Yoʻl harakati: Sohadagi huquqiy boʻshliq va ziddiyatlar bartaraf etiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining “Yoʻllarda inson xavfsizligini taʼminlash hamda yoʻl-harakati qoidalariga yangi tizimlarni joriy etish borasida qonunchilikni takomillashtirish masalalari boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti eshitildi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, avtomobil yoʻllari infratuzilmasi sifatini yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, sohada amaldagi qonunchilikni takomillashtirish borasida ham bir qator ishlar qilinyapti. Xususan, oʻtgan davr mobaynida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning “Transportdagi, yoʻl xoʻjaligi va aloqa sohalaridagi huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik” belgilangan moddalariga 9 marotaba oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan.
Bundan tashqari, yoʻl-harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida 2022-2023-yillarda tizim faoliyatini takomillashtirish va yangi mexanizmlarni joriy etishga qaratilgan 5 ta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori, 10 ta Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan.
Shu bilan birga, koʻrilayotgan chora-tadbirlar, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar koʻlamiga qaramasdan yoʻl-transport hodisalari yuqorligicha qolmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, 2021-yilda sodir etilgan 10 mindan ortiq yoʻl-transport hodislari oqibatida 9230 kishi jarohat olgan boʻlsa, 2426 kishi bevaqt hayotdan koʻz yumgan. Bu koʻrsatkich 2022-yilda 9902 tani tashkil etib, yoʻl-transport hodisalari oqibatida 9606 kishi jarohat olgan, 2356 kishi vafot etgan. 2023-yilning oʻtgan 8 oyida esa sodir etilgan 5772 ta yoʻl-transport hodislari oqibatida 5448 nafar kishi tan jarohati olgan, 1415 kishi halok boʻlgan.
Eshituvda deputatlar ijtimoiy tarmoqlarda yoʻllardagi tartibsizliklar, harakat qatnashchilarining bir-biriga hurmatsizligi, guruh boʻlib tartib-qoidalarni mensimaslik, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etmaslik oqibatida kelib chiqayotgan baxtsiz hodisalar, videokuzatuv kameralariga tushib qolgan yoʻl-transporti hodisalari toʻgʻrisidagi maʼlumot va tasvirlarlar odamlarning xavotirlariga sabab boʻlayotganini qayd etishdi.
Shundan kelib chiqib, Hukumat tomonidan yoʻl-harakati sohasidagi huquqiy boʻshliq va ziddiyatlarni bartaraf etish, sohada yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish, har bir yoʻl-harakati ishtirokchilarining qoidalarga qatʼiy amal qilishini taʼminlash va yoʻl-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladigan qonun loyihasi ishlab chiqilganligi taʼkidlandi.
Eshituvda bugungi kunda yoʻl-transport hodisalarining sababi bilan emas, balki oqibati bilan kurashilayotgani, yoʻl infratuzilmasi sifati yomonligi sababli yoʻl-transport hodisalari sodir etilayotgani, bu borada jarimalarni oshirish bilan masalaga yechim topilmasligi qayd etildi.
Deputatlar Hukumat tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar berdilar.
Yakunda qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring