Koʻngil hayratlari
Illyustrativ foto
Umrni zoyeʼ etma, mehnat qil,
Mehnatni saodatning kalidi bil.
Alisher Navoiy
Maʼlumki, kitobat va yozishmalar tarixida maqsad va matlabni ifodalash uchun tasnif etilgan har bir bitik avvalida Alloh taoloning buyuk, tengsiz qudrati mujassam boʻlgan birinchi oyatning bitilishi shart boʻlib, uning doimo dilda, tilda zikr etilishi ezgu niyat va xayrli amallarni mustajob, qabul boʻlishida ochqich, kalit, miftoh ul-qulub sanalib, uning qayta-qayta takrori islom ummati uchun vojib, burch sanaladi.
Cheksiz zohiriy, botiniy maʼnolarga toʻla bu rahmoniy muqaddas oyat moʻmin bandalarning qulflik qalbiga nur, ziyo, koʻngliga orom, osudalik, aql-zakovatiga tengsiz shuur, diliga ilohiy muhabbat, surur, ruhiga taskin, xotirjamlik, zikriga quvvat, nafsida esa qanoat, shukronalik baxsh etuvchi sifati ila Allohni tanish yoʻlida, tavhidda birlamchi dalil hisoblanadi.
Sharq olamining yetuk allomalari, zabardast suxansaroy shuaro, zurafo, komillari oʻz yozishma, bitiklarida ifodalanmish voqealar tafsili, tasvirini aynan shu tavhid asroridan zohir boʻlganiga ishora qiladilar.
Shayx Nizomiy Ganjaviy “Maxzan ul-asror”da:
Ravshani aql be jon dodaay,
Choshni dil be zabon dodaay.
Pardai savsan musobehi tust,
Jumla zabon az pai tasbehi tust.
(Mazmuni: Aql charogʻin tanga bergansan, Qalb lazzatin tilga bergansan. Savsan pardasi nuri shuʼlang partavidir, Jumla til zikri tabehing shodasidir). Bu ikki baytni sharhlashning hojati yoʻq, chunki qudrat sohibi insonni ana shunday goʻzal martaba bilan ulugʻlagan.
Alisher Navoiy hazratlari “Hayrat ul-abror” dastoni kirishida:
“Mim”i ochib manzili maqsudga yoʻl,
Balki bu manzil aro sarchashma ul.
Baytda “mim” harfiy belgi sifatida Allohning ismi aʼzamiga ishora boʻlib, tashbehga tortilgan, “mim” maqsud manziliga eltuvchi yoʻl, balki bu manzil (orzu, niyat )da u men uchun sarchashma (ilhom manbaʼi) va barcha bayon, yozishmalar shu manbaʼdan olindi degan gʻoya igari suriladi Hazrat tomondan.
Ilohiy maʼrifatidan ilhomlanib, soʻz mulkining shirinkalom shoirlari tomonidan sharqona tafakkur va sharqona uslubda bitilgan ruhafzo badiiy-nazmiy asarlarning qiyosiy tahlili oʻta nozik masala va bu borada amalga oshirilgan qiyosiy tadqiqotlar oʻtmish klassiklarimizning tafakkur mezoni va falsafiy kamolotini toʻla ochishda yetarli deb boʻlmaydi. Chunki asar matnida fasohat va balogʻat bilan ifodalangan badiiy timsollar, istioraviy, majoziy, tashbehiy vositalarning lisoniy maʼno xususiyatlari tahlili, tavsifida tadqiqotchi, mufassirda oʻta nozik did, tabʼ (chutyo), fahm, idrok, topqirlik, sezim va oʻtkir hissiy qobiliyat boʻlishi talab qilinadi, bizningcha.
Shu mezon va talqin yoʻlida tasnif etilgan bir asarni oʻqish orzusi, ishtiyoqi koʻpdan beri qalbim toʻrida oʻrnashib, xayolimni band etib kelardi. Ittifoqan, sharofatli kunlarning birida yetuk navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori, Samarqand Davlat universiteti muddarrisi, professori Muslihiddin Muhiddinovning ijodiy izlanishlari natijasi boʻlmish “Koʻngil hayratlari” nomli risolani “Tamaddun” nashryoti tomonidan ilm ahli va ixlosmandlarga tortiq qilinishi xayrli va koʻpdan koʻngilda kechgan gʻuborlarni tarqalishiga boisi mujib boʻldi. Qoniqish bilan aytish lozimki, “Koʻngil hayratlari” olimning ilm-maʼrifat yoʻlida amalga oshirgan va navoiyshunoslik ilmi rivojiga qoʻshgan diqqatga molik ulushi hisoblanib, risolani maʼrifiy, ilmiy-amaliy, uslubiy tavsiyalarga toʻla, boy oʻquv qoʻllanma deyish mumkin.
Jumladan, tadqiqot sirasiga kiritilgan mavzular tavsifi, tahlili meni mushohada, tafakkur vodiysiga yetaklab, mutolaa davomida anglashgan va zohiran yurak tubida hosil boʻlgan mulohazalarni bitmakka oʻtkinchi qaysar xayol xohishimga monelik qilib, istaklarimni qoralamoqqa yoʻl bermay, vaqt oʻtib ketaverardi. Tovba deb, fursat oʻtgan sari oʻz-oʻzimga taskin berib, sukut saqlab, koʻngil daftarini oshkor qilishga Oʻzining marhamatidan madad tilab, sabrla kutdim...
Va nihoyat, Alisher Navoiy hazratlarining muhiblariga “Mahbub ul-qulub”da yoʻllagan “Sabr...achchigʻdur, ammo sudmand... Farahlar miftohidur va bandlar fattohidur”, hikmatli bashorati menga qoʻl, dast kelib, oʻrnashgan gʻuborlarning tarqalishiga sabab boʻldi. Tadqiqotni, aynan farah- فرح xursandlik, shodlik, xushhollikka daʼvat etuvchi ochqich, kalit va fattoh- فتاح ni esa muammo, tugunlarni fath etuvchi, gʻolib, mushkilkusho kabi maʼnolarga nisbat berib, yoʻyib risolani maʼrifat manzillari sari yoʻl, irfoniy tafakkurga qadam deb, hisoblashga qaror va qabul qildim.
Vaqean, saodatli kunlarning birida professor Nurboy Jabborovning “Xalq soʻzi” gazetasida “Nizomiy va Navoiy: Turkiy adabiyotning ikki mehvari” sarlavha ostida qiyosiy ruhda tahlilga tortilgan maqolasi eʼlon qilinishi va uning mutolaasi yoʻlimga toʻsiq boʻlib, soʻzlashga izn bermay kelgan gʻovni surib tashlashga muʼjibi dalil boʻldi.
Maqola teran ilmiy mushahoda va qiyosiy tavsif, tahlil asosida amalga oshirilgan tadqiqot sifatida diqqatga molik. Olim badiiy ijodda bu ikki buyuk zotning estetik qarashlari va gʻoyaviy yoʻnalishlarini taqqoslab, umumlashtirib, mushtarak tomonlarini bir necha ilmiy-nazariy guruhlarga boʻladi va xulosada: “ ...Chuki ijod sir-sinoatga toʻliq jarayon. Qalbida hidoyat nuri boʻlganlargina ham xalqqa, ham Haqqa manzur asarlar bitish sharafiga nozil boʻladi. Shayx Nizomiy va hazrat Navoiy ijodi buning yorqin isbotidir, ular asarlarining umrboqiyligi boisi ham shunda”, deya fikrini dalillab, misollar keltirish orqali yakunlaydi.
Shayx Muslihiddin Saʼdiy Sheroziy: “Ey saodatli oʻgʻlon, savdogarlik qilmoqchi boʻlsang, xalq bilan qilma, zarar koʻrasan, Haq yoʻlida qil, foyda topasan... va saodat ganjini Allohning dargohidan topasan...”, deydi.
“Koʻngil hayratlari”ning tadqiq obyekti, chegarasi oʻta keng, oʻlcham va oʻlchovi, yuki nihoyat vazmin, zalvorli. Matlab, maqsadi esa ulugʻ. Tadqiqot Sharq masnaviy janr yoʻnalishida bitilgan va asrlar osha oʻquvchilar ruhini ilohiy nurga, qalbini zavq-shavqqa, dilini lazzatga toʻldirib kelgan umumbashariy, jahoniy sharqona tafakkur durdonasi sanalmish Hakim Abu Muhammad Ilyos ibni Yusuf ibni Zakiy ibn Muʼid Nizomiyning “Maxzan ul-asror”i, Amir Xisrav Dehlaviyning “Matlaʼ ul-anvor”i, Nuriddin Abdurahmon Nizomiddin Ahmad ibn Muhammad Jomiyning “Tuhfat ul-ahror”i va Mir Nizomiddin Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror”i kabi dostonlarning qiyosiy tahlil va tavsifiga bagʻishlangan.
“Koʻngil hayratlari” juda katta hashamat va bu bino-hashamatni barpo etishda ketgan kuch-quvvat va vaqtning qadri hisobsiz. Chunki muallif tomonidan chiqarilgan ilmiy-nazariy, amaliy xulosalar adabiyotshunoslik ilmida nechogʻlik qadr-qiymatga molik ekanidan mundarija sirasida qayd etilgan “Muqaddima”, “Hayrat ul-abror” hayratlari”, “Bahromnoma” hayratlari” va “Hayrat uchqunlari” kabi uch qism tarkibiga kiritilgan yigirmadan ortiq fasllarning mazmuni dalolat beradi.
Avvalo, qoniqish bilan aytish lozimki, muhtaram ustoz, akademik Toʻra Mirzayev (oxiratlari obod boʻlsin) risolaga bagʻishlab yozgan maqolasi adabiy jarayonda qiyosiy tahlil yoʻsinida amalga oshirilgan tadqiqotlar sanoqli ekani, xususan, tipologik tadqiqotlar adabiyotshunoslik fanida umumnazariy muammolar yechimida juda muhim oʻrin tutishi haqida fikr bildiradi. “Muslihiddin Muhiddinov ilmiga amal qiladigan zahmatkash olimlardan... “Koʻngil hayratlari” deb nomlangan ushbu monografiyada olimning nuktadonlik va joʻshqin ehtiros ila bayon etgan xulosa va kuzatuvlari bilan oshno boʻlish mumkin. Men qoniqish bilan adabiyotshunosligimiz xazinasi yana bir qimmatli tadqiqot bilan boyiganini qayd qilib... Muslihiddinxon Muhiddinovga ... ijodiy barkamollik tilab qolaman”, deya, oqilona baho beradi.
Moʻtabar ustoz, akademik Toʻra Mirzayevning tadqiqotni “xazina” deb atashlarida qadrlangan ilmiy haqiqat va ramziy maʼno bor, bizningcha. Risolada adabiy-estetik jarayonning sharqona tafakkur qobigʻida umumgʻoyaviy tamoyillar ruhida shakllanishi va rivojlanishi xususida muallif taqdim etgan nazariy tavsiyalar, tahliliy xulosalar aynan tadqiqot mazmuniga mos degan fikrdamiz.
Isboti sifatida qiyosga tortilgan nozik mushohadali nuqtalarning taqdimoti bundan dalolat beradi. Masalan: “ ... oʻzbek adabiyoti oʻzining koʻp asrlik taraqqiyoti tarixida qoʻshni xalqlar adabiyoti bilan zich aloqada boʻlib, oʻzaro bahramandlik qonuniyati asosida rivojlanib keldi... Turkiy tildagi adabiyot arab va fors tilida yaratilgan adabiyot bilan baqamti rivojlanib, adabiy anʼanalar, janrlar, gʻoya va obrazlarda mushtaraklik kasb etdi...” deb, oʻzbek adabiyoti tarixan fors-tojik adabiyoti bilan oʻzaro uzviy “bahramandlik qonuniyati asosida” taraqqiy topgani xususida sharqshunos va adabiyotshunos olimlarning ilmiy tadqiqotlaridan ayrim “mushtarak” tomonlari tahlilga tortilgani, ammo sohaning umumnazariy jihatlari, adabiy-badiiy qonuniyatlar yetarli oʻz ifodasini topmaganligi xususida soʻz yuritiladi.
Keyinroq muallif masalaning jiddiyligi va uning yechimi haqida: “...bir-biriga oʻxshash yoki gʻoyasi, obrazlari, usul-uslubi yaqin asarlar Sharq adabiyotida juda koʻp. Bunday mushtarak faktlarni qidirib topish va qayd etishning oʻzi kifoya emas. Asosiy vazifa ana shu mushtarakliklar zamirida yotgan ijtimoiy-axloqiy, adabiy-estetik hodisalar sababiyati, umumiylikning ildizlarini ochish va tipologiya qonuniyatiga amal qilish, shu qonuniyat ichida shakllangan adabiy hodisalarning xususiyati, originallik darajalari, taʼsir va individual mahorat masalalarini yechish kerak boʻladi. Ana shunda juda koʻp bahsli masalalar ham oʻz-oʻzidan hal qilinadi”, deb, muammoli tezisni ilgari suradi.
Keltirilgan iqtibos alifbo sifatida risolada nazarga tutilgan barcha mavzularning tadqiqi va yechimi uchun koʻrsatgich hisoblanadi hamda ushbu iqtibos mazmuniga suyangan holda muallif taklif etgan muammolar tahlilini aniqlashga harakat qilamiz:
Birinchidan, mushtarak adabiy-estetik, ijtimoiy-axloqiy hodisalar sababi nimada?
Ikkinchidan, oʻzaro adabiy aloqalar ruhida mushtaraklik gʻoyalari qay tarzda vujudga kelgan?
Uchinchidan, tipologik qonuniyat adabiy hodisalarning shakllanishida umumiylik qanday amaliy rol oʻynagan?
Toʻrtinchidan, individual va orginallikda Navoiyning mahorati nimada?
Tadqiqotda muallif ikki xalq orasida vujudga kelgan mushtarak adabiy estetik hodisalarning genetik hosil boʻlish tarixi yuzasidan keng qamrovli tahliliy ekskursga qoʻl urib, bu sohaning yetuk tadqiqotchilari — professor Najmiddin Komilov va Rahim Vohidov tomonidan oʻzbek va tojik adabiy aloqalari tadrijini qiyosiy-tipologik metod yuzasidan amalga oshirilgan ilmiy ishlarda izohlangan ijodiy hamkorlik natijasida yuzaga kelgan umumiylik, mushtaraklik anʼanasi xususida chiqargan qimmatli nazariy-amaliy xulosalar, tavsiyalar adabiyotshunoslik ilmida muhim, jiddiy ahamiyat kasb etganini eʼtirof etadi.
Bundan tashqari, rus va oʻzbek olimlari tomonidan bu sohaga bagʻishlangan tadqiqotlar haqida ham keng fikr yuritib, xususan, atoqli sharqshunos olim Ye.E. Bertelsning “Iskandar haqidagi roman va uning Sharqdagi versiyalari”, “Navoiy va Attor” nomli asarlarida Alisher Navoiy hazratlari ijodiga berilgan xolisona baho alohida diqqatga sazovar deb taʼriflanadi.
Darvoqe, adabiyot cheksiz, poyonsiz maydon va bu muhtasham maydon asrlar davomida yuzlab, minglab shoiru adiblarning zarvaragʻi, taxayyul shaʼmi chirogʻi bilan yashnab, porlab, ulkan maʼno dengizi (bahr ul-maʼoniy)ga aylangani barchaga ayon. Muqaddimada tahlil davomida tadqiqotchi baʼzi Gʻarb olimlari Navoiyni fors adabiyoti tarjimoni deb, bildirgan fikrlari nohaq, bir yoqlama ekanini isbotlab, Sharq adabiyotida sara asarlarga salaflar tomonidan nazira bogʻlash anʼana tusiga kirgani va “...Nazira epigonlik ham, taqlid ham emas, balki oʻziga xos ijodiy musobaqa, kuch sinash vositasi boʻlib... buyuk salaflarning asarlaridan ilhomlangan holda, mavjud asarga ham gʻoya-maʼno va ham uslub-ifoda, mahorat jihatdan mos keladigan, ammo ayni vaqtda yangicha jaranglaydigan, yangi ijodkorning qalami kuchini koʻrsatib, ovozini ifodalaydigan yangi asarni dunyoga keltirgan...”, deya fikrini dalillaydi. “Payravlik”, “nazira”, “tatabbuʼ”, “javobiya”, “tavriya” kabi istilohlarning lugʻaviy maʼnolariga atroflicha izoh beradi, taʼrifga tortadi. Javobiya, payravlik, tatabbuʼ bogʻlash azaldan shoirlar orasida oʻziga xos musobaqa, mahorat maydoni ekani va bu maydonda gʻolib boʻlish uchun oʻta tengsiz isteʼdod boʻlishi kerak deya, Xisrav Dehlaviyning “Xamsa”si Nizomiy dostonlariga nazira tariqasida javobiya boʻlib, orginal asarlaridan koʻra kitobxonlar orasida qadrlangani va shoir el-yurt orasida eʼzozlangani, shuhrat topgani haqida soʻz yuritiladi.
Har bir asar, risolaning mohiyatini belgilashda soʻz boshi, muqaddima kalit vazifasini oʻtaydi va keyingi tahlilu tamsillarga yoʻl ochadi. “Koʻngil hayratlari” ham ana shu qurilma bilan bunyod etilgan irfoniy bino.
Yoʻl boshida turgan Hazrat:
Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq...
Kerak sher oldida ham sheri jangi,
Agar sher oʻlmasa, bori palange.
Bu misralar oʻzlikka xitob, sulukka daʼvat, shuningdek, maydon ichri turmoq oson emasligi, Nizomiy beshligiga qoʻl urmoqlik naqadar mushkil ekani izhori, ijodiy musobaqa, sher oldida sherdek tayyor turishlik shartligi, hech boʻlmasa, qoplon (leopard, bars, pantera)dek gʻayrat-shijoatli boʻlishlik gʻoyasi anglashadi.
“Hayrat ul-abror”da Abdurahmon Jomiyga bagʻishlangan bob mazmun va mohiyat nuqtayi nazaridan “Xamsa” debochasi. Muallif Jomiyning uyida ilmu adab ahli bilan suhbat ruhi shoirga oʻzgacha hayajon, zavq bagʻishlagan holatga alohida eʼtibor berib, tariqat piri, ustozi tomonidan xamsanavislik anʼanalari haqida, xususan, Nizomiy va Amir Xusrav “Xamsa”lariga tatabbuʼ, nazira, javobiya bogʻlash borasida bildirilgan mulohazalar bayoni doston satrlarida hajonli tarzda aks etganini sharhlaydi va fikrini dalilash uchun: “Voqean, nazira yoki javobiya nima? Uning vazifasi-maqsadi, mohiyati qanday boʻlishi kerak, degan savollarga hazrat Navoiy aniq javob berib kelganlar”, deydi. “Hayrat ul-abror” va boshqa dostonlarda Nizomiy, Amir Xusrav, Jomiy haqlarida bagʻishlangan boblar bayoniga tayanib: “... shoirning fikrlari faqat salaflar ehtiromi emas, balki adabiy-etetik qarashlari, tutgan mavqeini ham ifoda etadi”, degan fikrni bayon qiladi.
Shuningdek, tadqiqotchi tavsif davomida adabiy-etetik hodisalarning gʻoyaviy shakllanishi xususida mulohaza yuritib, uning xususiyati boʻlmish tasviriy vositalarning umumiylikka yuz tutishi va mustahkam qaror topishi davriy hodisa ekani va hodisaning maʼnaviy-maʼrifiy darajaga koʻtarilishi, ijtimoiy-axloqiy omilga aylanishi, oddiy jarayon emasligi, balki uning tub manbai, chuqur ildiz mavjudligi, ayniqsa, uning ilhomlantiruvchi manbai muqaddas Qurʼoni karim ekani va bu ilohiy kalom lazzati barcha kattayu kichik, shoiru zurafo, mavlolarning islomiy tafakkur va islomiy aqida, islomiy maʼrifat ruhiyatida kamol topishida yetakchi vosita sifatida adabiy-estetik hodisalarni badiyatga koʻchishi uchun zamin vazifasini oʻtadi, degan nazariy xulosaga keladi.
Muallif Jomiyning “Tuhfat ul-ahror” dostoni haqida keltirilgan maʼlumotlarni sharhlar ekan, yangi bitilgan asarni oʻqish davomida Navoiy ruhida yuz bergan tugʻyonga alohida eʼtiborni qaratadi. Haqiqatda bu muloqot manzara, holat tasviri oʻta noyob dramatik koʻrinishga ega va bilvosita XV asrning ikkichi yarmi Temuriylar saltanatining ijtimoiy, madaniy, maʼrifiy tamaddunini toʻliq aks ettruvchi real chizma, Uygʻonish galeriyasi va “Hayrat ul- abror” dostonining bitilishida bois boʻlgan eng hayajonli holat deb anglash lozim.
Navoiy hazratlari emotsional holatda bor ovozda, hayrat bilan:
Kim bu yoʻl ichraki alar soldi gom,
Bir necha gom oʻlsa manga ham xirom.
Forsi boʻldi chu alargʻa ado,
Turki ila qilsam ani ibtido,
der ekan, natijada “Hayrat ul-abror” bitildi va turkiy adabiyot durdonasiga aylandi.
Navoiy hazratlariga bu muhtasham yoʻlni bosib oʻtish oson boʻlmagan, albatta. Nizomiy, Xisrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy dostonlariga nazira bogʻlash oʻta mashaqqatli qasri ulo edi, ammo hazrat ulugʻlarning tafakkur bulogʻidan maʼnaviy ozuqa olib, ruhidan ijodiy quvvat tilab, ulkan maʼnolar xazinasini yarata oldi va oʻz asrida adabiy, madaniy muhitni yuksak marralarga koʻtarishga beqiyos amaliy hissa qoʻshdi. Tengsiz mushohada sohibi, nozik tab, zakiy, orif, pokiza qalb, buyuk shoir, kamtarin inson sifatida “Hayrat ul-abror” satrlarida ufurgan joʻshqin nafas muallif tomonidan zoʻr ishtiyoq, mehr bilan talqin va tahlilga tortiladi risolada.
Mufassir turkiy tilda bitilgan maʼnaviy neʼmatning har bir satriga ehtirom, hurmat-la munosabat bildirar ekan, gʻurur, muhabbat bila: “Hayrat ul-abror” faqat “Mahzan ul-asror” va “Matlaʼ ul-anvor”ga tatabbuʼ boʻlib qolmay, balki Jomiy asariga ham javob edi, yaʼni naziraga nazira yoki Navoiy asari toʻrtinchi muvaffaqiyatli nazira sifatida oʻzidan oldingi ikkita nazira —Xusrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiy asarlarini ham ruhan ifodalash kerak edi... Navoiy bir yoʻla uchta asarga javob aytishi kerak boʻlgan” deya masnaviy baytlarini keltiradi:
Botin ila qilmasa ul ikki rad,
Zohir ila bu biri qilsa madad...
Yoʻldasa bu yoʻlda Nizomiy yoʻlum,
Qoʻldasa Xisrav bila Jomiy qoʻlum.
“Koʻngil hayratlari”ni oʻqir ekan, oʻqirman haqiqatda tavsifiy, tahliliy bayonlarda teran mushohadalar, jozibali holatlar izhoriga guvoh boʻladi. Xususan, Xisrav Dehlaviy tasviri dostonda oʻta nozik satrlarda mavjlanadi: “Shamʼ kibi bazm furuzanda ul, Bazm furuzandau soʻzanda ul” deb, roviy Xisravning bazm (sheʼriyat)da sham kabi nur sochuvchi, nurafshon holatini sifatlasa, keyingi misrada bazm nurafshon, ammo oshiq qalbi ishq oʻtidan pora-pora, igna teshik ekaniga ishoraviy maʼno yuklaydi. Dehlaviyni nazm boʻstonida gʻolib sifati, tanholigi, ishqda esa soʻzanda ekani tasviridan mufassir hayratlanadi va taxayyul girdobiga choʻmadi, ruhan satrlar bilan uygʻunlashib, birlashadi, sayrga chiqadi.
Hazrat aytganlaridek: “Boʻlsa alar ozmi dashti adam, Men ham oʻlay soya kibi hamqadam. Kahfi baqo ichra alar boʻlsa gum, Men ham oʻlay Robiuhum kalbuhum”. Misralar talqinu tavsifdan oriy. Raqsu samo. Mana uning tasdigʻi: “Navoiy Amir Xusravni majoz usulida ijod qilib, ishqi haqiqiyni kuylagan shoir deb taʼriflaydi. Bu usulda unga teng keladigan shoir yoʻq. Soʻzu gudoz, yaʼni yonish va oʻrtanish hindistonlik shoirda ustun...” Tahlilni davom ettirib, “Amir Xusrav ifoda-tasvir ustasi, tili sehrli va jozibali. Uning qalami kishini hayratga soladi, goʻyo olam-olam dur sochayotganday tuyuladi, deb, taʼrifu tafsirga tortadi.
Navoiy hazratlarining darajama-daraja kamol topishida muhim xususiyat kasb etgan omil yuzasidan soʻz yuritish farz, vojib sanaladi va uning isboti “Hayrat ul-abror”. Chunki doston boshidan to adogʻigacha falsafiy mushohada va ilmu irfon ustqurmasi asosida takmil topgan. Har bir hamd, har bir munojot, maqolotda sifatlanmish voqelik hazratning poyama-poya yuqori, komillik sari koʻtarilishidan guvohlik beradi. XI asr soʻfiya tariqatining yetuk donishmandi, “Muqarrabi Boriy”, oriflar muqtadosi Hirot piri Xoja Abdulloh Ansoriy “Yuz maydon” (“Sad maydon”) risolasida obid va ulamo orasida “Alif”ning maqomi, martabasi haqida soʻz yuritib, Zunnun Misriy, Boyazid Bastomiy, Junayd Bagʻdodiy, Abubakr Kattoniyning keltirgan dalil va talqinlariga etiborni qaratadi. Zunnun Misriy “alif”ni Ilm; Boyazid Bastomiy, Junayd Bagʻdodiy Qasr; Abubakr Kattoniy Maqom deb taʼrif berishganini qayd etadi. Alloh azza va jaala Oʻzining muqaddas kalomi Qurʼoni karimning Oli Imron surasining 163-oyatida “...hum darajot...” deb marhamat qiladi. Allohning muqarrab doʻstlari, moʻtabar fozilu komillari “alif” xususida berilgan botiniy taʼrif va taʼkidni, kamina mufassirning tavsifru talqinlariga suyangan holda, salkam XVI asrdan buyon badiiy adabiyotimiz durdonasi va millatimizning maʼrifiy oyinasi boʻlib kelgan muhtasham xazina “Xamsa” dostonlarini badiyat gultojining nodir yaratqisi sifatida, shuningdek uning hashamatini esa qasri muallo, tutgan oʻrnini yuksak daraja deb va muqaddas oyatda vaʼda qilingan darajot maqomiga musharraf boʻlgan Navoiy hazratlarini komil Inson, yetuk, tengsiz zarif shoir, fozil shaxs timsolida eʼtirof etishni burch hisoblaymiz.
Xoja Ubaydulloh “Fiqroti Ahrorriyya”da “Himmati baland odamlarga avvalgi qadamdayoq vusul sharafiga musharraf boʻlish isteʼdodi berilgan”ligi xususidagi taʼrif, aynan hazrat Navoiyning hasbu hollariga qarata aytilgan tasdiq biz uchun. Haqiqatda hazrat naslu nasabda pok, axloqda karim, toatda muqim, ijodda benazir, saxovatda saxiy sifatlari bilan umr solnomasini bezagan.
Muqaddimaga kiritilgan muammolar yechimi muallif tomonidan zukkolik nazari bilan tahlilga tortilgan, chiqargan ilmiy-nazariy xulosalari amaliyot bilan uzviy bogʻlangan. Jumladan, tatqiqotchi: “...alohida dostonlarni qiyoslash xiyla samarali yoʻl deb baholaymiz, chunki bunda konkret tahlil orqali tatabbuʼning xususiyati anʼanaviylik va originallik munosabati oydinlashadi, umumiy adabiy jarayon xususiyatlari ayonlashadi”, deydi. Zotan, muallif tomonidan chiqarilgan bu ilmiy-tahliliy xulosa, mushohada nazarimizdan oʻtgan barcha savollar uchun yechim vazifasini oʻtaydi.
Filologiya fanlari doktori, professor Muslihiddin Muhiddinov tomonidan qiyosiy-tipologik qonuniyat va adabiy-estetik mezon asosida nashr qilingan “Koʻngil hayratlari” asari yetuk monografik tadqiqot va uning mazmuni darslik sifatida oʻquv jarayoni talabiga toʻliq javob beradi.
Soʻng soʻz sifatida biz Xoja Ubaydulloh Ahrorning “Silsilat ul-orifin” manzumasida “...ilmni dunyoviy maosh vasilasi va shuhrat hosil qilish sababi qiladiganlardan uzoq boʻlmoq lozim”, deyilgan haqiqatga rioya etib, Muslihiddin Muhiddinovni ilmni dunyoviy maosh va shuhrat hosil qilish uchun emas, balki qalbimizga maʼnaviy oziq, ruhimizda maʼrifatning gʻalaba qozonishi uchun suyukli muhiblarga tortiq qilingan tarovatli “Koʻngil hayratlari”ni esa tuhfa sifatida qabul qilishimiz lozim.
Isʼhoqxon NOSIROV, Angren universiteti dotsenti, filologiya fanlar nomzodi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring