Xitoylik akademik Axsikentda olib borilayotgan tadqiqotlarda qatnashishga qaror qildi

19:43 20 Iyul 2023 Jamiyat
398 0

Foto: Xalq soʻzi

Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumaniga joylashgan ikki yarim ming yillik tarixga ega Axsikent xarobalari moziydan soʻzlayotgandek goʻyo.

Oʻz davrida dunyo tamaddunida munosib oʻringa ega boʻlgan qadimiy shahar oʻrnidagi tarixiy yodgorlik butun jahon, xususan, ilmiy jamoatchilik eʼtiborini tortib kelmoqda. Keyingi yillarda bu yerda izlanishlar koʻlami tobora kengaydi. Kecha majmuaga tashrif buyurgan Xalqaro matematika kongressi aʼzosi, xitoylik akademik Yongbin Ruan ham koʻhna shaharda olib borilayotgan tadqiqotlarda qatnashishga qaror qilganini bildirdi.

— Oʻttiz yildan buyon matematika ilmi bilan birga arxeologiya bilan ham shugʻullanaman, —deydi janob Ruan. — Axsikentga bejiz kelmadim. Ilmiy va texnik imkoniyatlarimdan kelib chiqib, sunʼiy intellekt yordamida arxeologik izlanishlarga koʻmak bermoqchiman. Bu orqali tarixni chuqur oʻrganish imkoniyati paydo boʻladi. Biror topilma haqida sunʼiy idrok orqali barcha maʼlumotni aniq bilish mumkin. Amaliy ishlarga kirishadigan vaqtimiz esa uzoq emas — kelgusi yil bu yerga olimlar, arxeologlar jamoasi bilan tashrif buyuramiz.

Xitoylik mehmon bilan Axsikent yodgorligi hududidagi barcha arxeologik obyektlar, ularda amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha oʻzaro kengash oʻtkazildi.

Ayni paytda Axsikent arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi “TourismLab” markazi bilan birgalikda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshchiligida fundamental loyihalar ishlab chiqmoqda.

                                                            Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?