Izlanish, imkoniyat, qatʼiy tartib – taʼlim jarayonining sifatiga kafolat beradi

14:20 20 Iyun 2024 Ilm-fan
137 0

Yevropa qitʼasi haqida koʻplar orzu qilishadi, u yerdagi mamlakatlar hayoti, iqtisodiy oʻsish, taʼlim uchun yaratilgan imkoniyatlar barchani oʻziga jalb etishi tabiiy. Chunki har qanday rivojlanish bosqichida boʻlgan davlatlar aholisi, xususan, oliy maʼlumotli qatlami uchun uzoq va mashaqqatli iqtisodiy oʻsish pogʻonalaridan oʻtgan va ijtimoiy sohalari ham birdek rivojlangan Yevropa davlatlarida tajriba almashinish juda muhim.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “Taʼlim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2022-yil 21-iyundagi “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi, Finlyandiyaning Oʻzbekistondagi faxriy konsulligi koʻmagida Helsinki, Yuvaskula pedagogika universitetlari va Shvetsiyaning Sodertorn universiteti bilan hamkorlikda xalqaro malaka oshirish kursida ishtirok etish uchun bir guruh hamkasblarimiz bilan 14-29-yanvar kunlari mazkur davlatlarda xizmat safarida boʻldik. Ushbu oʻquv kurslari davomida delegatsiyamiz aʼzolari taʼlim sohasidagi mutaxassislar koʻmagida maktablar va oliy taʼlim tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Taʼlim sifati boʻyicha dunyoning yetakchi mamlakati sanalgan Finlyandiyada maktab bolani mustaqil hayotga oʻrgatishi kerak, deya qabul qilingan tamoyilga asoslanadi. Shu bois ham finlar orasida “Yo hayotga tayyorlaymiz, yoki imtihonlarga. Biz birinchisini tanlaymiz”, degan ibora mashhur. “Oʻz hayotiga oʻzi masʼul!” shiori fin yoshlarini kelajak sari yetaklaydi. Oʻquvchini oddiylikdan murakkablik sari yurishga oʻrgatish, amaliy jihatdan foydali boʻlgan kasbga yoʻnaltirish aynan maktab davridan boshlanadi.

Delegatsiyamiz toʻxtalgan birinchi manzil yaʼni taʼlim muassasalari bu maktablar boʻldi. Qiziqarli jihati, bu yerda maktab faoliyati 3 ta yoʻnalishda olib boriladi: oʻquvchilar bilan bogʻliq barcha masalalar bilan Villages deb nomlanuvchi boʻlimlar va moddiy taʼminot boʻlimlari shugʻullanadi. Ikki ogʻiz Villageslar haqida. Villages – bu alohida boʻlimlar (binolar) boʻlib, ularda 1-2-sinflar alohida, 3-5-sinflar alohida, 6-sinflar alohida va 0-9-sinfgacha maxsus sinflar alohida taʼlim oladigan hududlardir. Villageslarda 90 nafardan 140 nafargacha oʻquvchiga 10 nafar oʻqituvchi va assistent saboq berishadi.

Finlyandiya taʼlimida oʻqishni istagan odam oʻqiydi, degan omil mavjud. Qolaversa, pedagoglar oʻquvchining eʼtiborini darsga qaratishga harakat qilishadi. Har bir oʻqituvchi oʻzi toʻgʻri deb bilgan uslubni qoʻllaydi. Turli zamonaviy texnologiyalar asosiga qurilgan dars sifatiga oʻqituvchi javobgar boʻladi. Eng yaxshi tizimda ham kamchiliklar boʻlishi tabiiy hol, albatta. Shuning uchun ham finlar erishilgan yutuqlar bilan chegaralanib qolishmaydi. Izlanish, imkoniyat, qatʼiy tartib, ishonch va tadqiq har qanday muammoning yechimiga qaratiladi. Maktab taʼlimida imtihonlar yoʻq. Nazorat ishlari va oraliq test sinovlari – oʻqituvchining tanloviga qarab belgilanadi. Umumtaʼlim maktabini tugallashda faqat birgina majburiy standart test oʻtkaziladi. Faqat shu bilan baholanadi oʻquvchilar! Shu va boshqa maʼlumotlar asnosida tashkil etilgan mahorat darslarida hamkasblarimiz Kati va Mariya, Ari Pokkaning taʼlim va dars sifati haqidagi tajribalari qiziqarli boʻldi. Eʼtiborlisi, madaniyat va qadriyat, tarbiya tushunchalari har bir pedagog dars mazmunining asosi ekanligiga guvoh boʻldik.

Tashrifimizning yana bir maqsadi nufuzli oliy oʻquv yurtlari faoliyatini oʻrganish hamda kelgusida mazkur taʼlim muassasalari bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan iborat edi. Men ilmiy va pedagogik faoliyatim davomida dunyoning turli davlatlarida boʻldim va malaka oshirdim. Finlyandiya va Shvetsiyadagi oliy taʼlim tizimining oʻziga xos jihati talabalarga yaratilgan sharoit hamda ularga bilim berishning yangicha yondashuvi va yangicha usullari bizni hayratga soldi. Talabalarda asosiysi bir odat shakllangan: dars jarayonlarida oddiy holatdan murakkablikni koʻra olish va yaratuvchanlik qobiliyatingizni koʻrsata olishingiz lozim.

Xizmat safarimiz mobaynida jahonga mashhur pedagogik taʼlimga ixtisoslashgan Xelsinki va Yuvaskula pedagogika universitetlarida ham boʻldik. Oliygohlarda oʻqituvchilar tayyorlash, bakalavriyat va magistratura oʻquv dasturlari bilan ham yaqindan tanishdik. Bu taʼlim muassasalarida ijtimoiy jihatdan kam taʼminlangan talabalar deyarli yoʻq. Dars har qanday toifa uchun bir xil tarzda, bir xil uslubda tashkil etilgan. Mustaqil taʼlimga eʼtibor katta, oʻzlashtira olmayotgan talabaning oʻzi boʻlmaydi. Ularga turli xildagi stipendiyalar taqdim qilinadi va bitiruvchilar taraqqiy etgan nufuzli kompaniyalardan ish takliflarini qoʻlga kiritadilar.

Yuvyaskula pedagogika universitetda ikki marta mashgʻulotlar tashkil etildi. Universitet qoshidagi Finlyandiya instituti ilmiy izlanish markazi professori, (PhD) Juhani Rautopuro tomonidan xalqaro baholash mezoni, xususan, “PISA”, “IAAC”, “TALIC”, “KAPPAS”, “TIMMS”, “PIRLS”, “ICCS”, “ICILLS” va boshqa tizimlarning oʻziga xosligi, ahamiyati xususida mazmunli maʼruzalar tingladik. Yana bir muhim jihat: baholash dasturlari orqali Finlyandiya taʼlim tizimi dalillar asosida oʻrganilib boriladi va ushbu tahliliy maʼlumotlar tinglovchilarga taqdim etiladi. Maʼruza mashgʻuloti davomida tinglovchilar Finlyandiya va boshqa bir qator davlatlar taʼlim tizimining soʻnggi 20-yillikdagi natijalari va ularning tahlillari bilan tanishishdi. Maʼruza yakunida taʼlim tizimi jumladan, ushbu tizim sifatini baholab borishning yutuqlari va kamchiliklari, bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan masalalar yuzasidan qizgʻin savol-javoblar boʻlib oʻtdi.

Yana bir malakali mutaxassis Arto Ikkonen tomonidan ilmiy tadqiqot hamda axborot-resurs markazlarining onlayn platformalari va ularning tashkiliy tuzilishiga oid maʼruza mashgʻulotida universitetning kutubxonasi hamda oʻquv, ilmiy adabiyotlarni saqlash muzeylari, ilmiy nashrlar, monografiyalar, nashriyot va tadqiqot markazlari, shuningdek, talaba-yoshlar va ushbu bazadan foydalanishni istagan fuqarolar uchun beriladigan bepul onlayn maʼlumotlar platformasi haqida tushunchalar berdi. Jumladan, birgina 2022-yilda universitet olimlari tomonidan 3500 dan ortiq ilmiy resurs yaratilgan boʻlib, ushbu maʼlumotlarning 80 foizi ham yuqoridagi platformaga joylashtirilganligi va bu maʼlumotlardan barcha foydalanishi mumkinligini eʼtirof etildi.

Shuningdek, malaka oshirish rejasiga muvofiq kafedra mudiri Eija Aalto ham sifatli kontent bilan bizni hayratga soldi. Eija xonim Finlyandiya taʼlim tizimi, uning bosqichlari boʻyicha taqdimot oʻtkazdi. Pedagog-xodimlar tayyorlash doirasida dasturlar, talab etiladigan salohiyat va malaka haqida toʻxtalib oʻtdi. Ayniqsa, boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilarini tayyorlashda Yuvaskula universiteti yondashadigan innovatsion va samarador oʻquv dasturlari ishtirokchilar tomonidan qizgʻin muhokama qilindi. Shuningdek, Eija Aalto xonim oʻz taqdimotida pedagoglar tayyorlash va ularning salohiyatlarini oshirish boʻyicha Finlyandiyada keng foydalanadigan 5 bosqichli taʼlim dasturi haqida ham maʼlumot berdi. Bu dastur har bir pedagogik yoʻnalishda yoʻlga quyilgan va talabaga 25 kredit taqdim etadi. 5 bosqichli taʼlim dasturida muloqot va hamkorlik, oʻrganish va yoʻnalish, taʼlim, jamiyat va oʻzgarish, bilish va tajriba, ilmiy fikrlash va bilimdan tashkil topgan.

Shvetsiyaning Stokgolm shahrida Soderton universiteti hamda Boltiqboʻyi mamlakatlari tadqiqot markaziga tashrif buyurdik. Universitet rektori Gustav Amberg va elchixona vakillari tomonidan delegatsiyamiz aʼzolari iliq kutib olindi. Universitet boʻylab tanishuv, dars jarayonlari ishtirokimiz mobaynida koʻplab yangiliklar bilan tanishdik. Olib borilgan muzokaralar davomida Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari va Soderton universiteti oʻrtasida pedagog va oʻqituvchilarni tayyorlash sohasida qoʻshma dasturlarni ishlab chiqish, oʻqituvchi va talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, Shvetsiyada qisqa malaka oshirish kurslarini tashkil qilish, Toshkent va Stokgolmda shaharlarida qoʻshma konferensiyalar va seminarlar oʻtkazish hamda boshqa bir qator yoʻnalishlarda hamkorlik aloqalarini oʻrnatish masalalari muhokama qilindi.Tashrif yakunida Soderton universiteti bilan qator sohalarda hamkorlik qilish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, Boltiqboʻyi mamlakatlari tadqiqot markazidagi shart-sharoitlar, olib borilayotgan ilmiy ishlar va izlanuvchilarning faoliyati bilan tanishishdik. Eng asosiysi, taʼlim sifati boʻyicha markaz tadqiqotchilari bilan tajriba almashdik.

Xullas, taassurotlar bir olam. Oʻrgangan tajribalarimizni amalda oʻzimizning taʼlim tizimimizga tadbiq etsak, koʻzlangan marralarga erishamiz.

Zokir Mehriqulovich Bazarov,

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti

taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер