Xirurgiya markazida ilk bor bemorga endovoskulyar usulda stent-graft oʻrnatildi — Sogʻliqni saqlash vazirligi

17:03 20 Fevral 2023 Jamiyat
588 0

Foto: SSV matbuot xizmati

Zamonaviy tibbiyot bugun innovatsion yondashuvlar asosida rivojlanmoqda. Sohaga tatbiq etilayotgan ilgʻor texnologiyalar oʻta murakkab operatsiyalarni ham kam invaziv yoʻl bilan, qisqa vaqt ichida, eng muhimi, muvaffaqiyatli bajarish imkonini beryapti.

Keyingi yillarda akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ana shunday yangicha diagnostika va muolaja usullari joriy etilmoqda. Natijada minglab ogʻir bemorlarning hayotini asrab qolish imkoniyati yaratilyapti.

— Muassasamizda barcha turdagi xirurgik kasalliklar, jumladan, abdominal, yurak-qon tomir, oʻpka va koʻks oraligʻi xastaliklari aniqlanadi hamda davolanadi. Hozir mutaxassislarimiz 350 dan ziyod turdagi kam invaziv yuqori texnologik operatsiyalar oʻtkazyapti. Ulardan 230 tasi noyob amaliyotlar turiga kiradi, — deydi markaz direktori Saidmurod Ismailov.

Oʻtgan yili yurtimizda ilk bor endoviziual xirurgiya boʻlimida laparoskopik usulda meʼda osti bezi insulinomasining enukleatsiyasi hamda meʼda proksimal qismi oʻsmasida gastrektomiya amaliyotlarini bajarishni yoʻlga qoʻydik.

Rentgenendovaskulyar xirurgiya boʻlimida endovaskulyar usulda boʻlmachalararo toʻsiqni bartaraf etish operatsiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazilib, 2022-yilning oʻzida 11 turdagi yangi amaliyot oʻzlashtirildi.

Aorta anevrizmalari yorilishining oldini olish maqsadida markazda ilk bor 1 nafar bemorga endovoskulyar usul bilan ilk bor stent-graft oʻrnatildi.

Qolaversa, markazda 3 ta yurak tugʻma nuqsonlari boʻlimi, 1 va 2-sonli gepatobiliyar xirurgiya va jigar transplantatsiyasi boʻlimlari tashkil etildi.

Oʻz navbatida, 2022-yil muassasada inson aʼzolari va toʻqimalari transplantatsiyasi ilmiy laboratoriyasi ochildi.

Intervension kardiologiya, rentgeno-endovaskulyar jarrohlik va yurak ritmining buzilishi boʻlimida yurak va tomirlarda kam invaziv usulda, yaʼni ochiq operatsiyalarsiz murakkab jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgan.

Ayni paytga kelib, mazkur boʻlimda yiliga 2-2,5 mingta angiokardiografik tekshirishlar va minimal invaziv operatsiyalar bajarilyapti.

Binobarin, Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy, Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Xorazm viloyatining Urganch, Buxoro viloyatining Vobkent tumanlarida ilk bor buyrak transplantatsiyasi oʻtkazildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?