Xitoy Yaqin Sharqdagi mojaro tomonlarini vazminlikka chaqiradi

10:47 15 Aprel 2024 Dunyo
306 0

Foto: Reuters

Xitoy Yaqin Sharqdagi mojaroning barcha tomonlarini maksimal darajada vazminlikka chaqiradi. Bu haqda Xitoyning BMTdagi doimiy vakili oʻrinbosari Day Bin Xavfsizlik kengashi yigʻilishida maʼlum qildi.

Isroil havo kuchlari shu yilning 1-aprel kuni Suriya poytaxti Damashqdagi Eron bosh konsulligi binosiga zarba bergan edi. Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusiga koʻra, buning oqibatida yetti nafar zobit, jumladan, ikki bosh maslahatchi — korpusning Suriya va Livandagi Quds kuchlari qoʻmondoni Muhammad Rizo Zohidiy va uning oʻrinbosari, brigada generali Muhammad Hodi Hoji Rahimiy halok boʻlgan. Tehron javob berish huquqiga ega ekanligini bildirdi.

Shu bois 13-aprel kuni Eron Isroilga uchuvchisiz apparatlar va ballistik raketalar bilan hujum qildi. Isroilning yuqori martabali mulozimiga koʻra, mamlakat tomon yuzlab dronlar uchirilgan. Keyinroq boshqa davlatlar, jumladan, Yaman ham Isroil tomon uchuvchisiz apparatlarni uchirgani maʼlum boʻldi.

Isroil, oʻz navbatida, Eron hujumiga «kuchli javob» berishga vaʼda berdi.

«ABC News» telekanalining Isroil mudofaa kuchlari matbuot kotibi Piter Lernerga tayanib xabar berishicha, Isroil hukumati dushanba kuni yoki yaqin kunlarda oʻz hududiga Eron hujumiga javob choralarining aniq turi boʻyicha qaror qabul qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?