Kambagʻallikka qarshi global kurash boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi Toshkentda boʻlib oʻtgan xalqaro forumda muhokama qilindi

19:15 04 Iyun 2023 Siyosat
574 0

Toshkentda “Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ilgʻor tajribalarni joriy etish” II Xalqaro forumi oʻz ishini yakunladi.

Forumda 300 dan ortiq ishtirokchilar, jumladan, nufuzli xalqaro tashkilotlar va hamkor davlatlarning 100 dan ortiq taniqli ekspertlari ishtirok etdi.

Anjuman davomida 6 ta tematik panel sessiyalari doirasida keng koʻlamli masalalar muhokama qilindi, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun muammolar va takliflar bildirildi. COVID-19 pandemiyasi, jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik va boshqalar kabi muammolarga qaramay, Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirish sohasida erishilgan yutuqlar qayd etildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Forum ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatini davlatimiz rahbarining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha maslahatchisi Ravshan Gʻulomov oʻqib eshittirdi.

Murojaatda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida yangi bosqichga koʻtarilgan kambagʻallikni qisqartirish borasidagi islohotlar qatʼiy davom ettirilishi alohida taʼkidlangan.

Davlatning ijtimoiy majburiyatlarini toʻliq amalga oshirish, shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish maqsadida kambagʻallikka qarshi kurashning beshta asosiy yoʻnalishi belgilandi.

Birinchidan, xususiy sektor va tadbirkorlik uchun eng qulay sharoitlarni yaratib berish.

Ikkinchidan, “ijtimoiy reyestr” tizimi doirasida kambagʻal oilalarni individual yondashuv asosida manzilli qoʻllab-quvvatlash dasturlarini jadal davom ettirish.

Uchinchidan, nogironligi boʻlgan shaxslar, xotin-qizlar, nuroniylar, alohida eʼtiborga muhtoj aholi qatlamlariga mahallaning oʻzida yuzdan ortiq ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish yoʻlga qoʻyish.

Toʻrtinchidan, aholi oʻzi tanlagan loyihalarga “ochiq byudjet” tizimi orqali ajratilayotgan mablagʻlar hajmini keskin koʻpaytirish.

Beshinchidan, har bir shaxsning sifatli taʼlim va tibbiyot xizmatlaridan foydalanish huquqlarini roʻyobga chiqarishga qaratilgan ishlarimizni tobora kengaytirish.

Forumda Oʻzbekistonning kambagʻallik va tengsizlikka qarshi kurashdagi faol harakatlari yuqori baholandi. 2 million 300 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalar, xotin-qizlar, yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar ijtimoiy himoya tizimi bilan toʻliq qamrab olingani qayd etildi.

Fransiya taraqqiyot agentligi bosh ijrochi direktori Remi Riu taʼkidlaganidek, faol iqtisodiy va siyosiy islohotlar Oʻzbekistonning xalqaro miqyosdagi oʻrni va rolini oʻzgartirdi. Uning aytishicha, Bryussel va Parij kambagʻallikka qarshi kurash atrof-muhit bilan uygʻunlashgan – atmosferaga chiqindilarni kamaytirish, toza ichimlik suvidan foydalanishni yaxshilash bilan bogʻliq boʻlgan mamlakatning yutuqlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda.

2019-yilda Nobel mukofoti laureati, kambagʻallikka qarshi kurash boʻyicha global tashabbus J-PAL hammuassisi, amerikalik iqtisodchi Abhijit Banerji Oʻzbekistonda kambagʻallikka qarshi kurashga qaratilgan islohotlar haqida gapirar ekan, ijtimoiy dasturlar yaratish, aholining kam taʼminlangan qatlamini qoʻllab-quvvatlash maqsadlarini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, qabul qilinayotgan turli dasturlar samaradorligini tushunish uchun qoʻllaniladigan vositalarga eʼtibor qaratdi.

“Bularning barchasi juda qiyin ish, lekin men sizning mamlakatingiz kambagʻallikka qarshi qanday kurashish kerakligini oʻz misolida boshqa mamlakatlarga koʻrsatayotganidan xursandman. Bugun shu yerda turib, men bu mamlakatdagi oʻzgarishlar ruhini his qilyapman va siz bilan birga: «kelinglar, buni qilaylik”, deyishdan faxrlanaman», – dedi nobel mukofoti sovrindori.

Qirgʻiziston Bosh vazirining oʻrinbosari Edil Baysalov bugungi kunda Oʻzbekiston butun Markaziy Osiyoning dvigateli va yuragi ekanligini taʼkidladi.

“2022-yilda Oʻzbekistonda kambagʻallikning kamayishi, ogʻir global vaziyatga qaramay, nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun dunyo uchun shov-shuvli. Biz mamlakatingizdagi islohotlardan mamnunmiz va tajribangizdan saboq olishga tayyormiz. Mamlakatingizda amalga oshirilayotgan islohotlardan mamnunmiz va tajribangizni oʻrganishga tayyormiz. Kuzda bizda shunga oʻxshash tadbir boʻlib oʻtadi, men mutaxassislarni unda ishtirok etishga taklif qilaman. Mamlakatlarimiz rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli bugungi kunda chegaralar toʻliq kelishib olindi, bu Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini sezilarli darajada yaxshiladi”, – dedi Bosh vazir oʻrinbosari.

Forum doirasida Prezident maslahatchisining oʻrinbosari, iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov moderatorligida Oʻzbekistonning kambagʻallikni qisqartirish tajribasini oʻrganishga bagʻishlangan Yalpi sessiya boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev, Pokiston tashqi ishlar va inson resurslarini rivojlantirish federal vaziri Sajid Husayn Turi, Jorj Vashington universiteti qoshidagi Elliot xalqaro aloqalar maktabi professori Jeym Foster, Xitoyning kambagʻallikni kamaytirish xalqaro markazi direktori Lyu Junven, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Konsuelo Vidal Bryus va boshqalar taqdimot qildi.

BMTTDning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska kambagʻallikka barham berish boʻyicha Oʻzbekiston hukumatining kelgusidagi islohotlardagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga qatʼiy qaror qilganini taʼkidladi.

“Biz Oʻzbekiston hukumatining oʻz strategiyalarini mamlakat kontekstiga moslashtirish, aholining eng kam taʼminlangan qatlamlarini qamrab olish, odamlarning ehtiyojlari va imkoniyatlarini tahlil qilish boʻyicha saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga qatʼiy qaror qildik. Shu maqsadda BMTTD Oʻzbekiston uchun koʻp oʻlchovli kambagʻallikni oʻlchashning vositasini ishlab chiqishni qoʻllab-quvvatlaydi. BMTTD inklyuziv ish oʻrinlari yaratish, gender tengligi, inson salohiyati, qishloq taraqqiyoti va albatta, yashil iqtisodiyotga oʻtish va raqamlashtirish orqali kambagʻallikning koʻplab jihatlarini hal etish yoʻlida Oʻzbekistonga hamrohlik qilmoqda”, – dedi BMTTD Oʻzbekistondagi rahbari.

YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade BMT Bolalar jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi bolalar kambagʻalligiga qarshi kurashish boʻyicha kompleks milliy strategiyalarni qoʻllab-quvvatlashga sodiqligini taʼkidladi.

“Yosh bolalarni rivojlantirish, sogʻliqni saqlash, taʼlim va ijtimoiy himoyaga investitsiyalarni birinchi oʻringa qoʻyish juda muhimdir. Buning natijasida Oʻzbekiston demografik imkoniyatlardan foydalanishi va mintaqada inson kapitalini rivojlantirish boʻyicha ilgʻor tajriba namunasiga aylanishi mumkin”, - dedi YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari.

Yalpi sessiya yakunida Abhijit Banerji jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, J-PAL va Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bilan hamkorligi haqida gapirdi.

“Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bilan hamkorlikda ishlab, guvohi boʻlganimiz eng katta ustunlik bu tadqiqotlarga jiddiy yondashuv va ishga boʻlgan sadoqatdir. Koʻrib turibmanki, bu yerda koʻplab mutaxassislar bor, ular kambagʻallikka qarshi kurashishga tayyor va shu bilan birga, mamlakat rahbariyati kambagʻallikka qarshi kurash muhim vazifa ekanligiga qatʼiy ishonadi. Biz esa, oʻz navbatida, ushbu vazifani amalga oshirishga ilmiy yondashuvni taklif qilamiz va oʻylaymanki, tashkilotlarimizning bunday saʼy-harakatlari pirovardida samarali natijalar olib keladi”, – deya xulosa qildi kambagʻallikka qarshi kurash boʻyicha global tashabbus hammuassisi.

Forum yakunida bir qator hamkorlik hujjatlari imzolandi va yangi qoʻshma loyihalar, jumladan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi va J-PAL oʻrtasidagi Hamkorlik memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Forum doirasida xorijlik ekspertlar va hamkorlar Oʻzbekiston hududlariga tashrif buyurishdi, Buxoro viloyatidagi “Madaniyat” mahallasi misolida “mahallabay” tizimi asosida joylarda olib borilayotgan ishlar namoyish etildi. Hududlardagi ishlarni oʻrganish natijalariga koʻra, ekspertlar Oʻzbekistondagi strategiya va davlat dasturlari taʼsirini monitoring qilish va samaradorligini baholash, shuningdek, orttirilgan tajribani rivojlanayotgan mamlakatlarda yanada keng tarqatish maqsadida kambagʻallikni qisqartirishning oʻzbek modelini chuqurroq oʻrganish zarurligini taʼkidladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?