Ishsizlikdan qiynalgan ayol bugun ish beruvchiga aylandi

11:24 05 Sentyabr 2024 Jamiyat
97 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Eshonobod” MFYda istiqomat qiluvchi Anya Boʻronova oʻzi istiqomat qilayotgan xonadonda gulchilikka asos solgan.

— Uzoq yillar xorijda mehnat qildim, — deydi u biz bilan suhbatda. — Soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ishlardan ruhlanib, ona qishlogʻimga qaytishga qaror qildim. Bundan uch yil muqaddam hovlimda gulchilik bilan shugʻullana boshladim. Avvaliga oila aʼzolarim yordam berdi. Hozirda mahallamizdagi 10 nafar ishsiz ayollarni doimiy daromad manbaiga ega qilganman. Bundan tashqari, bir nechta oilalarga gulchilik sir-sinoatlarini oʻrgatib, tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun yordam bermoqdaman.

Shu tariqa kechagina ishsizlikdan daromad izlab xorijga ketgan ayol bugun oʻzi ish beruvchiga aylandi. Ularning koʻmagi bilan bir yilda oʻrtacha 50-60 ming dollar miqdorida daromad topmoqda.

— Yurtimizning eng chekka hududida faoliyat olib borayotganligim uchun xaridor topishda biroz muammo boʻldi, — deydi qahramonimiz. — Ijtimoiy tarmoq orqali oʻz sahifamni ochdim. Bu yerda sotuvga qoʻyilgan gullarni targʻib qilish bilan bir qatorda, parvarishlash boʻyicha onlayn mashgʻulotlarni yoʻlga qoʻydim. Natijada, respublikamizning barcha viloyatlaridan, shuningdek, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Tojikiston Respublikalaridan ham xaridorlar kela boshladi. Misol uchun, soʻnggi haftada Tojikistonlik xaridorlarga 10 ming tup gul koʻchatini 30 million soʻmga sotdik.

Anya Boʻronovaning tadbirkorlik faoliyati mahalliy hokimlik vakillarining eʼtiborini tortdi. Moʻjazgina tomorqasida 200 turdan ortiq 500 ming tup gul koʻchatlarini parvarishlayotganligi koʻrib, bir gektar yer maydoni ajratishga qaror qilindi.

— Yangi manzilga koʻchsak, Gollandiya, Xitoy davlatlaridan noyob gul koʻchatlarini olib kelib, mahalliylashtirmoqchimiz, — deydi gulsevar Anya Boʻronova. — Buning uchun 20 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi. Shu orqali viloyatimizda namunali ekobogʻ tashkil etishni niyat qilganmiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер