Senatda “BMT-ayollar” tuzilmasining Oʻzbekistondagi mamlakat dasturiy menejeri bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

09:56 23 Yanvar 2026 Siyosat
296 0

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva “BMT-ayollar” tuzilmasining Oʻzbekistondagi mamlakat dasturiy menejeri Zelixa Unaldi bilan uchrashdi.

Suhbat avvalida Senat Raisi Unaldi xonimni Oʻzbekistonda ushbu lavozimda faoliyat boshlagani bilan tabrikladi.

Uchrashuvda Oʻzbekistonning “BMT-ayollar” tuzilmasi bilan hamkorligining bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, mamlakatda gender tenglikni ilgari surish va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi.

Oʻzbekiston oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni huquqiy himoya qilish va gender tenglikni taʼminlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratayotgani taʼkidlandi.

Bu borada “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va 2030-yilgacha moʻljallangan Gender tenglikka erishish milliy strategiyasini amalga oshirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, har qanday kamsitishlarga yoʻl qoʻymaslikka alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Uchrashuvda 2026-yilda Oʻzbekiston raislik qilayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotini rivojlantirish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Shuningdek, “Gender zoʻravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” kampaniyasi yakuniga doir taklif va tashabbuslar asosida kelgusida dasturlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish yuzasidan ham fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va gender tenglikni rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?