Xorijga koʻrpa-toʻshak eksport qilayotgan ayol
Foto: Халқ сўзи
Andijon tumani Zavroq qishlogʻiga kelsangiz, eng avvalo, yoʻl chetida sotish uchun stullarga taxlab qoʻyilgan koʻrpa-toʻshaklar eʼtiboringizni tortadi. Shundan ham bilsa boʻladiki, bu qishloqning xotin-qizlari asosan mazkur hunar ortidan daromad topadilar.
— Shohizinda deb ataluvchi koʻchamizda 360 ta xonadon boʻlsa, shundan 46 tasida istiqomat qiluvchi ayollar koʻrpa-toʻshak tikish bilan shugʻullanadi, — deydi «Zavroq» MFY raisi oʻrinbosari Mahfuzaxon Toʻychiyeva. — 20 yildan buyon shu hunarning ortidan baraka topib kelayotgan opa-singillarimiz nafaqat oʻzlari, balki mahallamizdagi 216 nafar uy bekalarini doimiy daromad manbai bilan taʼminlamoqdalar. Ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida mahallaning oʻzida xom ashyo bilan taʼminlovchi sex va doʻkon faoliyati tiklandi. Qolaversa, shu kungacha 26 ta xonadon tarkibida savdo doʻkoni tashkil etildi.
Oʻzbek ayoli qoʻliga igna tutqazsangiz, butun yurtni kiyintiradi, deydi xalqimiz. Zavroqda bunga yana bir bor amin boʻldik. Qoʻl mehnati bilan yaratilayotgan oʻzbekona mahsulotlar sifatli va xaridorgirligi bois opa-singillarimiz daromadi ham chakki emas. Uydan chiqmagan holda mablagʻ ishlab topishning hadisini olgan Yayraxon Mahkamovaning asli kasbi hamshira. Uzoq yillar davomida viloyat shifoxonasida mehnat qilgan. Nafaqaga chiqqach, mana 6 yildirki, koʻrpa-toʻshak tikish bilan mashgʻul.

— Ishlab yurgan paytlarim ham qoʻshnilarimizning koʻrpa-toʻshaklarini qavib, qoʻshimcha daromad topardim, — deydi Yayra opa. — Nafaqaga chiqqach, ikki kelinimni yonimga olib, shu hunar bilan shugʻullana boshladik. Avvaliga oʻzimiz qavidik. Uyimiz katta yoʻlning boʻyida joylashgani bois mahsulotimizni koʻcha chetiga olib chiqib qoʻyardik. Shuning uchun xaridorlar uyimizga kirib kelardi. Hech qachon bozorga borib savdo qilmaganmiz. Ishlarimiz yurishib ketgach, buyurtmalar ham ortdi. Bugungi kunga kelib, mahallamizdagi 15 nafar ayolni ishga jalb qilganmiz. Ularning har biriga mehnatiga qarab bir oyda 1 yarim milliondan 2 million soʻmgacha ish haqi toʻlaymiz. Oilaviy daromadimiz ham chakki emas. Olti yil mobaynida avtomashina sotib oldik, doʻkon qurdik, oʻgʻlimizga atab uy quryapmiz, yana toʻy qildik.
Yayra opaning mahsuloti sifati bilan alohida ajralib turadi. Shu bois buyurtmalar soni ham koʻp. U tikkan koʻrpa-toʻshaklar Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Rossiya davlatlariga eksport qilinayotir.
— Paxtadan qavilgan koʻrpa-toʻshaklar havoni yaxshi oʻtkazadi, odamni terlatmaydi, — izoh beradi hunarmand opa. — Sintetik xom ashyodan tayyorlangan mahsulotdan farqli oʻlaroq inson salomatligi uchun koni foyda. Shu zaylda bugungi kunda oʻndan ziyod turda mahsulot chiqaryapmiz. Bizda beshikka yopqichlardan tortib avtomashinaga toʻshamalargacha topiladi. Kelinlar sepiga neki zarurat boʻlsa, hammasi doʻkonimizda bor.
Uydan chiqmagan holda nafaqat roʻzgʻorni butlayotgan, balki boshqalarning ham daromad topishi uchun madadkor boʻlayotgan bu kabi hunarmand ayollarimizning har bir amali ibratga loyiq.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring