Konstitutsiya bayrami chekka hududlarda ham keng nishonlanmoqda

17:03 08 Dekabr 2023 Jamiyat
178 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Samarqand viloyat musiqali drama teatrida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, barchani bayram bilan tabrikladi.

Qayd etilganidek, keyingi ikki yilda mamlakatimizda olib borilgan Konstitutsiyaviy islohotlar natijada Bosh qomusimiz ham mazmunan, ham shaklan mutlaqo yangilandi, chinakam xalq Konstitutsiyasi boʻldi.

Yangi Konstitutsiyada Oʻzbekiston — suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qatʼiy belgilab qoʻyildi. Kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga gʻamxoʻrlik davlat siyosatining muhim yoʻnalishi boʻldi.

Kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish boʻyicha davlat oʻziga qator yangi majburiyatlarni oldi. Umuman, davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bogʻliq Konstitutsiyadagi normalar uch barobar koʻpaydi.

Tadbirda sanaga bagʻishlab tayyorlangan videorolik namoyish etildi. Unda Konstitutsiya bergan imkoniyatlar natijasida yurtimizda yuz berayotgan oʻzgarishlar oʻz ifodasini topdi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, oʻtib borayotgan 2023-yilda viloyatning eng chekka tumanlaridagi qishloqlarda ham katta hajmdagi oʻzgarishlar amalga oshirildi.

Xususan, viloyatidagi 4 ta mahalla — Kattaqoʻrgʻon tumanidagi “Choʻyanchi”, Oqdaryodagi “Yangiqoʻrgʻon”, Past Dargʻomdagi “Olti qahramon” va Ishtixondagi “Chagʻatoy” mahallalari “Obod xonadon — obod koʻcha — obod mahalla” dasturiga kiritilgan edi. Bu mahallalarda amalga oshirilib kelinayotgan keng koʻlamdagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari yakunlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi bayrami arafasida oʻtkazilgan “Konstitutsiya haftaligi” doirasida ushbu mahallalarda bunyod etilgan yangi obyektlar tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

— Bizning Ishtixon tumanidagi “Chagʻatoy” mahallasida bayram arafasida 15 ta obyekt foydalanishga topshirildi, — deydi mahalla raisi Sayfiddin Xolmamatov. — Xususan, “Chagʻatoy” mahalla fuqarolar yigʻini yangi binosi, hududdagi asfalt qilingan Nogʻorchi, Qizilquloq, Chagʻatoy, Qoʻngʻirot qishloqlarining ichki yoʻllari, mahalla tibbiyot punkti, xotin-qizlar bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazi, dam olish maskani, savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat koʻrsatish obyektlari, uchta avtobekat, “Shodlik” oilaviy bogʻchasi faoliyat boshladi. Bularning barchasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning chekka hududlarda ham oʻz samarasini berayotganligining yorqin isbotidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbiri sanʼat ustalari, isteʼdodli yosh xonandalar ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер