Xitoy AQSHdan “samimiylik” kutadi – AFP agentligi

10:57 02 May 2025 Dunyo
186 0

Xitoy AQSHning tariflar boʻyicha muzokaralar taklifini koʻrib chiqadi, biroq Vashingtondan “samimiylik” kutmoqda. Bu haqda Xitoy Savdo vazirligi rasmiy bayonot berdi. Bayonotda aytilishicha, Xitoy AQSH tomonidan bildirilgan taklifni “hozirda baholayapti”, ammo har qanday muzokaralarning boshlanishi uchun AQSH avvalo oʻzining notoʻgʻri harakatlarini tuzatishi va bir tomonlama soliq siyosatini bekor qilishi lozimligi taʼkidlangan.

Maʼlum qilinishicha, AQSH tomonidan Xitoy mahsulotlariga nisbatan joriy qilingan jazo tariflari aprel oyidan kuchga kirgan boʻlib, koʻplab tovarlar uchun boj miqdori 145 foizga yetgan. Xitoy bunga javoban AQSH mahsulotlariga 125 foizgacha yangi bojlar joriy etdi. Shunga qaramasdan, smartfonlar, kompyuterlar va yarimoʻtkazgichlar kabi yuqori texnologiyali mahsulotlar hozircha AQSH tariflaridan vaqtincha ozod etilgan.

Prezident Donald Tramp avvalroq Xitoy tomonidan muzokaralarga chaqiriqlar boʻlganini iddao qilgan va “bitimga erishish ehtimoli juda yuqori” ekanini bildirgan edi. Xitoy Savdo vazirligi bu hafta AQSHdan muzokaralar uchun taklif tushganini tasdiqladi. Shunga qaramay, vazirlik vakillari Vashingtondan “samimiylik” va jiddiy yondashuv kutilayotganini bildirdi.

Agar AQSH tomoni oʻzining notoʻgʻri tarif siyosatini bekor qilmasa, bunday yondashuv Xitoy bilan oʻzaro ishonchga jiddiy putur yetkazishi mumkinligi aytildi. “Bir narsani aytib, boshqa ish tutish, yoki muzokaralar nomi ostida tahdid va shantaj ishlatish ishlamaydi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Hozirda dunyo boʻyicha oʻnlab davlatlar AQSH bilan iyul oyigacha bitim imzolash boʻyicha 90 kunlik muddatga ega boʻlib, aks holda ularni yuqoriroq boj stavkalari kutmoqda. Shu bilan birga, Pekin agar zarur boʻlsa, savdo urushini “oxirigacha” olib borishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi. Bu haftada Xitoy Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tarqatilgan videoda: “Hech qachon tiz choʻkmaymiz!” degan xabar berildi.

Shuningdek, Xitoy rasmiylari global iqtisodiy oʻzgarishlar ularning eksportga qaram iqtisodiyotiga bosim oʻtkazayotganini tan oldilar. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, aprel oyida Xitoyda ishlab chiqarish koʻrsatkichlari pasaygan. Bunga sabab qilib xalqaro iqtisodiy sharoitlarning keskin oʻzgarishi koʻrsatilmoqda. Shu bilan birga, mart oyida eksport hajmi 12 foizdan koʻproqqa oshgan, bu esa korxonalar bojlar kuchayishidan oldin mahsulot yetkazib berishga shoshilganini koʻrsatadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?