Xalqaro munosabatlar taʼlim sifati va samaradorligini yuksalishiga xizmat qilmoqda
Andijon mashinasozlik institutida taʼlim sohasidagi yangiliklar va malakali mutaxassislarni tayyorlash, xalqaro aloqalar hamda talabalarni turar joy bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisobiga bagʻishlangan matbuot anjumani va press-tur boʻlib oʻtdi.
Unda institut rektori, texnika fanlari doktori Umid Turdialiyev soʻnggi yillarda oliy taʼlim tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayoni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani, oliy oʻquv yurtlari modernizatsiya qilinib, zamonaviy va ilgʻor taʼlim texnologiyalari bilan jihozlanganini aytib oʻtdi.
— Qayd etish lozim, soʻnggi besh yil davomida Andijon mashinasozlik instituti bilan Rossiya, Belarusiya, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Malayziya, Italiya, Turkiya, Polsha, AQSH, Bolgariya, Xitoy, Hindiston, Gretsiya, Janubiy Koreya va Portugaliya kabi xorijiy mamlakatlarning qirqqa yaqin oliy taʼlim muassasalari hamkorlik memorandumlari imzolangan boʻlib, ushbu aloqalar taʼlim tizimida sifat va samaradorlikka erishish, oʻzaro tajriba almashish imkonini beryapti, —dedi institut rektori. — Bundan tashqari Shimoliy Xitoy texnologiyalar universiteti hamda Belarusiya milliy texnika universiteti bilan tuzilgan oʻzaro manfaatli shartnomalar natijasida qoʻshma taʼlim dasturlari asosida “ikki diplomli tizim” joriy etilgan. Hamkorlik aloqalari natijasida institut ayni paytda 11 ta xalqaro loyihalarda ishtirok etmoqda.
Maʼlumki, joriy yilning 11-sentyabr kuni Prezidentimiz tomonidan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmon qabul qilindi. Mazkur strategiyada maktab bitiruvchilarini oliy taʼlimga qamrab olish darajasi 2030-yilga qadar 50 foizga yetkazish koʻzda tutilgan. Qamrov darajasi ortar ekan tabiiyki, oʻquv binolari hamda talabalar turar joylariga boʻlgan talab ham ortdi.
— Institutimizda ayni shu masalalarga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda, — dedi institut axborot xizmati rahbari Umidjon Mamarasulov. — Bugungi kunda ilm dargohida 3 ta talabalar turar — joyi mavjud boʻlib, shundan, 2 tasi institutga qarashli boʻlsa, bittasi davlat-xususiy sherikchiligi asosida faoliyat koʻrsatadi. Davlat-xususiy sherikchiligi asosida qurilib foydalanishga topshirilgan turar-joy 500 oʻrinli boʻlib, unda talabalarning yashashlari va oʻqishdan keyingi mashgʻulotlar bilan shugʻullanishlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Umumiy quvvat sigʻimi 1170 tani tashkil etuvchi mavjud yotoqxonalar ham zarur sharoitlarga ega.
Matbuot anjumanida maʼlum qilinishicha, oʻquv yili boshlanishida institutda tahsil olayotgan talabalarining 1556 nafarining yotoqxonada va ijara xonadonlarida yashashga ehtiyoji borligi aniqlangan boʻlib, ularning 1170 nafari yotoqxonaga, qolgan 386 nafari muassasa atrofidagi ijara xonadonlariga joylashtirilgan. Ijara xonadonlarida yashovchilarning 194 nafariga (32 million soʻm) oylik ijara toʻlovining bir qismi qoplab berildi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring