Xiva shahrida “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida” nomli xalqaro madaniy forum oʻtkazildi

23:12 15 Sentyabr 2021 Madaniyat
1176 0

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqida YUNESKO bilan hamkorlikda 2021-yilda Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusida xalqaro forum oʻtkazish tashabbusini ilgari surgan edi. Joriy yilning 14–15-sentyabr kunlari Xiva shahrida mazkur xalqaro forum hamda madaniy meros masalalari boʻyicha Xalqaro maslahat qoʻmitasining I yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Shuningdek, anʼanaviy madaniy meros haftaligi dasturi doirasidan TURKSOY davlatlari madaniyat vazirlari doimiy kengashining yigʻilishi ham oʻrin oldi.

Xivada oʻtkaziladigan madaniy tadbirlarda ishtirok etish uchun dunyoning 60 dan ortiq davlatlaridan kelgan 300 nafardan ziyod olimlar, ekspertlar, tarixchilar, 100 dan ortiq xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari Urganch xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Forum qatnashchilari uchun Ichonqalʼaning tarixiy yodgorliklari boʻylab sayohat va teatr tomoshalari tashkil qilindi.

Taʼkidlash lozimki, TURKSOY xalqaro tashkiloti har bir “Turkiy dunyo madaniyati poytaxti” deb tanlangan shaharda tashkilotga aʼzo davlatlarning sanʼati va madaniyatini ochib beruvchi fotokoʻrgazma tashkil etish anʼanasini yoʻlga qoʻygan.Ana shu munosabat bilan Xiva shahrida ham TURKSOY xalqaro tashkilotining fotokoʻrgazmasi ochildi.

Qadimiy Ichonqalʼaning Qoʻhna ark maydonida “Xiva – turkiy dunyo madaniyati poytaxti” deb nomlangan gala-konsert namoyish etildi. Tadbirda YUNESKO Bosh direktorining oʻrinbosari Gabriella Ramos va TURKSOY tashkiloti direktori oʻrinbosari Bilol Chakiji soʻzga chiqib, Xiva shahrining turkiy dunyo madaniyati poytaxti deb eʼlon qilinganligi toʻgʻrisidagi sertifikatni Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Xiva shahri hokimi Temur Davletovga topshirdilar.

Forumning rasmiy ochilishi Xiva shahrida yangi barpo etilgan “Farovon” mehmonxonasida boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Aziz Abduhakimov mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga tabrigini oʻqib eshittirdi.

Madaniyat forumida YUNESKO, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, ISESKO, IKKROM, YUNVTO, Yevropa Ittifoqi, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, TURKSOY kabi xalqaro tashkilot rahbarlari va vakillari, Qirgʻiziston, Ozarbayjon madaniyat vazirlari, Tojikiston madaniyat vaziri oʻrinbosari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston hukumati qoʻllab quvvatlashi bilan oʻtkazilgan ushbu madaniy tadbirlar YUNESKO, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Turizm va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, “Eriell Group” neft-servis kompaniyasi koʻmagi bilan tashkil etildi.

Anjuman davomida forum ishtirokchilarining fikrlari bilan qiziqdik.

Gabriella Ramos - YUNESKO Bosh direktorining oʻrinbosari:

– Oʻzbekiston Buyuk Ipak Yoʻlining markazida joylashgan boy tarix va betakror madaniyatga ega mamlakat. Bu zamindan yetishib chiqqan buyuk allomalarning dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga qoʻshgan hissasi beqiyos. Keyingi yillarda yurtingizda tashkil etilayotgan nufuzli xalqaro konferensiyalar, forumlar, madaniy tadbirlar Oʻzbekistonni nafaqat Markaziy Osiyoning, balki dunyoning zamonaviy madaniy-maʼrifiy markazlaridan biriga aylanib borayotganini anglatadi. Bunday tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan forumning YUNESKO shafeligida oʻtkazishdan maqsad Oʻzbekistonning boy madaniyati va jahon tamadduniga qoʻshgan ulkan hissani ochib berish, dunyoga tanitishdan iborat. Taʼkidlash joiz, mazkur forum mintaqa xalqlarining dunyo tamadduniga qoʻshgan bemisl hissasi haqida keng qamrovli fikr bildirish uchun minbar vazifasini oʻtaydi. Shuningdek, mintaqadagi integratsion islohotlarning buguni va istiqbolini mutaxassislar tomonidan chuqur tahlil qilish va baholash uchun ham yaxshigina muhokama maydoni vazifasini bajaradi.

Elchin Gʻafforali – forum ishtirokchisi (Ozarbayjon):

– 2019-yilning 30-noyabr kuni Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY doimiy kengashining 37-majlisida 2020-yilda Xiva shahri turk dunyosining madaniy poytaxti, deb eʼlon qilindi.Xiva shahriga bu maqomni berish taklifi 2018-yil sentyabr oyida Qirgʻizistonda oʻtkazilgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining VI sammitida bildirilgan edi. Har yili turkiy tilli davlatlar shaharlaridan birini turk dunyosi madaniyati poytaxti, deb eʼlon qilish anʼanasiga 2010-yilda Turkiy tilli davlat rahbarlari sammitida asos solingan. Ayni paytga qadar Nursulton, Eskishehir, Qozon, Marv, Shaki, Turkiston, Kastamonu, Oʻsh shaharlari ana shu nomga sazovor boʻlgan. Ochiq osmon ostidagi muzey-shahar boʻlmish Xivaningqadimiy osori-atiqalari, ming yilliklarga tengdosh obidalari bizni nihoyatda hayratlantirdi va bu shaharning shunday yuksak maqomga munosib koʻrilgani bekorga emasligiga yana bir bor amin boʻldik.

Xivada TURKSOY davlatlari madaniyat vazirlari doimiy kengashi yigʻilishining oʻtkazilishi alohida ahamiyatga molik voqea. Yigʻilish dasturidan “Xiva – Turkiy dunyo madaniy poytaxti” loyihasi doirasidagi tadbirlar haqida hisobot, 2022-yil Turkiy dunyo madaniy poytaxti haqidagi taqdimot oʻrin olgan.

Erik Ayvrash – forum ishtirokchisi (Fransiya):

–Xalqaro madaniyat forumi doirasidagi tadbirlar aʼlo darajada tashkil qilingan. Ushbu anjuman Markaziy Osiyo madaniyati va tarixi boʻyicha bilimlarimizni yanada oshirish imkonini berdi.Oʻzim artitektorman.Oʻzbekistondagi madaniy yodgorliklarni qayta tiklash borasida Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi bilan bir necha yillardan buyon yaqin hamkorlik qilib kelyapman. Xivada birinchi marta boʻlishim. Taassurotlarim bir olam. Menga ayniqsa xalqingizning mehmondoʻstligi, milliy anʼanalar va urf-odatlaringiz juda yoqdi. Shaharning betakror obidalari, oʻziga xos meʼmorchiligini koʻrib hayratga tushdim. Umuman Xiva jahon turizmi markazlaridan biriga aylanadigan sehrli shahar ekaniga amin boʻldim.

Gavhar Durdiyeva - Xorazm Maʼmun akademiyasi raisining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, senator:

– Xiva shahri 1990-yilda YUNESKOning dunyo madaniy meroslari roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, bugungi kunda sayyohlar eʼtiboridagi eng qadimiy shaharlardan biri sanaladi. Qadimiy va navqiron Xivaning 2020-yilda turk dunyosi madaniyati poytaxti deb eʼlon qilinishi shaharning dunyo miqyosida dovrugʻini yanada keng yoyish, qardosh xalqlar bilan doʻstlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qildi. Shahrimizning bunday yuksak maqomga ega boʻlishi biz uchun katta sharafdir. Bugun Xivada amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari ana shu eʼtirofga mos keladi. Bu eʼtirof ichki va tashqi turizmning rivojlantirish, yangi infratuzilma obyektlari, muzey va ekspozitsiyalar barpo etish, sayyohlik xizmatlari eksporti hajmini oshirish imkonini berdi. Shaharda tashkil etilgan madaniy tadbirlar, xorijiy va mahalliy jurnalistlar uchun uyushtirilgan mediaturlar nafaqat shaharni, balki butun mamlakatimizni dunyo miqyosida keng tanitdi. Jahon jamoatchiligi yurtimiz tarixi, tabiati, xalqimiz turmush tarzi va madaniyati, urf-odat va anʼanalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻldi.

Odilbek Odamboyev,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?