Yoʻlsozlar ishini kvadrotsikllar yengillashtiradi

11:14 12 Dekabr 2024 Jamiyat
132 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro yoʻllardan muntazam foydalanish davlat muassasasiga qarashli trassalarda kvadrotsikllar harakatlana boshladi. Bu turdagi avtoulovlar “Buxoro real moto” masʼuliyati cheklangan jamiyatida maxsus buyurtma asosida tayyorlangan. Kuni kecha ularning dastlabki 9 tasi yoʻlsozlarga topshirildi.

Kvadrotsikllar ikki tonnagacha yukni koʻtarish quvvatiga ega boʻlib, ixchamligi, kamxarjligi bilan ajralib turadi. Ular yoʻllarni taʼmirlash, bu boradagi yumushlarni oʻz vaqtida bajarishda ishchilarga qoʻl keladi. Negaki, hayot harakat xavfsizligini taʼminlash koʻp jihatdan yoʻllarning ravonligiga ham bogʻliqligini koʻrsatmoqda. Istiqbolda viloyat avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasining barcha boʻlimlariga shunday texnika vositasini yetkazish koʻzda tutilyapti.

“Buxoro real moto”ga kelsak, Qorovulbozor tumanidagi mazkur korxonada mana, olti yildirki, “LOCHIN” brendi ostida yuk tashishga moʻljallangan uch gʻildirakli mototsikllar ishlab chiqarilmoqda. Keyingi paytda xorijiy sarmoya kiritilishi evaziga uning sexlari innovatsion texnologik uskunalar bilan jihozlandi. Natijada motokultivator va kvadrotsikllarni ham ishlab chiqarish imkoniyati yuzaga keldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?