Xorazmda Abu Rayhon Beruniyning 1050-yilligiga bagʻishlangan Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi
Foto: Xalq so'zi
Urganch shahrida “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. Olamshumul kashfiyotlari, yuksak tafakkuri va bebaho ilmiy merosi bilan jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning 1050-yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan ushbu xalqaro anjumanda dunyoning 15 ta davlatidan 20 nafardan ortiq beruniyshunos olimlar, ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi. Konferensiyada soʻzga chiqqanlar Xorazm zaminidan yetishib chiqqan ulugʻ alloma, oʻrta asrlar sharq Renessansining buyuk namoyandasi Abu Rayhon Beruniyning jahon ilm-fani taraqqiyotiga qoʻshgan beqiyos hissasi, uning ilmiy merosini tadqiq qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʻz yuritdilar.
Azizullo Orol, manbashunos (Afgʻoniston):
- Tarixda “Dorul hikma” deb nom olgan Maʼmun akademiyasiga rahbarlik qilgan Abu Rayhon Beruniy ana shu davrda ilm-fan osmonida oʻziga xos yoʻlchi yulduz boʻlib charaqladi. XI asr tarixchilar tomonidan Beruniy asri deb atalgani bejiz emas. Qomusiy olimning matematika, fizika, astronomiya, mineralogiya, tarix va etnografiya, falsafaga oid asarlari bugungi kunda ham oʻzining ilmiy ahamiyatini yoʻqotmagan va dunyo olimlari tomonidan chuqur oʻqib oʻrganilmoqda. Beruniy yubiley sanasi bilan bogʻliq tadbirlar Afgʻonistonda ham oʻtkazildi. Bugungi anjumandagi maʼruzalar alloma ilmiy faoliyatining ochilmagan qirralariga eʼtibor qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi.
Bekzod Abdirimov, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Xorazm viloyat boʻlimi rahbari, falsafa doktori:
- Yubiley oldidan Beruniy asarlarining toʻqqizinchi jildi nashr qilingani quvonarli ish boʻldi. Kitobxonlar endilikda allomaning “As-saydana” asarini oʻzbek tilida mutolaa qilish imkoniga ega boʻldilar. Shuningdek, qutlugʻ sana munosabati bilan buyuk mutafakkirning hayoti va faoliyati haqida xorazmlik shoir, yozuvchi va dramaturg Qurbon Mahammadrizo qalamiga mansub “Omonat tuhfa”, “Sinov sahnasi” va “Bir siqim tuproq” nomli uch jildlik trilogiya viloyat hokimligi homiyligida chop qilindi. Konferensiyada xorijlik olimlarning ilmiy izlanishlari natijalari, jumladan Xitoy, Yaponiya, Hindistonlik olimlar tayyorlab yuborgan videomaʼruzalar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, birinchi va ikkinchi Uygʻonish davri allomalari merosini chuqur oʻrganish, uni yoshlar ongi va shuuriga singdirish, yangi Uygʻonish davri – Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirishga keng yoʻl ochib beradi. Shu maʼnoda, Xorazmda oʻtkazilgan ilmiy-amaliy anjuman juda katta maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyat kasb etadi.
Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring