“Islohotlar amalda”: “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ tomonidan qanday loyihalar amalga oshirilmoqda?

03:26 12 Iyun 2025 Jamiyat
190 0

Foto: Davronbek Ernazarov / “Xalq soʻzi”

Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Islohotlar amalda” mavzusida joriy yilning 11-12-13-iyun kunlari press-tur tashkil etilmoqda. Mazkur press-turning birinchi kunida “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ Samarqand markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Foto: Davronbek Ernazarov / “Xalq soʻzi”

Tadbirda qatnashchilar geologiya qidiruv sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan respublika mineral-xom ashyo bazasi rivojlantirilishini taʼminlashga qaratilgan vazifalar ijrosi bilan yaqindan tanishtirildi.

Foto: Davronbek Ernazarov / “Xalq soʻzi”

Xususan, kompaniya bugungi kunda zamonaviy va yuqori samarali uskunalar, ilgʻor texnika va innovatsion texnologiyalar orqali hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini jadal amalga oshirib kelayotgani alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, oʻtgan davrda yer qaʼrini geologik oʻrganish, foydali qazilma maydonlarida geologik-qidiruv ishlarini tashkil etish, rangli va qimmatbaho metallarning istiqbolli maydonlarini topish uchun ilmiy-tematik ishlar, bashoratli resurslar hamda mavjud maydonlarning mayda, oʻrta va yirik masshtabli geologik xaritalarini yaratish orqali respublika mineral-xom ashyo bazasini kengaytirishga eʼtibor qatilayotgani qayd etildi.

Foto: Davronbek Ernazarov / “Xalq soʻzi”

Keltirilishicha, 2025-yil davomida 100 dan ortiq loyiha doirasida qidiruv ishlari rejalashtirilgan. Dastur doirasida oltin, kumush, mis, qoʻrgʻoshin, rux, volfram kabi rudali foydali qazilmalar hamda norudali minerallar – qurilish materiallari va kimyo sanoatida qoʻllaniladigan resurslar boʻyicha ham ishlar olib borilmoqda.

Foto: Davronbek Ernazarov / “Xalq soʻzi”
Foto: Davronbek Ernazarov / “Xalq soʻzi”

Kompaniya zamonaviy burgʻilash uskunalari orqali 1200–1900 metr chuqurlikkacha burgʻilash ishlarini bajarmoqda. Avval namunalar faqat 50–60 foiz darajada olinayotgan boʻlsa, hozirgi texnologiyalar yordamida bu koʻrsatkich deyarli 100 foizga yetkazilgan. Bu esa tahlillar aniqligini oshirib, yoʻqotishlarni kamaytiradi.

Foto: Davronbek Ernazarov / “Xalq soʻzi”
Foto: Davronbek Ernazarov / “Xalq soʻzi”

Shu bilan birga, jamiyat zamonaviy laboratoriyalar bilan jihozlangan boʻlib, hozirda kimyoviy elementlar soni ham oshib tahlil jarayonlari 60-70 ta elementdan oshgan. Bu noyob yer elementlari va kamyob metallar boʻyicha aniq, sifatli maʼlumotlarni olishga xizmat qiladi.

Foto: Davronbek Ernazarov / “Xalq soʻzi”
Foto: Davronbek Ernazarov / “Xalq soʻzi”

Maʼlumot uchun, 2021-yil 21-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-5083-son qaroriga asosan, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzurida “Oʻzbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Ushbu tashkilot 2021-yil avgust oyida geologik qidiruv ishlari sohasida xizmat koʻrsatish maqsadida faoliyatini boshladi.

Muhsin Umurzoqov,

Davronbek Ernazarov,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер