Isroil Gʻazoni bosib olish uchun hujum boshladi. Hududga 20 daqiqa ichida 37-marta zarba berildi. Hozirgacha nima maʼlum?

09:35 16 Sentyabr 2025 Dunyo
79 0

Foto: Reuters

Isroil mudofaa kuchlari Gʻazoni bosib olish maqsadida hujum boshladi. “Axios” portalining yozishicha, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Isroil operatsiyasini qoʻllab-quvvatlagan, biroq uni imkon qadar tezroq yakunlashga chaqirgan.

Operatsiyaning ilk 20 daqiqasida Gʻazoga 37-marta zarba berdi. Zarbalar seriyasida vertolyotlar ham ishtirok etdi. Shahar aholisining xabar berishicha, Isroil harbiylari portlovchi moddalar bilan toʻldirilgan robotlardan foydalangan. Bundan tashqari, “Apache” vertolyotlari havoda aylanib, vaqti-vaqti bilan oʻq uzmoqda.

20 daqiqada oltmish nafardan ortiq odam halok boʻldi

Ayni paytda Isroil zarbalari oqibatida 60 nafardan ortiq odam halok boʻlgani maʼlum. Gʻazodagi bir qancha turar-joy binolari va eng baland minora ham zarar koʻrgan.

“Al-Jazira” telekanali xabariga koʻra, Isroil havo kuchlarining shahar shimolidagi binoga uyushtirgan zarbasi oqibatida kamida sakkiz kishi halok boʻlgan.

Avvalroq Isroil Yamanga zarbalar bergan edi. Poytaxt Sana va Al-Javf viloyatiga berilgan zarbalar oqibatda kamida 35 kishi halok boʻlgan.

Isroillar ushbu operatsiyaga qarshi

Isroil mudofaa kuchlari operatsiyasiga qarshi namoyishchilar Quddusdagi Bosh vazir Benyamin Netanyahu qarorgohi oldida chodirlar qurdilar. “Ynet” portaliga koʻra, huquq-tartibot idoralari xodimlari bosh vazir qarorgohidan 300 metr radiusdagi hududni oʻrab olishgan. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Netanyahuning oʻzi binoda yoʻq.

“Bosh vazir oilalarning kelayotganini eshitdi va qochib ketdi”, — deydi namoyishchilardan biri.

Shu yilning avgust oyida Tel-Aviv va Isroilning boshqa shaharlarida ham Bosh vazirning Gʻazoni bosib olish rejalariga qarshi norozilik namoyishlari boʻlib oʻtgandi.

“Times of Israel” nashrining yozishicha, minglab isroilliklar koʻchalarga chiqqan. Namoyishchilar orasida Gʻazoda qolgan garovga olinganlarning ota-onalari ham bor. Ular Netanyahuning operatsiyasi yaqinlari uchun oʻlim jazosi boʻlishiga ishonishadi. Eng yirik norozilik namoyishi Tel-Avivda boʻlib, unda kamida 10 000 kishi qatnashgan edi.

Oldinroq, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili Kaya Kallas Yevropa Ittifoqi Gʻazoda sodir boʻlayotgan voqealarni toʻxtata olmasligini, chunki Amerika Qoʻshma Shtatlari Isroil rasmiylarining harakatlarini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashini aytgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер