Xalq mulkiga aylangan isteʼdod
Foto: Arxiv surat
1-mart — Ozod Sharafiddinov tugʻilgan kun
Oʻzbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov bugun hayot boʻlganida 94 bahorni kutib olgan boʻlardi.
Zahmatkash olim oʻzining haqqoniy soʻzi, iroda va matonati bilan hayotda ham, ijodda ham barchaga ibrat koʻrsatib yashadi. «Isteʼdod — xalq mulki» degan ezgu tamoyilga asoslanib, adabiyotning yangi iqtidorlarini kashf etishga intildi. Yaxshi asar yaratilganidan quvongan munaqqid ularni kitobxonga yaqinlashtirishga, ularning koʻngil mulkiga aylanishiga bor kuch va salohiyatini safarbar etdi.
Uning «Zamon. Qalb. Poeziya», «Adabiy etyudlar», «Birinchi moʻjiza», «Adabiyot — hayot darsligi», «Choʻlponni anglash», «Ijodni anglash baxti», «Dovondagi oʻylar» va boshqa koʻplab asarlari xalqimizning qalbini aks ettirgani, ruhini koʻtargani, adabiyotga, istiqlol gʻoyalariga sadoqatini yuksaltirgani uchun ham asrlar osha oʻz ahamiyatini yoʻqotmasligi shubhasiz.
«Oʻlsam ayrilmasman quchoqlaringdan»*
Sehrli musiqaday jaranglovchi bu ajib soʻzlarni ilk bor bolaligimda — urush boshlangan yili eshitgandim. Yosh tomoshabinlar teatrining Eski Joʻvadagi almisoqdan qolgan torgina zali. Odam tirband. Sahnada past boʻyli, kulcha yuzli, istarasi issiq artist koʻzlari chaqnab, ovozini bir koʻtarib, bir pasaytirib hayajon bilan sheʼr oʻqimoqda:
Vatan — ona soʻzi naqadar laziz,
Sensan har narsadan moʻtabar, aziz,
Hurmatingni saqlar har bir olgʻil-qiz,
Muqaddas, moʻtabar, ulugʻ Vatanim,
Oʻlsam ayrilmasman quchoqlaringdan…
Koʻp oʻtmay teatr zalida oʻtirganim ham, sheʼrni sahnada artist oʻqiyotgani ham unut boʻldi. Sheʼr misralari va, ayniqsa, har band oxirida takrorlanayotgan «Oʻlsam ayrilmasman quchoqlaringdan» degan ibora goʻyo yuragimda tugʻilib, ichimdan joʻshib chiqayotganday. Uchta oddiy soʻzdan tarkib topgan bu otashin xitob sheʼr emas, butun umr boʻyi amal qiladigan tantanavor qasamday jaranglardi. Keyin chindanda shunday boʻldi — Uygʻun qalamiga mansub bu misra butun umrim mobaynida menga hamroh boʻlib kelmoqda. Qadamim yetib borgan turli makonlarda, turli sharoitlarda bu misra mendan soʻrab ham oʻtirmay, birdan qalbimda jaranglab ketadi. Shunda yurtimizning saxiy quyoshidan bahramand boʻlgan yam-yashil dalalarday koʻnglim yorishib ketadi. Tomirlarimda yangi kuch yugurayotganday oʻzimni bardam seza boshlayman.
Vatan. Vatan tuygʻusi. Vatan muhabbati. Nimadir bular? Bular qanday sehrli qudratki, hali voyaga yetmagan, dunyo koʻrmagan, turmushning past-balandlaridan bexabar, oʻyinu shoʻxliklardan oʻzga dardi yoʻq bir oʻsmirning yuragiga jo boʻlib olib, butun umr uning xatti-harakatini, yurish-turishini boshqarib turadi. Bu tuygʻu inson farzandida tugʻma boʻlarmikin? Yoki goʻdak tamshana-tamshana onasini emganida, ona suti bilan birga bu tuygʻu uning ham tomirlariga yugurarmikin? Umuman, «Vatan» deganning oʻzi nadir? Tugʻilib oʻsgan uyingmi? Beshikda qulogʻingga kirgan mungli va ayni chogʻda nurli allami? Buvingning ertaklarimi? Maktabmi? Ilk bor visol onlariga guvoh boʻlgan soʻlim xiyobonlarmi? Albatta, bularning hammasi va yana allaqancha narsalar birlashib, «Vatan» degan narsaning soʻnmas timsolini yaratsa kerak. Va yana oʻylaymanki, bolaning murgʻak qalbidagi ilk bor paydo boʻlgan Vatan timsoli har qancha yorqin boʻlmasin, hali oʻzining shaklu shamoyilini toʻla topib ulgurmagan boʻladi. Vatan tuygʻusi insonning oʻzi bilan birga oʻsib-ulgʻayadigan tuygʻu boʻlar ekan. Tajribangiz ortgani sari, hayot doshqozonida qaynab pisha borganingiz sari Vatan degan narsani chuqurroq qadrlaydigan boʻlib qolasiz, Vatan haqidagi tasavvuringiz toʻlishib, kengayib, boyib boradi. Vatan tuygʻusi butun vujudingizni qamrab oladi, har bir hujayrangizga tomir yozadi. Siz endi anglay boshlaysizki, Vatan nafaqat joʻshqin yoshlik damlari bilan bogʻliq soʻlim maskandir. Inson ham niholday gap — uni undirib oʻstiradigan ona zamin bor, quyosh, suv, havo uni oʻz neʼmatlaridan bahramand qiladi. Shuning uchun bularning bari inson uchun aziz va ardoqli. Lekin bular hali tugal Vatan emas. Odamzod shunday yaratilganki, u boshqalardan ajralgan holda, yakka-yolgʻiz, soʻppayib umrguzaronlik qilolmaydi. Toʻgʻri, odamlar orasida tarkidunyo qiladiganlari, tanholikni yoqtiradiganlari, hech kimni jini suymaydiganlari ham bor. Ammo ular har qancha tanho boʻlmasin, elu yurtdan yuz oʻgirib, har qancha gʻorlar ichida makon qilmasin, baribir, minglab rishtalar orqali odamlar bilan, dunyo bilan bogʻliq boʻladi. Hatto umrining yarmini xumni vatan qilib oʻtkazgan qadimgi yunon faylasufi Diogen ham, baribir, shogirdlari bilan, boshqa faylasuflar bilan aloqada yashagan. Ota-onalar, farzandlar, qarindosh-urugʻlar, yoru birodarlar, doʻstlaru dugonalar har qanday inson hayotiga turfa xil maʼno ato qiladi. Odam ularni yaxshi koʻrish, ular bilan inoq yashashi mumkin, ularni yoqtirmasligi ham mumkin. Lekin nima boʻlganda ham ularning hammasidan yuz oʻgirib, hammasidan butunlay kechib ketib boʻlmaydi. Xullas, qarindosh-urugʻ, doʻstu birodarlar, mahalla, jamoa, qolaversa, butun jamiyat odamning oʻsib-ulgʻayishida, umrguzaronligida istasa-istamasa unga tayanch boʻladi, uning parvoziga qanot beradi. Shuning uchun «Vatan» tushunchasi muayyan joʻgʻrofiy hududnigina qamrab olmaydi, balki uning tarkibiga butun jamiyat, uning kechagi kuni, buguni va ertasi ham kiradi. Shuning uchun men «oʻlsam ayrilmasman quchoqlaringdan» deya bot-bot takrorlaganimda bilamanki, men vatanimga kerakman. Kimligimdan, yoshu qariligimdan, kasbu korimdan qatʼi nazar. Bilamanki, mensiz Vatanimning nimasidir kemtik, notoʻkis boʻlib qoladi. Ayni choqda shuni ham bilamanki, Vatanim menga koʻproq kerak. Vatan mensiz yashashi mumkin, lekin men vatansiz yashayolmayman! Rostda! Men yetmishga kirib, umrimda nimaiki roʻshnolik koʻrgan boʻlsam, shu Vatanning bagʻrida uning saxovati tufayli, «bir mehribon qoʻl» bilan peshonamni silagani tufayli koʻrdim. Albatta, turmush boʻlgandan keyin uning oʻziga yarasha tashvishlari, qiyinchiliklari boʻladi, oyogʻingiz ostidan katta-kichik muammolar chiqib turadi. Lekin, sirasini aytganda, cholu kampir ikkimiz «murodu maqsadga yetish» arafasida bola-chaqalarimiz bilan birga ustimiz but, qornimiz toʻq, yeganimiz oldimizda, yemaganimiz ketimizda, tinch, xotirjam hayot kechirmoqdamiz. Birovdan kam emasmiz, hech kimdan tili qisiq joyimiz yoʻq. Men bunga baʼzan oʻzimda yoʻq xursand boʻlaman, Yaratganga beadad shukronalar qilaman, baʼzan esa Vatanning menga koʻrsatgan behisob inoyatlariga, elu yurt ardogʻiga munosib javob bera olayotganim yoʻq, Vatan oldidagi farzandlik burchimni toʻla oʻtayolmayapman deb oʻkinib qoʻyaman. Bu oʻkinch meni koʻp narsalar toʻgʻrisida oʻylashga undaydi. Axir, bu beqiyos goʻzal Vatan Allohning el qatori menga ham atagan buyuk tuhfasi. Mendan avval oʻtgan avlod-ajdodlarim uni jamiki betakror jozibasi bilan, tuganmas xazinalari bilan menga meros qoldirgan. Xoʻsh, nima qilmoq kerak? Tekin meros ekan deb uning boyliklarini bir chekkadan sovuraverishim kerakmi? Axir, yotib yesa togʻ chidamas ekan. Yoʻq, orqa-oldimizga qaramay sovurish yoʻlini tutadigan boʻlsak, bu goʻzal oʻlka uch-toʻrtta avlodning umri oʻtmasdanoq odam yursa oyogʻi, qush uchsa qanoti kuyadigan dashtu biyobonga aylanadiyu, biz hammamiz kelajak avlodlarning qargʻishiga uchraymiz. Baxtimizga, oʻtgan avlod-ajdodlarimiz bizga Vatanni meros qilibgina qoldirgan emaslar, balki bu Vatanni chin yurakdan sevishni, unga fidokorlik bilan xizmat qilishni, uning husniga husn, boyligiga boylik qoʻshishni ham meros qoldirishgan. Vatanni sevmoq imondandir, deb taʼlim berishgan ular. Demak, har bir odam uchun Vatanni sevish ham farz, ham qarz.
Shu oʻrinda bir shoirning Vatan sevgisi haqidagi atigi toʻrt misrada aytgan bir gapi esimga tushib ketdi: «Vatan» uchun kimlar nimalar qilmagan? Birovlar Vatan deb jon fido qilgan, birovlar vatan deb gap sotgan…” Men hech kimni malomat qilmoqchi emasman, buning uchun mening haqqim ham yoʻq. Lekin, nazarimda, shunday tuyuladiki, biz keyingi vaqtlarda Vatanga muhabbatimizni koʻproq «gap sotish» yoʻli bilan ifodalashga berilib ketganga oʻxshaymiz. Nazarimda, «tarbiya», «vatanparvarlik tarbiyasi» degan narsani ham butunlay bir tomonlama tushunamiz, shekilli. Qancha koʻp gapirsak, gaplarimiz qancha tum-taroq, balandparvoz boʻlsa, tarbiyaviy ishlarimiz shuncha yaxshilanayotganga oʻxshaydi. Holbuki, bularning bari bilimimizning sayozligidan, madaniy saviyamizning pastligidan, qolaversa, gapirayotgan gapimizni oʻzimiz qadrlamasligimizdan tugʻiladi va bu siyqalik oxir-pirovardida, eng noyob, eng inja tuygʻularimizni ham oʻtmaslashtiradi. Natijada, «Vatan sevgisi»ning qadri pasayib, bahosi tushib ketishi ham hech gap emas. Bir misol keltiraman: keyingi paytlarda ancha-muncha odamlar televizor orqali yoki matbuot sahifalarida sira xijolat tortmay «men falon sohada Vatan uchun 30, 40 yoki 50 yil xizmat qilib qoʻyganman» deya maqtanadigan boʻlib qolishdi. Biroq odam oʻzi toʻgʻrisida shunaqa deganida qilgan xizmatlarini pisanda qilayotganga oʻxshab ketadi. Albatta, biror sohada 30 yilmi, 40 yilmi ishlagani juda yaxshi — buning uchun faqat rahmat aytish va pullar bilan ragʻbatlantirish kerak. Lekin nima uchun buni — butun umr boʻyi tirikchiligini oʻtkazish uchun maosh olib qilgan ishini oʻzining vatanparvarligi deb taqdim etishi kerak?
Vatanni sevish va, ayniqsa, bu sevgini amalda namoyon qilish unchalik oson ish emas. Bu odamdan juda katta jasoratni, bardoshni, chidamni talab qiladi. Qizigʻi shundaki, Vatan oʻz farzandlaridan har oyda, har haftada, har soat, har soniyada jon fido qilishni talab qilmaydi. Vatan yoʻlida sodir boʻladigan bunday fidokorlik eng yuksak, eng oliy fidokorlik boʻlib, u favqulodda hollarda roʻy beradi. Lekin Vatan sevgisi odamdan bir qarashda mahobatli koʻrinmaydigan, insonning oddiy faoliyatidan kam farq qiladigan, aslida esa juda mashaqqatli mehnatdan iborat boʻlgan kundalik jasoratni talab qiladi. Bu oʻrinda bugungi odamlarga juda yaxshi oʻrnak boʻladigan yana bir toifa chin vatanparvarlar avlodi yodimga tushdi.
1914-mi yoxud 1915-yilgimi — aniq esimda yoʻq — jadid gazetalaridan birida kichkina axborot eʼlon qilingan. Undan maʼlum boʻladiki, jadidlar maʼrifat ishlari yoʻlida xayriya kechasi oʻtkazgan ekanlar va kecha oqibatida maʼlum miqdorda pul tushgan ekan. Gazetadagi axborotda ana shu pul tiyinma-tiyin nimalarga sarflangani aniq koʻrsatilgan. Bu ishlarning barini jadidlar shovqin-suronsiz, biron ogʻiz maqtanishsiz, pisandsiz va tamasiz amalga oshirganlar. Va nihoyat, mana shu xizmatlari uchun shoʻrolar zamonida qamalib, koʻpchiliklari otib yuborilgan yoxud oʻzga yurtlarga badargʻa qilinib, urugʻlari quritilgan. Ularning bunday beminnat fidokorliklari biz uchun mangu ibrat boʻlib qolmaydimi? Bizning esa hamon topganimiz gap… gap… gap… Biri-biridan chiroyli, biri-biridan purviqor, biri-biridan dabdabali va biri-biridan puch, magʻizsiz gaplar, samimiyatdan uzoq gaplar. Qoʻrqamanki, bu havoyi gaplar hatto bizning picha riyokorligimizni ham oshkor qilib qoʻyadi.
Sezib turibman — shu oʻrinda bir tabiiy savol tugʻilishi mumkin — maqolada Vatan sevgisi ogʻizda emas, amalda, ishda namoyon boʻlmogʻi kerak degan gap koʻp aytilyapti. Xoʻsh, bugungi oddiy odam nima qilmogʻi, Vatanga muhabbatini qanday namoyon etmogʻi kerak? Axir, tarixda qiladigan ulugʻ jasoratlarni hamma ham, har kuni qilavermaydiku? Menimcha, Vatan yoʻlida bir ishni qilishni istagan odam, avvalo, tarixga kirish haqidagi oʻylarini bir chekkaga yigʻishtirib qoʻymogʻi kerak; chunki bir shoir aytganidek, avval ishni qoyil qilmoq kerak, shon-shuhratni esa keyin boʻlishib olinaveradi. Hayot esa hamma vaqt jasorat koʻrsatishga imkon beradi — jasoratlar, fidokorliklar faqat favqulodda odamlarning mahriga tushgan emas. Prezidentimiz takror-takror aytadigan bir ibora bor — «Savob ishni har kim qilmogʻi, har kuni qilmogʻi lozim». Faqat bir narsani aytmoq joizki, savob ishlar, shu jumladan, Vatan ravnaqi yoʻlidagi ishlar hech qachon avvaldan tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha, birovlarning koʻrsatmasi bilan qilinmaydi. Har kim oʻz aql-zakovati bilan, oʻz qalbining amriga koʻra qudrati yetgan darajada, imkoni bor darajada Vatan, elu yurt yoʻlidagi ishlarni qiladi.
Vatanga muhabbatingizni amalda namoyon qilmoq uchun falon qiling, piston qiling deb koʻrsatma berolmayman. Hayotning oʻzida siz qilishingiz mumkin boʻlgan yumushlar oyoq ostidan chiqib qoladi. Hozir oʻzi turgan joyda obodonchilik ishlariga yordam berayotgan, maktablarga, bolalar bogʻchalariga koʻmaklashayotgan, ijodkorlarning kitoblarini chop ettirishga madadlashayotgan, qoʻli qisqaroq oilalarga bolalarning toʻylarini oʻtkazib berayotgan va yana qanchadan-qancha saxovatpesha ishlarni qilayotgan odamlar haqidagi xabarlar koʻpayib qoldi. Bularning bari elu yurt ravnaqi yoʻlida qilinayotgan savob ishlardir. Agar bordiyu, bunaqa ishlarga ham qurbingiz yetmasa, hechqisi yoʻq, oʻkinmang — jilla boʻlmasa, toʻrt-besh tup daraxt eking, hovlingiz atrofini obod qiling, loaqal, eshigingiz tagiga bir tup qirqogʻayni ekingki, oʻtgan-ketganlar yashnagan gullarni koʻrib, ichlarida «barakalla» deyishsin. Bunday ishlar ham yurtimizning husniga husn, chiroyiga chiroy qoʻshadiku.
Odam ota-onasini tanlayolmaganidek, Vatanni ham tanlayolmaydi. Albatta, Alloh odamga Vatanni muzliklardan ham, sahrolardan ham, changalzorlardan ham ato etishi mumkin. Lekin siz bilan bizga Alloh Oʻzbekiston deb atalgan, tuprogʻida oltin gullaydigan, qishlarida bahor shivirlaydigan, togʻ desa togʻi bor, bogʻ desa bogʻi bor, har tongda bulbullar madhini oʻqib tamom qilolmaydigan bir yurtni Vatan qilib bergan ekan, buning uchun oʻzimizni BAXTLI deb bilmogʻimiz kerak. Prezidentimiz aytganiday, shukronalar bilan yashamogʻimiz kerak. Vatan bizga ato etilgan ulugʻ neʼmat ekan, Vatanga muhabbat ham har birimizga berilgan ulugʻ neʼmatdir.
Ozod SHARAFIDDINOV,
Oʻzbekiston Qahramoni.
* «Maʼnaviy kamolot yoʻllarida» nomli kitobidan oʻrin olgan ushbu maqola juzʼiy qisqartirishlar bilan havola qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring