Sertifikati bor koʻchatlar xarajatining yarmi byudjetdan qoplanadi

17:11 23 Yanvar 2026 Siyosat
150 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish uchun mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish zarurligini taʼkidladi.

Yigʻilishda chuqur ixtisoslashgan mahallada turmush farovonligi ancha yuqori, ijtimoiy yordam oluvchilar ham 2 karra kamligi qayd etildi.

Bugungi kunda 903 ta “ogʻir” mahallada 100 ming gektar tomorqa va ijara yerlari bor. Agar hokimlar “yettilik” bilan suv taʼminotini yaxshilab, urugʻ-koʻchat yetkazib, ixtisoslashuvni tizimli yoʻlga qoʻysa, u yerdagi odamlarni daromadida, turmush sharoitida keskin oʻzgarish qilish mumkinligi taʼkidlandi.

Masalan, Nishon tumanidagi Oqoltin mahallasiga nasosda suv chiqarilgani uchun 25-yil tomorqasiga ekin ekmagan 280 ta xonadon 50-60 million soʻm daromad olishni boshladi. Buni uddalagan mahalla aholisi bugun ichki yoʻllar holatini yaxshilashni soʻrayapti. Davlatimiz rahbari ertagayoq bunga 1,5 milliard soʻm ajratishni topshirdi.

“Marhamat, yana qaysi mahalla raisi oʻzi bosh boʻlib, aholi koʻnikmasiga qarab, hududni ixtisoslashtirsa, xonadonlarning daromadini 3-4 karra oshirsa, yoʻl, suv, sugʻorish tarmogʻini yaxshilash uchun yana 2 milliard soʻmdan ajratishga tayyorman.

Bu davlat va mahalla oʻrtasida yangi, oʻziga xos “ijtimoiy shartnoma” tizimi boʻladi”, dedi Prezidentimiz.

Qoʻshimcha qilinishicha, mahallada ixtisoslashuvni ragʻbatlantiradigan qoʻshimcha moliyaviy mexanizmlar ham yoʻlga qoʻyiladi. Xususan, tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklariga:

• sertifikati bor koʻchatlarni sotib olish xarajatining yarmi byudjetdan qoplab beriladi;

• mevaning turiga qarab, “shpaler”lar uchun 20 ming soʻmdan 70 ming soʻmgacha subsidiya ajratiladi;

• tomorqasiga tomchilab sugʻorishni joriy qilganlarga har 1 sotix uchun 160 ming soʻm kompensatsiya toʻlanadi.

Agar usta dehqonlar mahalladagi har 10 ta xonadonda eksportbop mahsulot yetishtirishni yoʻlga qoʻysa, 2 million soʻm, buni tomorqasi bor xonadonlarning kamida 30 foizida qilsa, yana 75 million soʻmdan mukofot oladi.

Joriy yil 2 ming gektar oʻrmon yeri 4 ming kambagʻal oilaga 50 sotixdan tutzor qilish uchun 10-yilga bepul beriladi. Bunda pilla kooperativini tuzish uchun ehtiyojmand oilalarga 4 million soʻmdan subsidiya ajratiladi.

Bundan tashqari, uyida pilla yetishtirish istagidagi ehtiyojmand oilalarga xonani jihozlash va uskuna olish uchun 20 million soʻmgacha foizsiz ssuda beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?