Xalq ishonchini oqlash, har qanday muammoga ijobiy yechim topish — birinchi galdagi vazifamizga aylanadi
Mamlakatimizdagi boshqa partiyalar yetakchilari qatori biz — OʻzLiDeP rahbarlari ham kuni kecha muhtaram Prezidentimiz bilan muloqot qildik. Samimiy, ochiq-oshkora kechgan uchrashuvda partiyalarning jamiyatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotidagi oʻrni va rolini oshirish masalalari, bugungi kunda ular oldida turgan asosiy vazifalar haqida atroflicha fikr almashildi. Davlat va jamiyat hayotiga doir keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishda, xalqimiz huquq va manfaatlarini himoya qilishda siyosiy partiyalarning oʻrni kattaligi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari siyosiy partiyalar faoliyati bugungi zamon talablaridan kelib chiqqan holda chuqur tahlil qilinishi zarurligi, ularning ishini takomillashtirish va samarasini oshirish xususida ham fikr-mulohazalar bildirdi. Shundan kelib chiqib, partiyamiz faoliyatiga xolis nigoh tashlash, ayrim muammolar borligini tan olish, ularning yechimini izlash maqsadga muvofiq. Albatta, kichik bir maqolada partiyamizning keng miqyosli faoliyatini tahlil-tadqiq qilish, atroflicha bayon etishning imkoni yoʻq. Binobarin, faoliyatimizning bir necha yoʻnalishi, rejalarimiz va ayrim kamchiliklarni tilga olish bilan kifoyalanaman.
Mamlakatimiz har sohada yangilanish davrini boshdan kechirmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimiz zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarga asoslangan Yangi Oʻzbekistonni qurish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishdi. Bu vazifa bajarilishini yuksak salohiyatli, barkamol yosh avlod ishtirokisiz tasavvur etish qiyin. Shu maqsadda Yangi Oʻzbekistonda kelajagimiz egalarining har jihatdan yetuk boʻlib ulgʻayishiga ulkan eʼtibor berilyapti.
Partiyamiz aʼzolarining qariyb 52 foizi 34 yoshgacha boʻlgan yoshlardir.Shu bois mazkur yoʻnalishda samarador loyihalarni hayotga tatbiq etish asosiy maqsadimizdir. Xususan, yaqinda “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyiliga asosan “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida ishsiz va uyushmagan yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, foydali ishlarga jalb etish boʻyicha yangi partiyaviy loyihalarni amalga oshirishni boshlaymiz.
Shu yil 28-yanvar kuni davlatimiz rahbari Koreya Respublikasi Prezidenti bilan videoanjuman shaklida uchrashuv oʻtkazdi. Unda sanoatni rivojlantirish, zamonaviy AKT sohasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish haqida soʻz yuritilib, muloqot poyonida “Toʻrtinchi sanoat inqilobi” jarayonlarida ishtirok etish, ilgʻor texnologiyalar hayotga tatbiq qilinishiga hissa qoʻshish maqsadida raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik boʻyicha memorandum imzolandi.
Eʼtiborlisi, mazkur yoʻnalish saylovoldi dasturimizda belgilangan eng muhim vazifalar sirasiga kiradi. Ikki davlat hamkorligi partiyamizning bu boradagi ishlarini yangi bosqichga olib chiqadi. Tegishli vazirlik va idoralar, partiya faollari, soha mutaxassislari va ekspertlar bilan birgalikda “Toʻrtinchi sanoat inqilobi”ga oʻtish boʻyicha dunyo mamlakatlari tajribasini oʻrganish va bu yoʻnalishda ish olib borayotgan komissiya faoliyatini takomillashtirish, ishlab chiqilayotgan dasturlarga takliflar tayyorlash boʻyicha ishchi guruh tuzilgan.
Partiyamiz ijtimoiy yoʻnalishda ham bir qancha tadbirlarni amalga oshiryapti. Xususan, ayollar va yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsadida Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi bilan hamkorlikda joylarda “Sportni sev, sport bilan yasha” shiori ostida stol tennisi, kurash, voleybol, basketbol boʻyicha turli musobaqalar tashkil etilmoqda.
Shunday masalalar borki, ular hal qilinishida partiyamiz bevosita ishtirok etishi lozim. Masalan, xususiy sektorda yaxshi mutaxassislar yetishmayapti. Biror mahsulot ishlab chiqarmoqchi boʻlgan tadbirkor yuqori malakali kadrlarga katta ehtiyoj sezmoqda. Bu ehtiyojni bilimdon mutaxassislar tayyorlash, ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish yoʻli bilan qondirish mumkin.
Xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, ularga tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish uchun davlat mulki obyektlarini sotishda byurokratik toʻsiqlar hamon saqlanib qolmoqda. Partiya bu masalaga taalluqli ishlarini yana-da jonlantirishi, yechimlar topish uchun manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda faol ish olib borishi taqozo qilinyapti.
Xalq bilan muloqot qilish, ular bilan mustahkam aloqani yoʻlga qoʻyishda sustmiz. Bu muammo partiyamizda internet, ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlaydigan, AKT texnologiyalarni yaxshi biladigan kadrlar yetishmasligi bilan bogʻliq. Saylov yilida bu kamchilik bizga pand berishi mumkin. Shu bois Murojaatnomada aks etgan vazifalardan kelib chiqib, partiyaning ijtimoiy tarmoqlarda, bosma nashr va veb-saytida saylovoldi targʻibotni kuchaytirish va bunda zamonaviy piar texnologiyalardan foydalanishni koʻzda tutuvchi media-reja ishlab chiqdik. Faoliyatimizga xolis baho berish hamda uni keng yoritish maqsadida faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan jurnalistlarni hamda partiyaga turgʻun blogerlarni jalb qilishni maqsad qilganmiz.
Bugungi kunda mahalliy Kengashlarda 2267 nafar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 53 nafar OʻzLiDePdan saylangan deputatlar faoliyat yuritmoqda. Son jihatdan eng katta deputatlik korpusiga egamiz, lekin vakillarimizning imkoniyat va vakolatlaridan toʻla foydalana olmayapmiz. Deputatlarimizning koʻpchiligi birinchi marta saylangan, ularning muayyan qismini yoshlar tashkil etyapti. Ular oʻz burch va huquqlarini toʻla anglashi uchun siyosiy oʻquvlarni koʻpaytirishimiz zarur. Har oyda partiyaning Siyosiy taʼlim markazi tomonidan deputatlar uchun oʻquvlarni tizimli tarzda tashkil etamiz. Bu oʻquvlar orqali nafaqat deputatlar, balki partiya tashkilotlarining 602 nafar xodimi, 14 mingdan ziyod partiya faoli qamrab olinadi.
Oldimizda jiddiy va dolzarb vazifalar turibdi. Prezidentimiz kuni kecha boʻlib oʻtgan ochiq muloqot ogʻida partiyalarning jamiyatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotidagi oʻrni va rolini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratganliklari, shuningdek, xalqimizning turmush farovonligini yana-da oshirish, ayniqsa kambagʻallikni qisqartirish hamda iqtisodiyotimiz lokomotivlari hisoblangan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash orqali bu sohani yuksak darajada rivojlantirish, odamlarni ish bilan taʼminlash ustuvor vazifa etib belgilangan bir paytda qabul qilinayotgan qonunlar, dasturlar ijrosini nazorat qilish parlament palatalari va mahalliy kengashlar, jumladan, partiyalarga ham katta masʼuliyat yuklashini chuqur his etdik.
Bir soʻz bilan aytganda, uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar, oʻrinli takliflarni faoliyatimizga qisqa fursatda joriy etamiz. Xalq bilan, saylovchilar bilan, partiyamizning har bir aʼzosi, tarafdorlari, xayrixohlari bilan yana-da yaqin boʻlib, yangi-yangi maqsadlar roʻyobi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Zotan, bundan buyogʻiga xalq ishonchini oqlash – birinchi galdagi vazifamizga aylanadi.
Aktam Haitov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring