bilan hozirgi davr toʻgʻri kelmaydi. Demak, Konstitutsiyamiz ham shunday. Qonunlar zamon bilan hamnafas boʻlishi kerak.

Oʻzbekiston yangi davrga qadam qoʻydi. Yangi Oʻzbekiston uchun yangi tahrirdagi Konstitutsiya zarur boʻldi. 2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan referendum orqali yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qildik.

Bugungi Oʻzbekiston yangi jamiyat, yangi davlatni barpo etishdek buyuk maqsadni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Buyuk maqsadlarni amalga oshirish uchun albatta uning qonuniy, huquqiy asoslari ham talab etiladi.

Konstitutsiya mamlakatning Asosiy qonuni boʻlib, davlat va jamiyat qurilishi, insonning huquq va majburiyatlarini oʻzida aks ettirgan oliy yuridik kuchga ega hujjat hisoblanadi.

Konstitutsiyamizning 1-moddasida “Oʻzbekiston — boshqaruvning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” deb mustahkamlangan.

15-moddasida esa “Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi” deb qayd etilgan.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan yangi, zamonaviy va muhim normalarning hayotga izchil tatbiq etilishi, xususan, sudlar tomonidan ana shu konstitutsiyaviy normalarning toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllanilishi inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda yangi davrni boshlab bermoqda.

Konstitutsiyamizning yangi normalarida asosiy eʼtibor inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishiga qaratilganligi, Yangi Oʻzbekiston oʻzining ushbu sohalardagi xalqaro majburiyatlariga qatʼiy sodiqligini namoyon etdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga “Xabeas korpus” instituti va “Miranda qoidasi”ning qonunchiligimizda joriy etilishi va mustahkamlanishiga xizmat qiladigan qator normalar kiritildi. Jinoiy taʼqibga uchragan, hibsga olingan yoki qamoqda saqlanayotgan shaxsning adolatli sud orqali himoyalanishiga boʻlgan huquqini ifoda etadigan xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan bu normalar qonunlarimizda avvaldan mavjud edi. Endi ular konstitutsiyaviy qoida sifatida kiritildi. Shaxsni sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi, agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emasligi haqidagi qoidalar ham konstitutsiyaviy qoida sifatida joy oldi.

Siyosiy huquqlar belgilab berilgan 8-bobga barcha fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasining davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egaligi, davlat xizmatini oʻtash bilan bogʻliq cheklovlar qonun bilan belgilanishi haqidagi yangi norma kiritilganligi ham inson huquqlari himoyasining kafolati boʻlib xizmat qiladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz inson huquq va erkinliklari himoyasini kafolatlaydigan, davlatning xalq oldidagi masʼuliyatini oshiradigan qoidalar bilan toʻldirilganligi jamiyatimiz ravnaqiga, aholi farovonligiga oʻz ijobiy samarasini koʻrsatadi.

Musurmon ESHQUVVATOV,

Sudyalar oliy maktabi tinglovchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер