Xorij bilan hamkorlik muallimga nima bermoqda?

14:28 12 Dekabr 2025 Jamiyat
144 0

Buxoro shahridagi 42 – ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktabida oʻquvchilarga saboq berayotgan Janubiy koreyalik Kim Ki Dikni oʻgʻil-qizlarning bilimga tashnaligi, koreys tili, madaniyati, anʼanalariga qiziqishi kattaligi hayron qoldirdi.

– Asan shahridagi Oniyan qizlar oʻrta maktabida ishlayman, – deydi u. – Maktabimiz hamda ushbu bilim dargohi oʻrtasidagi tuzilgan memorandumga koʻra Buxoroga keldim. Yoshlarda til oʻrganishga boʻlgan qiziqish, intilish juda kuchli.

Maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Sabohat Qoʻldosheva bizga Janubiy Koreyaning bir qator taʼlim muassasalari bilan tuzilgan memorandumlar haqida soʻzlab berarkan, koreys tili oʻqituvchisi Shahlo Karimova bilan uchrashishni maslahat berdi.

– Shu paytga qadar Janubiy Koreyaga 3-4-marta borib, u yerdagi taʼlim tizimi, dars jarayoni bilan yaqindan tanishdim, – deydi muallima. – Pedagog sifatida bu oʻzim uchun ham foydali. Dars berishning yangi usullarini oʻrgandim. Masalan, elektron doskaning soʻz boyligini oshirishga xizmat qiladigan qirralaridan xabardor boʻldim. Uni ayni damda amaliyotda qoʻllayapman. Umuman, bu xorijiy davlatda bilim olish masalasiga jiddiy qaraladi. Amaliy mashgʻulotlar jahon standartlari darajasida. Tartib-intizom kuchli. Koʻzboʻyamachilikni uchratmaysiz. Oʻquvchilar asosiy mashgʻulotlardan soʻng kechgacha bilimlarini mustahkamlash, oʻz ustida ishlash bilan band. Buni men ota-onalarning ham oʻz zimmalaridagi masʼuliyatni chuqur anglashlari natijasi deb bilaman.

Eʼtiborlisi, xorijlik oʻqituvchilarning bilimi, salohiyatidan nafaqat viloyat markazi, balki chekka hududlardagi taʼlim maskanlarida ham foydalanish yoʻlga qoʻyildi.

– Bilim dargohimizda ayni paytda pokistonlik Suleyman Saben faoliyat koʻrsatmoqda, – deydi Shofirkon tumanidagi “Boboato” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan 13 – umumtaʼlim maktabi direktori Feruz Rahmatov. – Buning samarasini koʻrib, sezib turibmiz. Avvalo, oʻquvchilarimizning ingliz tilini oʻrganishga boʻlgan qiziqishini keskin oshdi. Negaki, ingliz tili ular bilan oʻqituvchi oʻrtasidagi yagona aloqa vositasiga aylandi. Muallimlarimiz uchun ham oʻzaro tajriba almashish, oʻrganish imkoniyati yuzaga keldi. Qolaversa, maktabimizda haftaning har jumasida tuman miqyosidagi oʻquvlar tashkil etilyapti. 56 ta maktabdan ingliz tili muallimi kelib, xorijiy oʻqituvchidan mahorat saboqlari olmoqda.

Koʻrinadiki, bu tashabbus viloyat boʻyicha bilim olish imkoniyatlarini tenglashtirish, mahalliy pedagoglarning kasbiy malakasini oshirish, oʻquvchilarning xorijiy tajriba asosida chet tilini mukammal oʻzlashtirishi sari yoʻl ochayapti. Joriy yilda Buxorodagi maktablarga Janubiy Koreya, Rossiya, Misr, Eron, Efiopiya, Pokiston singari davlatlardan 26 nafar pedagogni jalb etish koʻzda tutilgan.

Istam IBROHIMOV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?