“Yoʻl bezoriligi”. Toshkentda haydovchi kaltaklandi, uning ayoli homilasini yoʻqotdi

13:34 21 Sentyabr 2025 Jamiyat
183 0

Videodan kadr

Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida “Gentra” bilan yoʻl talashgan BYD haydovchisi yoʻlovchi ayolning homilasi nobud boʻlishiga sababchi boʻldi. Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati mazkur holat yuzasidan maʼlumot berdi.

Bildirilishicha, voqea Yakkasaroy tumani Muqumiy koʻchasida roʻy bergan. BYD haydovchisi yoʻlning qatnov qismida mashinalarning erkin harakatlanishiga qarshilik qilgan holda, yoʻl harakati qoidalarini qoʻpol ravishda buzib, sunʼiy tirbandlik hosil qilgan hamda oʻzidan oldinda harakatlanib ketayotgan “Gentra” rusumli transport vositasi yoʻlini toʻsib toʻxtatgan.

Shundan soʻng u mashina oynasini tepib sindirgan va haydovchisini kaltaklay boshlagan. Bu ham yetmagandek, BYD haydovchisining otasi oʻgʻlining bezorilik harakatlarini oldini olish oʻrniga “samosud”ga sherik boʻlgan. Ota-bola jabrlanuvchi va oʻsha kuni u bilan birga mashinada boʻlgan turmush oʻrtogʻini turli qoʻpol soʻzlar bilan haqoratlab, jismoniy kuch ishlatgan.

Achinarlisi voqea shu bilan tugamagan, “Gentra” haydovchisi mushtumzoʻr ota-oʻgʻilga xotinining homilador ekanini aytib, murosaga kelishni soʻrashiga qaramay ular qoʻpol xatti-harakatlarini davom ettirgan. Eng dahshatlisi esa ushbu voqeadan soʻng jabrlanuvchi ayolning homilasi nobud boʻlgan.

“Yoʻlning oʻng tomonida harakatlanib ketayotgan edim, shundan soʻng qayrilish ishorasini yoqib, chap tomonga oʻtdim. Hech kimga xalaqit qilganim yoʻq, bemalol ketayotgan dim. Keyin orqamdan BYD kelib bir necha bor signal chaldi. Bu vaqtda xotinimning mazasi qochgani sabab sekinroq haydashimni soʻradi. Keyin yoʻlimni toʻsib, oynani sindirdi va urishni boshladi. Xotinim homilador deyishimga qaramay kaltaklashni davom etdi. Gapirishga imkon bermadi. Yuzim va qoʻllarim oyna siniqlaridan shilingan, ayolimning ham qoʻllari shishgan va qoshida ham qaysidir zarba taʼsirida ogʻriq boʻlgan”, deya vaziyatni izohlaydi “Gentra” haydovchisi.

BYD haydovchisi esa voqeani “ozgina kelishmovchilik” deb atab, tugʻilajak farzandidan erta ayrilgan oila va butun Oʻzbekiston xalqidan uzur soʻradi. U shuningdek, mashinada ayol kishi borligini bilmaganini aytgan. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda jabrlanuvchi tashvishli ohangda bir necha bor: “ayolim homilador, ayolim homilador”, deb aytgani aniq va tiniq eshitilgan.

Jahlini jilovlay olmayotgan oʻgʻilini tarbiyaga chaqirish, uni toʻgʻri yoʻlga boshlashga masʼul boʻlgan ota bu vaziyatda kerakli ishni bajarish oʻrniga jinoyatga sherik boʻladi deb kim ham oʻylabdi. Buni ustiga u IIB tergovchilari bilan suhbatda hammasiga goʻyoki “Gentra” haydovchisining oʻzi aybdor boʻlganini aytgan.

“Oʻgʻlim signal chalganida “Gentra” haydovchisi oynadan qoʻlini chiqarib, ozgina haqorat qildi, nimalardir dedi bilmay qoldim. Asosiy ayb menda boʻldi. Pushaymonman”, degan u.

Birgina uzur soʻrash va murosa yoʻli bilan hal boʻladigan holat bu safar kattaroq talafotlarga sabab boʻldi. Shu kuni jabrlanuvchi ayolning homilasi nobud boʻlgan.

Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilar Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan. Olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida jabrlanuvchining homilasi tushgani aniqlangani sababli homilaning tushish sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Bildirilishicha, ekspertiza xulosasi natijasiga koʻra gumonlanuvchilarning harakatlariga qoʻshimcha huquqiy baho beriladi. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер