“Kampirrovot” — ishsizlikdan xoli mahalla
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon viloyatining Xonobod shahridagi “Kampirrovot” mahalla fuqarolar yigʻinida servis xizmati koʻrsatish, tomorqachilikni rivojlantirishdan tashqari forel baligʻini parvarishlash boʻyicha tajriba amaliyotga tatbiq etila boshlandi. Xoʻsh, bundan mahalla ahli qanchalik manfaatdor boʻlmoqda? Shu kabi savollarga javob izlab manzilda boʻldik.
Avvalo shuni aytish joizki, ushbu mahalla respublikamizning eng chekka hududida joylashgan. Qirgʻiziston Respublikasi bilan shundoqqina yondosh manzilda 3,5 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Tan olish kerak, chekka hudud boʻlgani bois ishsizlik masalasi yoʻq emas edi. Qishloq xoʻjaligi va sanoat hududlaridan olis boʻlgan ushbu mahallada oʻz-oʻzini ish bilan band etish daromadga yoʻnaltirishning eng maqbul yoʻlidir. Shu bois aholi tomorqadan unumli foydalanishga astoydil kirishgan. Bu yerda yetishtirilgan malina, kartoshka, bodring, pomidor, qoʻziqoringa Xonobodning oʻzida ham xaridorlar bisyor. Ana shu mahsulot qatoriga endi forel baligʻi ham qoʻshiladi.
Darvoqe, ushbu baliq yurak qon tomir kasalliklariga shifo boʻladi. Uni parvarishlash biroz mushkul jarayon boʻlgani bois mahalliy tilda “Xon baliq” ham deb atashadi. Kislorodga toʻyingan havza uning uchun eng maqbul maskan hisoblanadi. “Kampirrovot” mahallasi shu nomdagi suv omborining quyi qismida joylashganligi bois deyarli har bir xonadonda ariq toʻla suv mavjud. Bu esa forel baligʻini parvarishlash uchun qulay imkoniyat hisoblanadi. Shu bois mahalladagi 24 ta xonadonda tajriba sifatida baliq turini parvarishlashga kirishildi. “Sanam” koʻchasida yashovchi Gulsanamxon Alimova bilan mavzuga doir suhbatlashdik.
— Hovlimiz 20 sotixdan iborat boʻlib, tomorqadan unumli foydalanamiz, — deydi G. Alimova. — Asosan malina, qoʻziqorin yetishtiramiz. Issiqxonamizga bodring va pomidor ekkanmiz. Bundan tashqari, qoʻy, tovuq boqamiz. Toʻgʻrisi, biror joyga ishga kirib ishlashga ehtiyojimiz ham yoʻq. Boisi, uydan chiqmagan holda bir yilda oʻrtacha 100 million soʻm daromad topamiz. Forel baligʻi hisobiga bu koʻrsatkich keskin ortishini kutyapmiz. Sababi, bu biz oʻylagandan ham yuqori natija beradiganga oʻxshaydi.
Gulsanamxon dastlab baliq parvarishiga oid qoʻllanmalar bilan tanishdi. Namangan viloyatidagi baliqchilar bilan suhbatlashib, bu ish qoʻlidan kelishiga ishonch hosil qildi. Shundan keyin hovlisining bir chetidan oqib oʻtuvchi ariq boʻyiga 11 metrli hovuz qurdirdi. Shundan keyin 300 dona baliq chavagʻi tashlandi.
— Har bir ishning oʻziga xos murakkab jihatlari boʻladi, albatta, —deydi Gulsamnamxon. — Baliqni parvarishlashda ham oʻz vaqtida ozuqasini berish, kislorodni nazorat qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Barcha amallarga rioya qilinsa, toʻrt oyda yetiladi.
Ana endi tahlil qilib koʻraylik. Ushbu hovlida baliq parvarishlash uchun xonadon egasi 33 mln. soʻm kredit mablagʻi oldi. Shundan 14 mln. soʻmi hovuz barpo etishga sarflandi. 3 mln. soʻmga 300 dona baliq chavagʻi sotib olindi. Ularni oziqlantirish uchun 16 mln. soʻmlik mahsulot xarid qilindi. Jami xarajat 33 mln. soʻmni tashkil etmoqda. Sotib olingan paytida 100 grammdan iborat boʻlgan baliqlar bugungi kunga kelib 1 kilo tosh bosmoqda. Ayni paytda har bir kilosi uchun 100 ming soʻmdan sotib olishga qaror qilgan xaridorlar mavjud. Biroq uy egasi baliqni 1,5 kilogacha yetishtirish harakatida. Shunda uning daromadi 45 mln. soʻmni tashkil etadi. Demak, uch yil muddatga berilgan kredit mablagʻini shu yilning oʻzida qaytarish bilan bir qatorda 15 mln. soʻm daromad olish imkoniga ega. Bu tajriba davomida erishiladigan natija, xolos. Keyingi bosqichga hovuzni barpo etishga sarflangan mablagʻ ham daromad hisobiga kirishini va bu hovuzda 700 tagacha baliq parvarishlash mumkinligini hisobga oladigan boʻlsak, oilaning yillik daromadi ayrim yakka tadbirkorning daromadidan birmuncha ortib ketishi aniq.
Oʻzbekistonning sharqiy darvozasi hisoblanmish “Kampirrovot” mahallasi garchi, ishlab chiqarish korxonalaridan biroz olisda joylashgan boʻlsada, bu yerda ishsizlar soni mavjud emas.
— Bunga ichki imkoniyatlardan unumli foydalanish evaziga erishmoqdamiz, — deydi mahalla faoli Zulxumorxon Saydullayeva. — Masalan, forel baligʻi parvarishi bilan shugʻullanayotgan 24 nafar fuqarolarning 11 nafarini Rossiya Federatsiyasida ishlab qaytgan mahalladoshlar tashkil etadi. Ushbu yoʻnalishda faoliyat olib borishi uchun ularning 9 nafariga 165 mln. soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratildi. Mahallada aholini doimiy daromadga yoʻnaltirish, ishsizlikka barham berish, qoʻshimcha daromad topish manbaini rivojlantirish maqsadida oʻtkazilgan xatlov davomida 88 nafar fuqarolarning bandligini taʼminlash zaruriyati aniqlandi. Hozirga kelib ularning barchasi daromad manbaiga ega. Buning uchun 144 ta kichik loyihalar ishlab chiqarildi. Shu tariqa hudud ishsizlikdan xoli manzilga aylantirildi. Bu esa, oilalardagi turmush farovonligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Xalqimizda “Qalovini topsang qor ham yonadi”, degan naql bor. Bu ayni “Kampirrovot”liklar uchun topib aytilgandek goʻyo.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring