Ijtimoiy tarmoqlarda eʼtirof etilgan hamshira viloyatning asosiy bayram tadbiriga taklif qilindi
Foto: Xalq so‘zi
Qarshi shahrida 8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan asosiy bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Unga faxriy onaxonlar, xalq xoʻjaligining turli sohalarida mehnat qilayotgan, ilm-fan, sport, sanʼat va ijodda yutuqlarni qoʻlga kiritgan faol xotin-qizlar taklif etildi.
Dastlab Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov yigʻilganlarni bayram bilan tabrikladi. U oʻz nutqida taʼkidlab oʻtganidek, ayolni, onani ulugʻlash, eʼzozlash xalqimizning asriy qadriyatlaridan biridir. Eʼtiborli tomoni, bugun bu qadriyat hukumatimiz tomonidan xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning ijtimoiy muhofazasi, taʼlim olishi va jamiyatda oʻz oʻrnini topishi yoʻlida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarda amaliy tasdigʻini topmoqda.
— Mamlakatimizda xotin-qizlarning muammolari, dardu tashvishlari bilan doimiy shugʻullanadigan adolatli va samarali tizim yaratildi, — deydi Murotjon Azimov. — Xususan, viloyatimizda «Ayollar daftari»ga kiritilgan 60 ming 182 nafar opa-singillarimizga manzilli koʻmak koʻrsatildi. 3 ming 520 nafar xotin-qizga imtiyozli kredit, 2 ming 970 nafariga esa subsidiyalar ajratildi. Uy-joyga ehtiyoji boʻlgan 178 nafar ayolga uy berildi. 2022 yilda amalga oshirilgan mazkur chora-tadbirlar uchun barcha manbalar hisobidan 87 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.
Anʼanaga koʻra, joriy yilda ham jamiyat va davlat hayotida faollik, tashabbuskorlik koʻrsatgan, oʻzining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik hamda bolalik muhofazasiga munosib hissa qoʻshgan, shuningdek, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik hamda istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targʻib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan qashqadaryolik 19 nafar ayol «Moʻtabar ayol» koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Prezidentimiz Farmoniga koʻra viloyatning 5 nafar vakilasi yuksak davlat mukofotlariga munosib koʻrildi.
Tadbirda bir guruh faol xotin-qizlar viloyat hokimligining faxriy yorligʻi hamda esdalik sovgʻalariga sazovor boʻldi. Ular orasida Chiroqchi tumanining eng chekka hududlaridan birida joylashgan oilaviy shifokorlik punktining patronaj hamshirasi Xolbeka Boboqulova ham bor.
Taʼkidlash joiz, bir muddat avval ijtimoiy tarmoqlarda Xolbeka Boboqulovaning 37 yil davomida eshakda yurib chekka qishloq ahliga tibbiy xizmat koʻrsatgani haqidagi lavha tarqalgan va juda koʻpchilik hamshira ayolning matonatini, fidoyiligini eʼtirof etgan edi.
— Bugun hayotimdagi oʻzgacha kun boʻldi, — deydi Xolbeka Boboqulova. — Odamlarga shifo ulashish – kasbimiz. Har qanday vaziyatda ham bemorlarga sifatli tibbiy yordam koʻrsatishimiz kerak. Bundan keyin ham kuchim, imkonim boricha shu yoʻlda mehnat qilaman.
Tantanali tadbirda Vatanni, onani, ayolni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar raqslarga ulanib ketdi.
Jahongir BOYMURODOV, «Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring