Xalqaro notariuslar ittifoqining yangi saylangan prezidenti Oʻzbekistonga keldi

14:13 14 Iyun 2023 Jamiyat
629 0

Foto: Oʻzbekiston Notarial palatasi Axborot xizmati

Bugun Xalqaro notariuslar ittifoqining (ICN) yangi saylangan prezidenti janob Lionel Galles va Fransiya notariallari Oliy kengashi delegatsiyasining Oʻzbekistonga 5 kunlik tashrifi boshlandi.

Dastlab, mehmonlar Oʻzbekiston Notarial palatasida palata raisi Dilshod Ashurov bilan uchrashdi. Muloqotda D. Ashurov Oʻzbekiston notariat sohasida islohotlar haqida maʼlumot berib, sohani raqamlashtirishga qaratilayotgan eʼtibor, elektron tizimdan samarali foydalanilayotganligi, butun dunyoda boʻlgani kabi mamlakatimizda ham notariuslarning faoliyati sugʻurta qilingani haqida aytib oʻtdi.

Tashrif doirasida ICN prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri bilan ham uchrashadi. Muloqotda notariat sohasidagi islohotlar, shuningdek, joriy yilning 10-11-oktyabr kunlari Samarqand shahrida tashkil etiladigan ICN nufuzli komissiyalaridan biri – Notarial hamkorlik boʻyicha xalqaro komissiyaning navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish masalasi ham muhokama qilinadi.

Foto: Oʻzbekiston Notarial palatasi Axborot xizmati

Notariat palatasi, shuningdek, soha yaqindan hamkorlik qilishi mumkin boʻlgan 20 dan ortiq tashkilotlar – Tashqi ishlar, Sogʻliqni saqlash vazirliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti, Majburiy ijro byurosi kabi tashkilotlar bilan memorandumlar imzolandi. Hamkorlik doirasida mazkur tashkilotlarga uslubiy yordam koʻrsatilib, qoʻllanmalar yaratildi. Bu yuqoridagi tashkilotlarning mansabdor shaxslari tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish bilan bogʻliq barcha muammolarni bartaraf etishga yordam beradi.

Notariat palata xorijiy hamkorlar bilan ham mustahkam aloqalar oʻrnatgan. Ukraina, Litva, Belarus, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Fransiya, Germaniya, Rossiya kabi davlatlarning notarial tizimlari bilan yaqindan hamkorlik qilish natijasida bugungi kunga qadar 40 dan ortiq notariuslar chet elda malaka oshirishga muvaffaq boʻldi. Xususan, bugungi kunga qadar 3 nafar notarius ICN xalqaro universitetida, 2 nafar notarius Germaniyada, 2 nafar notarius Belarusda malaka oshirdi. Yaqinda 30 nafar notarius Butunrossiya Adliya universitetida malaka oshirish kurslarini tamomladi.

Shuningdek, notariuslar huquqiy targʻibot ishlarida faol ishtirok etmoqda. Ular global ijtimoiy tarmoqlarda jonli efir va “Telegram” messenjerida notarial maslahat suhbatini tashkil etib, fuqarolarga 24/7 rejimda onlayn huquqiy yordam berib kelmoqda. Bu aholiga qulaylik yaratish barobarida notariuslarga murojaatlar sonini kamaytirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, notariuslar elektron notarial tizim orqali onlayn tarzda notarial harakatlarni amalga oshirmoqdalar.

Mehmonlar Oʻzbekiston notarial idoralarida qisqa vaqt ichida amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholadilar.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Notarial palatasida palata raisi Dilshod Ashurov faol xalqaro hamkorlik samaralari haqida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

— Biz xorij tajribasini oʻrganmoqdamiz, — deydi D. Ashurov. — Tizimni takomillashtirish, aholiga sifatli xizmat koʻrsatishga xizmat qiladigan eng ilgʻorlarini amaliyotimizga tatbiq etmoqdamiz.

Uchrashuv doirasida Oʻzbekiston hududida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar bilan “Notarial idoralarda elektron arxivni yuritish tartibi” mavzusidagi videokonferensiya ham tashkil etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?