Xargoʻsh qanday qilib Xayrxushga aylanib qoldi?

18:34 16 Fevral 2023 Jamiyat
962 0

Foto: Xalq so‘zi

Buxoro shahridan chiqib, Vobkent tumani hududiga kirgan mahal yoʻl yoqasida “XAYRXUSH q.» yozuviga koʻzingiz tushadi.Ichkariga chamasi 3 – 4 kilometr yurilgach, qadimiy Xargoʻsh qishlogʻiga boriladi. Aytmoqchi, Xargoʻsh nega Xayrxushga aylanib qoldi?

Bizning shu savolimizga javoban «Xayrxush» mahalla fuqarolar yigʻinidagilar qoʻlimizga Xalq deputatlari Vobkent tuman Kengashining 2020-yil 23-sentyabrdagi 90/16-VI- sonli qarorini tutqazishdi. Tumanning oʻsha paytdagi hokimi, Xalq deputatlari tuman Kengashi sobiq raisi B. Bafoyev imzosi turgan ushbu hujjatda “Paxtakor” mahalla fuqarolar yigʻini nomi «Xayrxush» deb oʻzgartirilsin deyilgan va asos sifatida Geografik obyektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi Buxoro viloyat komissiyasining 2020-yil 20-avgustdagi 19/2985- sonli «oʻzbekiston Respublikasi Davergeodezkadastr qoʻmitasining 2020-yil 18-avgustdagi Geografik obyektlarga nom berish yoki ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarining qonun hujjatlariga muvofiqligi haqida ekspert xulosasini yuborish toʻgʻrisida»gi xulosasi tilga olingan.

Qiziq, Xargoʻsh va Xayrxush atamalari qanaqa maʼnoni beradi?

Biz shu masalaga oydinlik kiritish masalasida Buxoro tarixining bilimdonlaridan biri, OʻzFA Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, sharqshunos-manbashunos Komiljon Rahimovga murojaat qildik.

— Toponimika, joy nomlari juda nozik, chuqur oʻrganishni, xulosaga shoshilmaslikni talab qiladigan masala, — deydi K. Rahimov. — Siz yuqorida qadimiy Xargoʻsh qishlogʻini tilga oldingiz. Chindan ham Xargoʻsh yurtimizning koʻhna manzillaridan sanaladi. Bu yerda tasavvuf bilimdonlaridan biri Abu Saʼd Xargoʻshiy yashab oʻtgan. As-Samʼoniyning «Al - Ansob» (“Nasabnoma”) asarida ham bu zot haqida maʼlumot berilgan.Jumladan, shu kitobda bu ajdodimiz milodiy 1017-yilda vafot etgani taʼkidlanib, «Xarjush (forschada “Xargoʻsh” deb ham aytiladi)-Buxoro qishloqlaridan», degan soʻzlarni oʻqiymiz. Binobarin, “Xargoʻsh” bu tarixiy joy nomi. Bilasiz, oʻtmishda ulugʻ avliyo, allomalar, albatta, biror bir kasb-kor bilan shugʻullanishgan. Fikrimizcha, Abu Saʼd Xargoʻshiy quyon boqib, umrguzaronlik qilgan. Bu ibora shu maʼnoni beradi. Ochigʻi, qadimiy qishloq nomi «Xayrxush» deb oʻzgartirilgani bizni juda ajablantirdi.

Aytmoqchi, Geografik obyektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi viloyat komissiyasining bir aʼzosi bilan muloqotga kirishib, tarixiy joy nomi nega «Xayrxush» deb oʻzgartirilganini bilmoqchi boʻldik. Ammo undan asosli javob ololmadik.

Biz suhbatlashgan ayrim ziyolilar esa «Xarjoʻsh» yoki “Xargoʻsh” aslida “Qaynar buloq” maʼnosini berishini aytishdi. Bunga Abu Saʼd Xargoʻshiy dafn etilgan ziyoratgoh hududida quduq (buloq) borligini misol keltirishdi.

Shu oʻrinda bir mulohaza. Bizningcha, qishloqlarimiz tarixi, ularda yashab oʻtgan ulugʻ allomalar haqida birinchi navbatda shu manzilda yashovchi zamondoshlarimiz ozmi – koʻpmi bilmoqlari darkor. Afsuski, koʻpchilik ulugʻ hadisshunos olim Abu Saʼd Xargoʻshiy nomini eshitmagan ham. Bu yoʻnalishda dinshunos olimu yozuvchilar, maʼnaviyat targʻibotchilari tomonidan juda koʻp ish qilinishi kerakligi shundoq koʻrinib turibdi.

Aytmoqchi, «Xayrxush» qanday maʼnoni anglatadi? Balki tarkibida olimu ziyolilar boʻlgan tegishli komissiya bunga aniqlik kiritar?

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?