Xalqaro fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan oʻquvchilarga 122 million soʻmgacha pul mukofotlari topshirildi

18:49 17 Avgust 2021 Jamiyat
2434 0

Joriy yilning 17-avgust kuni Toshkent shahrida eng nufuzli xalqaro olimpiadalarning gʻoliblari hamda ularning oʻqituvchilarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Xalq soʻzi” muxbiri xabar berdi.

Tadbirni Bosh vazir oʻrinbosari Bekzod Musayev ochib berdi hamda sovrindor oʻquvchilar, ularning ustozlari va ota-onalarini tabrikladi.

Unda dunyoda tan olingan matematika (IMO)fizika (IphO)kimyo (IChO), biologiya (IBO), informatika (IOI) xalqaro nufuzli fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar va ularning oʻqituvchilari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Gʻoliblarga pul mukofotlarini Xalq taʼlim vaziri Sherzod Shermatov va Prezident taʼlim muassasalari direktori Hilola Umarovalar topshirdi.

Unga koʻra,

1-oʻrin (oltin medal) uchun – oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravar (122,5 mln. soʻm), oʻqituvchisiga – 450 baravar (110,25 mln. soʻm);

2-oʻrin (kumush medal) uchun – oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravar (73,5 mln. soʻm), oʻqituvchisiga – 250 baravar (61,25 mln. soʻm);

3-oʻrin (bronza medal) uchun – oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravar (49 mln. soʻm), oʻqituvchisiga –150 baravarida (36,75 mln. soʻm).

Shuningdek, 2021-yilning iyul-avgust oylarida oʻtkazilgan mazkur xalqaro olimpiadalarida nufuzli oʻzbekistonlik oʻquvchilarimiz tomonidan jami 10 ta (2020-yilda 6 ta) medal, shu jumladan 3 ta oltin (2020-yilda 1 ta), 2 ta kumush (2020-yilda 4 ta) va 5 ta bronza (2020-yilda 1 ta)  medallari qoʻlga kiritildi.

Jumladan, 25-iyul – 2-avgust kunlari Yaponiya davlatida oʻtkazilgan 53-Xalqaro kimyo olimpiadasida dunyoning 65 davlatidan 260 nafar oʻquvchi ishtirok etdi. Oʻzbekiston terma jamoasidan quyidagi oʻquvchilar 1 ta oltin va 3 ta bronza medallarini qoʻlga kiritdi.

14-24-iyul kunlari Rossiya Federatsiyasi tomonidan 62-Xalqaro matematika olimpiadasi oʻtkazildi. Unda dunyoning 110 davlatidan 623 nafar oʻquvchi qatnashib, Oʻzbekistonlik oʻquvchilar 1 ta kumush va 1 ta bronza medallarga sazovor boʻldi.

18-23-iyul kunlari Portugaliyada boʻlib oʻtgan 32-Xalqaro biologiya olimpiadasida dunyoning 76  davlatidan 304 nafar oʻquvchi ishtirok etdi. Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari 2 ta oltin va 1 ta kumush medallarini qoʻlga kiritdi..

Maʼlumot uchun: 2020-yilda yurtimiz jamoasi aʼzolari mazkur olimpiadada 1 ta oltin va 2 ta kumush medallarni qoʻlga kiritgan.

17-24-iyul kunlari Litvada oʻtkazilgan 51-Xalqaro fizika olimpiadasida dunyoning 73  davlatidan 365 nafar oʻquvchi ishtirok etdi. Oʻzbekiston terma jamoasidan Toshkent shahridagi 71-maktab oʻquvchisi Rail Xashayev bronza medal bilan taqdirlandi.

Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston tarixida fizika xalqaro olimpiadasidagi ikkinchi medal, maktab oʻquvchisining ilk medali.

Ushbu nufuzli xalqaro olimpiadalarda gʻolib boʻlgan oʻquvchilari oliy taʼlim muassasalariga imtihonsiz imtiyozli ravishda qabul qilinadi.

Bundan tashqari mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda ham oʻquvchilarimiz munosib ishtirok etib, 31 ta medallarni (2 ta oltin, 14 ta kumush, 15 ta bronza) qoʻlga kiritdi.

  • 55-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida ishtirok etgan
    7 nafar oʻquvchilarimizning barchasi gʻolib deb topildi.
    28 ta davlat oʻquvchilari orasida 1 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medallarini olishga muvaffaq boʻldi;
  • 17 – Xalqaro Jautikov olimpiadasida oʻquvchilarimiz 13 ta medalni – 1 ta oltin, 2 ta kumush hamda 10 ta bronza medal;
  • 6 – Xalqaro Kavkaz matematika olimpiadasida oʻquvchilarimiz  5 ta medallarni – 4 ta kumush va 1 ta bronza medal;
  • 27 – Xalqaro matematika musobaqasida oʻquvchilarimiz yakka tartibdagi olimpiadalarda 6 ta medal – 4  ta kumush va 2 ta bronza, jamoaviy bahslarda kichik yoshlilar jamoasi 3-oʻrin (4 ta bronza medal), katta yoshlilar jamoasi 2-oʻrinni (4 ta kumush medal) qoʻlga kiritdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?