Xivada Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasi gʻoliblari aniqlandi
Foto: “Xalq soʻzi”
Qadimiy va navqiron Xiva mezbonlik qilgan yana bir yirik anjuman — Abu Rayhon Beruniy nomidagi Xalqaro kimyo olimpiadasi yakunlandi. Ichanqalʼaning Koʻhna Ark maydonida olimpiadaning yopilishiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati shubasi mudiri Saida Mirziyoyeva olimpiada gʻoliblarini qizgʻin qutladi. Oʻzbekiston Respublikasining Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova, Xorazm viloyati hokimi Joʻrabek Rahimov, YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakili Sara Noshadi xonim, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakili Munir Muhammadzoda va boshqa martabali mehmonlar olimpiada gʻoliblariga oltin, kumush va bronza medallarni topshirdilar. Tadbir sanʼat ustalarining katta konsert dasturi bilan yakuniga yetdi.
Quyida tadbir tashkilotchilari fikrlari bilan tanishasiz:
Ixoann Plank, hakamlar hayʼati aʼzosi (Germaniya):
— Xiva shahrida 6 kun davom etgan mazkur olimpiadada Germaniya, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Braziliya, Ozarbayjon, Ummon sultonligi kabi 15 ta mamlakatdan kelgan 130 nafar yosh yigit-qiz oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazdilar. Oʻquvchilarning bilimini 10 nafar xalqaro hakamlar baholab borishdi. Shuningdek, olimpiadada faxriy mehmonlar, professorlar ishtirokida yosh bilimdonlar uchun mahorat darslari ham tashkil etildi. Olimpiada davomida ishtirokchilar Xorazm viloyatining, jumladan qadimiy Xivaning tarixiy obidalari, betakror muzeylari, mehmondoʻst oʻzbek xalqining boy tarixi, davlatchiligi, madaniyati, urf-odatlari va turmush tarzi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Ikrom Abdullayev, Xorazm Maʼmun akademiyasi raisi:
—Shimoliy va Janubiy Amerika qitʼalari mavjudligi haqidagi farazni ilk bor Beruniy bobomiz ilgari surgan. Abu Rayhon Beruniy X-XI asrlarda Maʼmun akademiyasida keng qamrovli ilmiy tadqiqotlar olib borib, yer va osmon ilmi borasida bebaho asarlar yaratdi. Uning asarlari fandagi keyingi kashfiyotlar uchun kuchli turtki va asos boʻlib xizmat qildi.
Davlatimiz rahbarining qaroriga koʻra, 2022–2023-yillarda buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligi YUNESKO shafeligida xalqaro miqyosda keng nishonlanishi munosabati bilan bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Kimyo fanidan oʻtkazilayotgan Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro olimpiada ham ana shu tadbirlarning uzviy davomidir.
Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring