“Agar kelishuvga erishmasalar, ikkalasi ham ahmoq” — Tramp

16:47 23 Yanvar 2026 Dunyo
587 0

Ukrainadagi urushni tugatish masalasida Ukraina, AQSH va Rossiya vakillari 23-yanvar kuni Birlashgan Arab Amirliklarida, Abu-Dabida uchrashuv oʻtkazadi. Bu 2022-yilda Rossiya tomonidan keng koʻlamli bosqin boshlanganidan beri uch davlat vakillari ishtirokida oʻtayotgan ilk uchrashuv hisoblanadi.

Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov Abu-Dabida “xavfsizlik masalalari boʻyicha uch tomonlama ishchi guruh”ning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtishini tasdiqladi. Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham ushbu muzokaralar haqida maʼlum qilgan edi.

AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda uning kuyovi Jared Kushner payshanba kuni kechqurun Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uch soatdan ortiq davom etgan muzokaralar oʻtkazdi. Yuriy Ushakov ushbu suhbatlarni “nihoyatda mazmunli, konstruktiv, ochiq va maxfiy” deb baholadi.

Shu bilan birga, u hududiy masalalar hal etilmas ekan, kelishuvga erishish qiyinligini taʼkidlab, Rossiya Qurolli Kuchlari jang maydonida hujumlarni davom ettirishini bildirdi.

AQSHning urushni tugatish boʻyicha saʼy-harakatlari hozircha jangovar harakatlarni toʻxtatishga olib kelmadi. Ukrainaning Rossiya tomonidan daʼvo qilinayotgan hududlarni berish masalasi muzokaralarda uzoq vaqtdan beri asosiy toʻsiq boʻlib qolmoqda.

Rossiya xalqaro huquqqa koʻra suveren Ukraina hududi hisoblangan hududning qariyb 20 foizini, jumladan Lugansk viloyatining deyarli barchasini hamda Donesk, Xerson va Zaporojye viloyatlarining ayrim qismlarini egallab turibdi. Moskva ushbu toʻrtta hududni toʻliq taslim etish talabini ham ilgari surmoqda.

Maʼlum qilinishicha, Rossiya delegatsiyasiga Bosh razvedka boshqarmasi rahbari admiral Igor Kostyukov, Ukraina delegatsiyasiga esa Prezident devoni rahbarining oʻrinbosari, Bosh shtab boshligʻi Andrey Gnatov boshchilik qiladi. Oq uy hozircha uchrashuv yuzasidan rasmiy izoh bermadi.

Shu kuni Putin Uitkoff bilan uchrashuv oʻtkazar ekan, Rossiyaning uzoq masofali bombardimonchi samolyotlari Boltiq dengizi ustida besh soatlik patrul parvozini amalga oshirdi. Bu diplomatik muzokaralar fonida kuch namoyishi sifatida baholanmoqda.

Davosda oʻtgan tadbirda soʻzlagan Uitkoff muzokaralar taqdiri bir asosiy masalaga bogʻliq ekanini aytdi. Keyinchalik Yevropa rasmiysi CNN telekanaliga ushbu masala hududlar bilan bogʻliq ekanini tasdiqladi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Davosdagi nutqida kelishuvga yaqinlashilayotganini his qilayotganini bildirdi.
— Menimcha, ular kelishuvga erisha oladigan nuqtaga keldi. Agar bunday qilmasalar, ikkalasi ham ahmoq, — dedi u Zelenskiy va Putinni nazarda tutib.

Shu kuni Vladimir Zelenskiy ham Davosda nutq soʻzlab, Yevropa yetakchilarini Trampning Grenlandiya boʻyicha bayonotlariga qarshi chiqqanidek, Putinning urushiga ham qatʼiy qarshilik koʻrsatishga chaqirdi.

Ayni paytda Ukraina Rossiyaning raketa va dron hujumlari oqibatida qattiq sovuq sharoitida isitishsiz qolgan 1 milliondan ortiq aholini elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun kurash olib bormoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?