Isteʼdod egasi va istibdod qurboni

14:14 16 Fevral 2022 Madaniyat
1168 0

Foto: Халқ сўзи

Oʻzbekning ulugʻlari. Jadidlar

Jadidchilik harakatining yorqin vakillaridan boʻlmish Saidrizo Alizoda 1887-yil 15-fevralda Samarqand shahrining Bogʻishamol guzarida ipakchi-gilamchi savdogar Mirmuhsin oilasida tugʻilgan. Maktab yoshiga yetgach, otasi Saidrizoni guzarida muhojirlikda yashagan ozarbayjonlik alloma Shayx Abulqosim asos solgan yangi usul maktabiga olib boradi. Qisqa vaqt ichida maktabni aʼlo baholarda tamomlagan Saidrizoni Shayx Abulqosim maktabda muallimlik qilish uchun olib qoladi.

Muallimlik davrida u maktab kutubxonasidagi Ozarbayjon, Eron va Hindistonda chop etilgan gazeta va kitoblarni muntazam oʻqib borgan.

Maktabda bir muddat ishlagach, oliy taʼlim olish uchun madrasaga oʻqishga kirgan va olti yil tahsil olgan. Uni tamomlagach, Samarqand shahridagi Demurov nomidagi bosmaxonada harf teruvchi, soʻngra rus va oʻzbek tilida chiqadigan “Samarqand” jurnalida musahhih boʻlib ishlagan. Shu tariqa rus tilini yaxshi oʻrgangan, rus adabiyoti bilan ham yaqindan tanishgan.

Saidrizo Alizoda 1914-yilda Mahmudxoʻja Behbudiy bilan hamkorlikda “Samarqand” gazetasi, keyinchalik “Oyina” jurnalini tashkil etadi. Ularning sahifalarida Samarqanddagi maktab hamda madrasalardagi eskicha oʻqitish tizimini keskin tanqid qilib, taʼlim tizimini isloh etish boʻyicha maqolalar eʼlon qilib boradi. Jumladan, gazeta va jurnal sahifalarida Afgʻonistonda chiqadigan “Siroj-ul axbor” gazetasida mashhur siyosiy arbob, taniqli adib Mahmud Tarziy tomonidan yozilgan afgʻon yangi usul maktablaridagi muammolarga bagʻishlangan maqolalarni koʻrsatish orqali Samarqand jadid maktablarida darsliklarning yetishmasligi, imtihon olish jarayonidagi chopon kiydirish kabi kamchiliklarni tanqid qiladi. Ularni bartaraf etish boʻyicha taklif va tavsiyalar beradi. “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnalining “Telegraf xabarlar” sahifasini oʻz hisobidan chiqartiradi. 1917-yildan “Hurriyat” gazetasida tarjimon va muxbir boʻlib ishlaydi.

1919-yili Turkiston hukumati huzurida respublikadagi tojiklar, eronliklar va afgʻonlarni birlashtirgan fors boʻlimi tashkil etilgach, Saidrizo Alizoda bu boʻlimga boshliq qilib tayinlangan. Boʻlim haftalik “Sharq mashʼali” jurnaliga asos solgan va 1919-yil 7-martda Saidrizo Alizoda ushbu jurnalga muharrir etib tayinlangan. 4 ming nusxada chiqqan jurnal Turkiston, Kavkazortidan tashqari, Afgʻoniston, Eron, Turkiya, Hindiston va qator arab mamlakatlarida tarqalgan edi. Jurnal sahifalarida Saidrizo Alizodaning oʻlka ahlining erkin hayotga tashna orzu-umidlari oʻz ifodasini topgan maqola va sheʼrlari eʼlon qilib borilgan.

U 1922-yildan boshlab “Zarafshon” gazetasida boʻlim mudiri boʻlib ishlagan. Muharrirlik qilish bilan bir paytda, “Turkiston xabarlari”, “Kambagʻallar oʻqi”, “Hurriyat”, “Mehnatkashlar tovushi”, «Buxoroi sharif», “Turon”, “Samarqand ovozi” gazetalari, “Mashrab”, «Mulla Mushfiqiy» jurnallarida maqolalar chiqarib turgan. Tanqidiy maqolalari va felyetonlarini Bahlul, Zambur, Ranjbar, Bogʻishamoliy, Shapaloq, S.A. kabi taxalluslari bilan berib borgan.

Samarqandda tojik tiliga ixtisoslashtirilgan maktab ochib, kambagʻal oilalarning farzandlariga taʼlim bergan Saidrizo Alizoda oʻquvchilar uchun “Sarfi arab”, “Turkiy alifbo”, “Tarix”, “Jugʻrofiya”, “Riyoziyot”, “Handasa”, “Tabiat”, “Din vojiblari”, “Nizomnoma”, “Badan tarbiyasi”, “Ilmi fazo” singari oʻn bitta darslik yozgani maʼlum. Bu darsliklar boshlangʻich sinflar uchun tayyorlangan boʻlib, oʻquvchilar ular orqali savod chiqarishdan tortib, aniq va tabiiy fanlar boʻyicha yetarlicha bilim hamda koʻnikmalarga ega boʻlgan. Saidrizo Alizoda oʻzbek maktablari uchun “Birinchi yil” alifbosini yozib, Samarqanddagi yangi usul maktablariga bepul tarqatganini alohida taʼkidlash joiz. Maktabchilik va darsliklar yozishdan tashqari shaharda yashovchi ruslar uchun kechki kurslar tashkil etgan hamda ularga oʻzbek va tojik tillarini oʻrgatgan.

Saidrizo Alizodaning ozarbayjonlik mutafakkir Abdulla Shoyiq bilan birgalikda yaratgan “Yangi ozarbayjon alifbosi” Ozarbayjon maktablari uchun qimmatli darslik sifatida foydalanilganiga ham urgʻu berish lozim.

Maʼrifatchi jadid lugʻat tuzish ishlari bilan shugʻullangan hamda 1933-1934-yillarda 61 ming soʻzdan iborat ikki jildlik ruscha-tojikcha lugʻatini nashr ettirgan boʻlib, unda koʻplab kasbiy va ijodiy atamalar, uy-roʻzgʻor buyumlari nomlari, ilmiy va adabiy nomlar oʻrin olgan.

Saidrizo Alizodaning yangicha qarash va intilishlari, eng muhimi, bu boradagi aniq-tiniq ishlari yurtdan tashqarida ham dovruq topgani yaxshi maʼlum. Uning nabirasi Farhod Alizodaning aytishicha, mutafakkir Afgʻoniston hukmdori Omonullaxon farmoni bilan fors tilida tarix va islom diniga oid “Asri saodat”, «Murosilot-maktubot», “Odobi ikrom”, “Tarixi islom”, “Tarixi Turkiston”, «Qonuniyathoyi diniy», “Madaniyati islom”, “Zarurati islom”, «Fan dar borayi koinot» kitoblarini yozgan va ular 1923 — 1933-yillarda Pokistonning Lohur shahrida nashr etilgan.

Saidrizo Alizoda tarjimonlik sohasida ham samarali mehnat qilgan ziyolilardan sanaladi. U rus adiblari Aleksandr Pushkinning «Dubrovskiy», “Kapitan qizi”, «Yevgeniy Onegin» asarlarini, Fyodor Gladkovning “Sement”, Nikolay Ostrovskiyning “Poʻlat qanday toblandi”, amerikalik yozuvchi Sinkler Eptunning “Yuz foiz”, Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” asarlarini tojik tiliga tarjima qilgan. Afgʻonistonning mashhur siyosiy arbobi va taniqli adib Mahmud Tarziy bilan birgalikda Jyul Vernning “Yer yuzi boʻylab 80 kunlik sayohat” asarini fors tiliga oʻgirgan. Shuningdek, Abu Ali ibn Sino, Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Fuzuliy, Alisher Navoiy asarlarini rus tiliga tarjima qilgani tahsinga sazovordir. Saidrizo Alizoda Eron va Afgʻonistondan Turkistonga kelgan ziyolilar bilan samarali hamkorlik qilgan. Xususan, Eronning mashhur pedagogi Malikushshuaro Bahor bilan yangi usul maktablari faoliyatini tashkil etish boʻyicha yozishmalar olib borgani maʼlum.

1933 — 1937-yillarda Samarqand davlat universitetida arab va fors tillaridan dars bergan, butun umrini millat hamda yurt roʻshnoligi, yangicha qarash va bilimlarga ega avlod tarbiyasi uchun bagʻishlagan oʻzbekning ulugʻini mustamlakachilar koʻzdan qochirishlari mumkin emasdi. Ular Saidrizo Alizodani 1937-yili Samarqand davlat universitetida yoshlarga dars berib turgan xonaning oʻzidayoq qoʻlga olganlar. Oʻz odatlariga koʻra, uni josuslikda ayblab, qamoq jazosiga hukm qilishadi. Oldiniga Samarqand, soʻngra Toshkentda, keyinroq Tobolsk va Vladimirda 8 yil qiynoqlar ostida tutqunlik azobini tortgan Saidrizo Alizoda 1945-yil 24-dekabrda Vladimir qamoqxonasida sil kasalidan vafot etadi. 1987-yili nabirasi Farhod Alizodaning saʼy-harakati bilan marhumning xoki Vladimirdan oʻz yurtiga olib kelingan hamda Samarqanddagi “Panjob” qabristoniga dafn etilgan.

Butun umrini ziyo tarqatish, maʼrifatchilik ishiga bagʻishlagan Saidrizo Alizodaga mustaqillik yillarida barcha jadid ziyolilari qatori munosib hurmat koʻrsatildi. U yashagan uy muzeyga aylantirildi va hayot yoʻlini ochib beruvchi koʻrgazmalar hamda ilmiy merosi bilan boyitildi. Samarqand shahri koʻchalaridan biriga va shahardagi 14-maktabga Saidrizo Alizoda nomi berildi. Galdagi burchimiz esa el-yurt kuyinchagi, jadidchi bobomizning maqola, risola, darsliklari — ilmiy merosini “Tanlangan asarlar” tarzida chop etish, uning fidoyilikka yoʻgʻrilgan umri va ishlarini yosh avlodga namuna qilib koʻrsatishdir, albatta.

Dilnoza JAMOLOVA,

OʻzRFA Tarix instituti doktoranti,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер