Xalqimiz tibbiyotdagi islohotlarga umid bilan qaramoqda

19:00 05 Fevral 2023 Siyosat
1359 0

Foto: Arxiv surat

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotida xalqimiz salomatligini taʼminlash bundan buyon ham bosh vazifa boʻlib qolishini alohida taʼkidlagan edi.

Darhaqiqat, sohaga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarni kelgusi besh yilda 2 barobar oshirish, 2026-yilgacha oliy toifali shifokorlar maoshini ekvivalent hisobida ming dollarga yetkazish koʻzda tutilmoqda.

«Hayot haqiqati shuni koʻrsatadiki, faqatgina sogʻlom xalq, barkamol millat buyuk ishlarga qodir boʻladi.

El-yurtimiz azaldan shifokorlarni inson salomatligini asrashdek ezgu va savobli ishga butun borligʻini bagʻishlagan fidoyi zotlar deb biladi va hamisha qadrlaydi. Chunki odamlar sizlarga oʻzlarining eng bebaho boyliklarini — hayotlarini ishonib topshiradi», degan edi oʻsha muloqotda Prezidentimiz.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Jumanazar BEKNAZAROV bilan suhbatimiz sogʻliqni saqlash, farmatsevtika tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish masalalari xususida boʻldi.

— Tibbiyot sohasida yarim asr­dan ziyod faoliyat koʻrsatgan tajribali mutaxassis sifatida tizimdagi muammolarni bartaraf qilish, shaffoflikni taʼminlash nimalarga bogʻliq deb hisoblaysiz?

— Prezidentimiz sogʻliqni saqlash tizimi xodimlari bilan oʻtkazgan ochiq muloqotida bitta gapni aytdi: bundan buyon sogʻliqni saqlash sohasini tizimli transformatsiya qilishga eʼtibor qaratiladi.

Davlatimiz rahbarining bu gapi nimani anglatadi? Buning maʼnosi shuki, endi sobiq shoʻro davridan boshlab bir xil yuzaki qolipda kelayotgan tizimga barham beriladi. Tibbiyotda individual yondashuvga oʻtiladi. Asosiy eʼtibor sohadagi muammolar mohiyatiga, uning yechimiga qaratiladi. Aslida, bu masala biz shifokorlarga koʻpdan beri maʼlum, lekin eʼtiborga olinmay kelinayotgan tizimdagi eng ogʻriqli jihatlar edi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, keyingi besh yilda respublikamiz boʻyicha tibbiyotning birlamchi boʻgʻini orqali tibbiy profilaktika, oilaviy shifokorlar rolini oshirishga alohida ahamiyat berildi. Davlatimiz rahbari ochiq muloqotda olimlar, shifokorlar, hamshiralar, farmatsevtlar, sanitariya-epidemiologiya xizmati vakillaridan kelib tushgan jami 25 mingdan ziyod murojaatlarni umumlashtirish va tizimlashtirish asosida ishlab chiqilgan 7 ta muhim yoʻnalishni belgilab berdi. Bular birlamchi tibbiy xizmatni aholiga yaqinlashtirish, tez tibbiy yordamni rivojlantirish, tibbiyot muassasalarining sharoitini yaxshilash, sohani malakali kadrlar bilan taʼminlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish, jamiyatda sogʻlom turmush madaniyatini oshirish hamda kasalliklarning oldini olishdan iborat.

— Tibbiyot sohasi kadrlarini tayyorlashdagi bugungi tizim sizni qoniqtiradimi?

— Yoʻq, albatta. Oʻzbekistonda sobiq tuzum davridan beri amalda boʻlgan eski taʼlim tizimi bugungi muammolarga giriftor etdi deb oʻylayman. Shifokor boʻlishni niyat qilgan yigit-qiz 7-8 yil oʻqiydi. Bu davrda u turli qiyinchiliklarni boshidan oʻtkazadi, shartnoma puli, ijarada turishi, yeyish-ichishi degandek... Talaba tibbiyot sohasini ipidan ignasigacha oʻrganadimi yoki oʻsha xarajatlarni qoplash uchun yelib-yuguradimi? Ayting, undan keyin oʻqishni bitirgan talaba qanday shifokor boʻladi?

Bir umr qiynalib shifokorlik diplomini olgan yigit-qizlar ham, albatta, yaxshi yeb-ichishni, uy, mashina olishni, yaxshi yashashni orzu qiladi. Bu esa oxir-oqibatda ularning kimlar bilandir kelishib ishlashiga sabab boʻladi. Shuning uchun mening fikrim, birinchi navbatda, tibbiy kadrlar tayyorlash tizimini qaytadan koʻrib chiqib, pragmatik yondashuvlar asosida ratsional yechimlarga kelinishi kerak. Ularda talabani moddiy ragʻbatlantirishdan tortib yotoq joy bilan taʼminlash masalalari ham aks etishi lozim.

Esingizda boʻlsa, oʻtgan yili Oliy Majlis Senatida boʻlib oʻtgan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashning majlisida jinoyat ishlarining har uchtadan bittasi sogʻliqni saqlash, taʼlim va bank tizimi xodimlari tomonidan sodir etilgani aytilgan edi.

Xalqimizda “Borga — bor dunyo, yoʻqqa — tor dunyo” degan gap bor. Moddiy tomondan yetarli ragʻbatlantirilmagani sabab, baʼzi shifokorlar oʻz manfaati uchun kasbidan foydalanishni boshlaydi. Farmatsevtlar bilan kelishuvlar, keraksiz dorilar sotuvi shunga borib taqaladi. Moddiy jihatdan taʼminlangan har qanday kasbdagi kishi oʻz vazifasini hech qanday tamalarsiz, vijdonan bajarishga harakat qiladi.

— Tizimda tub oʻzgarishlarga erishish uchun ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash kerak dedingiz. Bunda nimalar nazarda tutilyapti?

— Shaffoflikni taʼminlash uchun bosh islohotni Sogʻliqni saqlash vazirligining soha uchun javob beradigan mutasaddilari, bosh mutaxassislari va dorilarni Oʻzbekistonga import qiladigan farmkompaniyalardan boshlash kerak. Undan keyin viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmasi va tizimdagi taʼlim muassasalari, oʻrta boʻgʻin mutaxassislari nomenklaturalariga eʼtibor qaratilishi shart deb oʻylayman.

Keyingi yillarda shu paytgacha koʻz koʻrib, quloq eshitmagan fojialar — ­Nukusda shifokorlar tirik chaqaloqni «morg»ga yuborgani, «Dok-1 Maks» dorisidan bir necha oʻnlab bolalarning ­nobud boʻlgani kabi voqealar tizimning haqiqiy ahvolini koʻrsatib qoʻydi. Bularning hammasi taʼlimdagi, tibbiyotdagi xatolarning oqibatidan boshqa narsa emas.

— Keyingi paytlarda tibbiy sugʻurtaga oʻtishga urgʻu berilmoqda. Mazkur tizim nimasi bilan afzal?

— Tibbiy sugʻurtada har bir shifokorning qoʻlida diagnostika va davolash andozalari boʻladi. Oʻsha andoza boʻyicha bemorga belgilangan dori beriladi va berilgan vaqti-soati qayd etiladi. Ana oʻshanda biror noxush holat roʻy bersa, shifokor oʻzini himoya qila oladi, yaʼni bemorlarni aniq andoza boʻyicha davolaganini isbotlaydi.

Prezidentimizning 2020-yil 12-noyabrdagi “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan davlat tibbiy sugʻurta tizimi viloyatda tajriba-sinov tariqasida aprobatsiyadan oʻtkazildi. Shunga binoan, “Majburiy tibbiy sugʻurta toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Bu yoʻnalishdagi qonunchilik asoslarini ishlab chiqish jarayonida jahonda shakllangan modellar puxta va atroflicha oʻrganildi. Singapur, Janubiy ­Koreya, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya, Latviya, Isroil, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon kabi davlatlar tajribasiga eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, milliy xususiyatlarimiz ham har tomonlama tahlil etildi. Oʻzbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida bandlik darajalari, soliq stavkalari, oylik daromadlari oʻrganilib, majburiy tibbiy sugʻurtaning hozirgi kunda optimal va ijobiy baholanib kelinayotgan byudjet modeli tanlab olindi. Tibbiy sugʻurta tizimiga oʻtishning eng maqbul yoʻli deb hisoblayman.

Toʻgʻri, har bir ishni boshlaganda, istaymizmi-yoʻqmi, qiyinchiliklar boʻlishi tabiiy. Lekin oʻtish jarayoni bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni davlat boʻyniga olsagina uning kelajagi porloq, deb oʻylayman. Shu bilan birga, tibbiy sugʻurta nimaligi aholiga, shifokorlarga tushuntirilishi, targʻibot-tashviqot ishlari olib borilishi, bu tizimning afzalliklari oʻrgatilishi kerak.

Agar davlat oʻz fuqarolarining, mamlakat kelajagi boʻlgan yoshlarimizning sogʻlom, tizimning esa shaffof boʻlishini istasa, kerakli mablagʻni ajratishi zarur boʻladi, deb oʻylayman. Shunday ekan, tibbiy sugʻurta bilan bogʻliq sarf-xarajatlar, albatta, ertaga oʻz natijasini beradi.

Yangi tayinlangan sogʻliqni saqlash vazirining aytishicha, tibbiy sugʻurta tizimi boʻyicha amaliy ishlar allaqachon boshlangan. Joriy yilda Toshkent shahri va Navoiy viloyatida tibbiy sugʻurta mexanizmlari sinov tariqasida ishga tushiriladi. Mutaxassislar tibbiy sugʻurtani joriy etish bilan birga, tezroq dalillarga asoslangan tibbiyotga oʻtish kerakligini ham aytishyapti.

— Bu nimani anglatadi?

— Dunyodagi barcha tibbiyot institutlarida dalillarga asoslangan tibbiyot oʻqitiladi. Bu nima degani? Bunda kasalliklarning tarqalishi, kelib chiqish sabablari, xavf omillarini oʻrganishdan tashqari sifatli va samarali tashxislash, davolash, profilaktik ishlar olib boriladi.

Lekin bu yerda ham tanganing orqa tomonini hisobga olmaslik notoʻgʻri boʻladi. Sababi, dalillarga asoslangan tibbiyotning bahsli tomonlari — bemorga tashxis qoʻyilganidan keyin shifokor uni shu asosda davolay boshlaydi. Bunday holatda agar bemorning ahvoli yomonlashib qolsa yoki nobud boʻlsa, shifokor bemorga yoʻriqnomada koʻrsatilgan dorilar berganini isbotlab, oʻzini oqlay olishi mumkin ekan.

Men esa bu gapga qoʻshilmayman. Chunki bizda oʻz umrini inson salomatligini taʼminlashga bagʻishlagan, katta tajribaga ega boʻlgan shifokorlar bor, ular har bir bemorni davolashda unga qaysi dori-darmon toʻgʻri keladi, qaysisi samarali taʼsir qiladi, ana shulardan kelib chiqqan holda ishga yondashadi. Aniqroq aytadigan boʻlsak, ular har bir ishga aql-farosat, teran mulohaza bilan yondashadi. Ular dalillarga asoslangan tibbiyotga emas, oʻz tajribasiga tayanib ish koʻradi va samarali natijaga erishadi. Shuning uchun dalillarga asoslangan tibbiyot boʻlgan taqdirda ham har bir shifokor bemorni davolashda ana shu omillarni ham hisobga olishi kerak.

Hozirgi kunda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan diagnostika va davolash standartlari ilgʻor xorijiy tajriba asosida “Dalillarga asoslangan tibbiyot” (Evidence-based medicine) tamoyillari asosida qayta koʻrib chiqildi. Klinik sinovlar orqali ilmiy dalillar bilan asoslanmagan dori vositalari va tibbiy jihozlar diagnostika hamda davolash standartlaridan chiqarib tashlanmoqda. Buni shunday tushunish kerakki, masalan, butun dunyoda yuz foiz samara beradigan dorilar bor. Boshqalari undan pastroq, qolganlari foydasi shubhali boʻlgan dorilar. Rivojlangan mamlakatlar koʻpi bilan ikki guruhga taalluqli dorilarni juda ­qatʼiy, belgilangan instruksiya asosida oʻz hududiga kiritadi. Shunda ham hammasini emas. Aslini olganda, hozir bu davlatlarda allaqachon tabiiy giyohlardan tayyorlangan dorilar ustuvorlik kasb etgan. Biz ham ana shu maqsadlar yoʻlida ish olib borishimiz kerak.

Oʻzbekistonda shubhali dorilar bozori avj olganidan kasalliklar battar koʻpayib ketyapti. Dalillarga asoslangan va sugʻurtali tibbiyot boʻlsa, xalqaro andozaga javob bermaydigan dorilar oʻz-oʻzidan bozordan chiqib ketadi.

— «Dok-1 Maks» dori vositasi bilan roʻy bergan fojia sabablari, oqibatlari, uning tub mohiyati, kelib chiqish sabablari oshkor qilindi. Lekin hali ham bu voqealarning yakuniga yetilgani yoʻq...

— Avvalo, aytish joiz, bu fojianing oldini olish uchun Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan ilgaridan barcha ogohlantirishlar bor edi. Betga aytganning zahri yoʻq: biroq, taassufki, ­Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddilari bu ogohlantirishlarga eʼtiborsizlik bilan qarashgan, loqayd munosabatda boʻlishgan. Mana oqibati: orzu-umidimiz, kelajagimiz davomchilari boʻlgan shuncha norasidani boy berib qoʻydik!

Butun dunyoda dorilar harakatini kuzatib turuvchi tizim mavjud. Dorilarning qayerda ishlab chiqarilganiga, xalqaro ekspertiza xulosasi berilganiga qarab maʼlumotlar jamlanadi. Buning nazorati uchun vazirlik mutasaddilari javob beradi. Qachonki tizimga yangicha yondashish, tub islohotlar joriy etilmasa, eskicha qarashlar shu holicha qolaveradi.

— Yaqinda Germaniyadan bir mehmon kelgan edi. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarni aylanib kelgach ularning betakrorligidan hayratlanganini aytdi. Shu bilan birga, bu shaharlardagi turnaqator boʻlib tizilib ketgan dorixonalarni koʻrib, juda ajablandi...

— Esingizda boʻlsa, 15 yil ilgari dorixonalar bu qadar koʻp emas edi. Tizim tadbirkorlik sirasiga kiritilganidan keyin dorixonalar moʻmay daromad manbaiga aylanib qoldi. Dorixonalar biznesi gullab-yashnadi. Shifokorlar bemorga tashxis qoʻyganida bir qogʻozni toʻldirib dori-darmon yozib beradi. Axir biri boʻlmasa, biri naf beradi, deb oʻylaydida! Ana shunday yondashuv dorixonalarning qoʻziqorinday koʻpayishiga olib keldi. Baʼzi shifokorlar bemorga bir etak dori yozib berib, oʻzi kelishgan dorixonalar bilan “hamkorlik” qilayotgani ham achchiq boʻlsada, haqiqat.

Rivojlangan davlatlarda har bir bemor uchun alohida protokol tuziladi va har bir dori protokoldan oʻtib tasdiqlanganidan soʻng qabul qilishga tavsiya etiladi. Shu sababli, ularda shifokorlar tashxisi deyarli bir-biriga yaqin chiqadi. Bizda esa buning teskarisi: hamma shifokor fikri har xil, ularning barchasi umuman bir-biriga yaqin boʻlmagan dorilar yozib berishadi. Buni oʻzgartirish oson emas. Taʼlim tizimidan boshlab, shifokorlar dunyoqarashini tag-tubidan oʻzgartirish kerak.

Afsuski, eng katta dorixonalar bozori Oʻzbekiston hisoblanadi. Toʻgʻrisini aytsam, baʼzan qoʻrqib ketaman: biz xalqimizni dori bilan boqyapmiz. Odamlar dori bilan tugʻilyapti, dori bilan oʻlyapti. Mana, qarang, Toshkentdagi Qoʻyliq bozori yonida dori bozori boʻlardi. Ayollar turnaqator boʻlib dori sotib oʻtirishardi, istagan doringizni topib berishardi. Shukrki, ana shu bozorga barham berildi... Gap xalq salomatligi haqida ketayotgan ekan bu boradagi ishlarni qatʼiyat bilan davom ettirish zarur.

— Dorilar reklamasini aytmaysizmi?

— Ha, reklamalarning katta qismi dorilar targʻibotiga ajratilgan. Ana shu reklamalar dori bozorini ragʻbatlantiradi. Odamlar beixtiyor dorixonalardan ana shu preparatlarni izlay boshlaydi. Taniqli artistlar, shou-biznes vakillarining reklamada chiqishi ham bunga ishonch uygʻotadi.

«Dok-1 Maks» fojiasidan soʻng koʻpchilik tomonidan OAVda dorilarning bevosita reklamasiga cheklovlar joriy etish taklifi ilgari surildi. “Yuksalish” umummilliy harakati dori vositalari reklamasini faqat Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi ruxsati ­bilan amalga oshirishni taklif etdi. Bu ham oʻz natijasini bersa, yaxshi boʻlardi.

— Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimiga tayinlangan yangi rahbar 2023-yilni tizimda “Korrupsiyaga qarshi kurash yili” deb eʼlon qildi. Sizningcha, bu tizimda tub oʻzgarishlarga olib kelishi mumkinmi?

— Shuni aytishim kerakki, 2020-yil ham tizimda “Korrupsiyaga qarshi keskin kurash yili” deya eʼlon qilingan edi. Unda 2018-2019-yillarda tizimda 500 nafardan ziyod xodimlar jinoiy ­javobgarlikka tortilgani, ularning 114 nafari korrupsiyaviy jinoyatlar ­sodir etgani keltirilgandi.

Undan keyin tayinlangan vazir ham 2022-yil aprelida tizimni korrupsiyasiz sohaga aylantirish rejasi boʻyicha maʼlumot keltirib, hozirgi kunda korrupsiyaga moyil sohalarning uchtadan bittasi sogʻliqni saqlash tizimi boʻlib qolayotganini qayd etgan va “Biz uchun bu juda uyatli va achinarli hol”, degan edi.

Bu sohada yangidan ish boshlagan vazir ham tizimda koʻpchilikka maʼlum boʻlgan korrupsiya urchigan bir qator yoʻnalishlar borligini, birinchi navbatda, ularga barham berish kerakligini taʼkidladi. Ishga joylashtirish, tugʻuruqxonalarda atayin pul ishlash uchun qilinayotgan sunʼiy amaliyotlar, belgilangan stavkalar, order berishdagi tanish-bilishchilik kabi illatlarga bar­ham berish vaqti kelganini aytdi. Shu aytilganlar amalga oshadi, tizimda shaffoflik bosh mezon boʻladi, deb umid qilib qolamiz.

Nurulloh OSTONOV

(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?