Xans Klyuge Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yaratilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeks loyihasini olqishladi

16:38 08 Sentyabr 2021 Jamiyat
608 0

Bugun videokonferensaloqa orqali yurtimiz sogʻliqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev va Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi rahbari Xans Klyuge oʻrtasida muloqot boʻlib oʻtdi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston JSST Yevropa mintaqaviy byurosiga aʼzo boʻlgan 53 davlatdan biri boʻlib, tashkilot bilan koʻp tomonlama hamkorlik qilib keladi.

Tadbirda, Oʻzbekiston JSST bilan koʻp tomonlama samarali hamkorlik qilib kelayotgani, bu hamkorlik, ayniqsa, pandemiya davrida yanada mustahkamlangani taʼkidlandi. JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi rahbari Xans Klyuge yurtimiz sogʻliqni saqlash tizimidagi har bir yangilanishga oʻzining ijobiy munosabatlarini bildirib, muhim jabhalarda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.

Oʻtgan yili JSST bosh direktori Tedros Gebreyesusning Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga maktub yoʻllab, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeks loyihasi ishlab chiqilib, JSSTga taqdim etilgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirgani ham ushbu hamkorlikning yorqin namunasidir.

Aytish lozimki, 2019-yilning 20-may kuni boʻlib oʻtgan JSSTning oliy organi Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasining JSST Yevropa mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti etib saylangan edi.

Tashkilotning 69-sessiyasida (2019-yilning sentyabr oyida) uning direktorligiga saylangan doktor Xans Klyuge oʻzining ilk rasmiy xorijiy tashrifini 2020-yil 10-fevral kuni aynan Oʻzbekistondan boshlaganini alohida taʼkidlash lozim. Shu kuni Xans Klyuge Yevropa mintaqaviy byurosi hamda mamlakatimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun mamlakatimiz Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan edi. Shuningdek, tibbiy taʼlim va fan sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan munosib hissasi uchun u Toshkent tibbiyot akademiyasining faxriy professori unvoniga ham sazovor boʻlgandi.

Ushbu tashrif davomida X. Klyuge mamlakatimizga Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, bu yerda bemorlar uchun yaratilgan sharoitlarga yuqori baho bergan edi. Eʼtirofli jihati, JSST maʼlumotiga koʻra, silga qarshi olib borilgan tadbirlarning natijalari boʻyicha Oʻzbekiston ftiziatriya xizmati Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa hududiga kiruvchi 53 mamlakat orasida ikkinchi oʻrinni egallab, kuchli uchlikdan oʻrin olgan.

Muloqot davomida ushbu keng koʻlamli hamkorlik ayni vaqtda koronavirusga qarshi kurash masalasini ham qamrab olgani taʼkidlandi. JSST va uning Yevropa mintaqaviy byurosining faol aʼzosi sifatida Oʻzbekiston 2020-yilning avgust oyida tashkilotning koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqish va tarqatish boʻyicha “COVAX” xalqaro dasturiga qoʻshilgan.

Aytish lozimki, tashkilot barcha vaksina ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qilib kelmoqda va ushbu mexanizm barcha aʼzo mamlakatlarning litsenziyalangan va tasdiqlangan vaksinalardan teng foydalanishni taʼminlashga katta eʼtibor qaratmoqda.

Tadbirda soʻnggi yillar davomida Oʻzbekiston tibbiyoti qator ijobiy yutuqlarga erishganini taʼkidlandi. Jumladan, birlamchi tibbiy yordam koʻrsatish, shoshilinch tibbiy xizmat, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlar faoliyati, xususan, transplantatsiya yoʻnalishida qoʻlga kiritilayotgan dastlabki yutuqlar haqida aytildi.

Taʼkidlash lozimki, mamlakatimizda koronavirusga chalingan bemorlarni davolashdan tortib, ayni kunlarda olib borilayotgan vaksinatsiya jarayonlarini olib borish hamda aholini emlash tadbirlariga jalb etishda, karantin tadbirlarini tashkil etishda bevosita JSST tavsiyalariga amal qilinmoqda.

Muloqot davomida JSSTning pandemiya davridan keyingi tadbirlari, kasallikdan sogʻaygan insonlarni reabilitatsiya qilish boʻyicha dasturlar doirasida Oʻzbekiston bilan amalga oshiriladigan hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xans Klyuge JSST Yevropa mintaqaviy byurosi yuqumli kasalliklar yangi turlarining tarqalishi ehtimoliga tayyorgarlik masalalari boʻyicha rejalashtirayotgan dasturlarni amalga oshirishda yurtimizga koʻmaklashishini bildirdi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda byuro bilan birgalikda sogʻliqni saqlash sohasidagi dolzarb masalalar, xususan, COVID-19ga qarshi kurashish tajribasi, tibbiy taʼlim, yuqumli va yuqumli boʻlmagan kasalliklarga qarshi kurashish, laboratoriya xodimlarini tayyorlash va boshqalariga bagʻishlangan xalqaro anjuman oʻtkazish ham muhokama qilindi.

Tadbir yakunida Abduhakim Xadjibayev Xans Klyugeni yurtimizga tashrif buyurishiga taklif qilib, mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish, hamkorlikda amalga oshiriladigan dasturlarni batafsil muhokama qilishga chaqirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?